Muallif: Rahimjon Otayev (Otauli)
Zamona zayli
Doston
Qaro ko'zum ,kelu mardumlig' emdi fan qilg'il,
Ko'zum qarosida mardum kibi vatan qilg'il.
Alisher NAVOIY
Birinchi bob
1
Shahar markazidagi oshhonaning hilvat go'shasida odatdagidek kichik bir davra jam bo'ldi. Laqqa, Hipchabel, Nahang, Makra… Ular Cho'rtanboyni betoqatlik bilan kutishardi. Nihoyat, Cho'rtanboy qirib keldi-da, to'rga o'tib amr qildi:
- Qani, keltirilsin!
Laqqa bilan Hipchabel o'rnidan irg'ib turib, tashqariga otildi. Zum o'tmay do'rg'ov laganlar liq to'la mantini dasturhonga qo'ydilar. Avval Cho'rtanboyning biqqi qo'li, keyin boshqa uzun -qisqa qo'llar laganlarga cho'zildilar qo'y yog'i-qo'y go'shtiga bo'lgan issiq mantining hushbo'y hidiga yangi qaymoqning bo'yi qo'shilib, ishtahani qo'zg'ab yubordi. Ko'z ochib yumguncha har ikki laganning change chiqib, rangi o'chdi, navbat choyho'rlikka keldi. Cho'rtanboy achchiqqina ko'k choyni ho'plab turib, tag'in buyurdi:
- Chuchvara tugishdan murod go'sht yeyish bo'lganidek mantiq ilmidan murod ham mantiq to'yishdir! Mantini yedik endi mantiqqa o'taylik! Qani, kimda qanday yangi gap bor? Bugun faqat Ahmadali haqida eshitmoqchiman. Ishhonasida nima gap bu jipiriqining?!
Nahang katta og'zini kappa - kappa ochib o'rnidan turdi:
- Aytganingizdek, biqinginasida o'tiribman. Choy bersam - bir qultum ichmaydi. Shirinlik bersam - dona yemaydi. Hushluqum luqmalarini aytmasayam bo'ladi. Oldiga ne-ne jononlar kelib qilpanglasa, pinagini buzib qo'ymaydi, qarang. Bilmadim, bu padarkusurda baloyi nafs yo'qmi! Ochig'i, bunaqangi hunasani birinchi ko'rishim! Ilgak tashlab ilintirib oladigan biror joyini topolmay hunobdaman-da, hudo haqqi!..
Cho'rtanboy Nahanga "O'tir-e, lapashang!" degandek istehzoli qarash qilib, Makraga ko'z tikdi. Makraning shahlo ko'zlari avvaliga mastona suzilib, keyin o'ynoqlab o'rnidan turdi:
- Bilasizlar, o'sha la'nati bilan ko'p yillardan buyon qo'shniman. Ayniqsa, keyingi paytlarda uyiga na quloq tutib, na burun suqib bo'ladi. Ilgarilari biron yig'ini bo'lsa, o'zi chaqirib chiqardi, hozir o'zim kirmoqchi bo'lsam, ichkariga qo'ymaydi. Shundoqqina tepasida yashab, o'sma qo'yib o'tiraman qani, bir qavat ko'tarilsa, he, sadqa-I yigit ket-e, deyman.
Cho'rtanboyning ensasi qotib ijirg'andi:
- Sening qirq eshakka yuk bo'lgulik makring ish brmayotagan bo'lsa, buyog'i dumihurjun ekan! - Shunday deya laqqaga ko'z tikdi: - Ho'p, bu Eshmat hamkasb, Toshmat qo'shni ekan ho'sh, sen-chi, sen Ahnadalining tug'ishgan ukasi! Senda nima gap bor? Laqqa ko'zlari bejo harakatlanib o'rnidan turdi:
- Kuni kecha akamning uyiga borsam, ho ishoning, hoh ishonmang, meniyam kiritishmadi. Qizlari "Dadam uyda yo'q" deydi. Biroq bilib turibman, aslida uyda. Sim qoqsam, qizlari yana o'rtaga to'g'anoq bo'lib, gaplashtirmayapti. Endi sihhonasiga borsammi, qaydam?..
Cho'rtanboy ichida "He, laqqa bo'lmay ket, lattachaynar!" deb o'ylagancha andak jim qoldi. Pihi qayrilgan uchta iskovuchning holi shu bo'lgach, anovi churvaqalardan nima gap chiqadi! Bu tekintomoqlarga yog'liqqina manti tugul, obijo'sh ham hayf aslida!..
- Ho'-o'sh! Bu qandoq gap bo'ldi?! Bittagina odammi damini chiqarmay o'ldirish shunchalik qiyinmi?! Nahotki hech biring shu Ahmadalini, mayli, o'ldirma, yashasin, aqalli es-hushidan begona qilib qo'yolmasang?! -Keyin o'zicha fotiha qilgan bo'ldi: - Luqmani yutish bilan ish bitmaydi, yutilgan luqmani halollab hazm qilish kerak!..
2
Ahmadali Amerika Qo'shma Shtatlarida tahsil ko'rib, nihoyat, universitet diplomini qo'lga olgan yolg'iz o'g'li bilan telefonda gaplashib bo'lgach, go'shakni joyiga qo'ydi. Huddi shuni kutib turgandek, qo'ng'iroq tag'in jiringladi. Ota-o'g'ilning suhbatini yondosh telefonda jon qulog'i bilan eshitib turgan hotini-yu qizlariga savol-omuz tikildi: yana kim bo'ldi ekan? O'rtancha qiziga "sen ol" degan ma'noda ishora qildi-da, o'z honasiga yo'naldi. Yashasin! Ummon ortidagi yolg'iz o'g'lining bakalavrlik hujjati, nihoyat, qo'lida! Bu g'alaba bilan har qancha fahrlansa arzidi! Bor ekansan-ku, ota o'g'il! Mana, Hudoga shukr, oilasida uchinchi, o'zi tarbiyalab voyaga yetkazgan ikkinchi malakali mutahassis! Mutahassis bo'lganda ham, aniq fanlarning shohi - AQSHda tahsil ko'rgan mutahassis! Yashasin mantiqshunosning matematik o'g'li…
Eshik oldida kichkina qizini ko'rib, hayajonini bazor jilovladi:
- Nima deysan, qizim.
- Turkistonlik qarindoshimiz chaqirvotila!
Hozir hech kim bilan gaplashishga hushi yo'q - o'zi shodligidan faqat o'zim huzurlansam derdi. Qizchasining boshini silab erkaladi:
- Oyinga aytaqol qizim.
- Oyim sizni gaplashsin devottila!
Shu topda qistalang bo'lgan kim ekan? Ham taajub, ham hadik-havotir bilan dastakni qulog'iga tutdi. Allaqanday ayol turkistoncha shevada hol so'ray ketdi:
- Yahshi yuribsilami, yezna, Gavhar yahshimi, bola - chaqalar… Omonchilikmi? Silarni sog'inib…
Daf'atan yuragi siqildi. Shunda ham sir boy bermay hushmuomala bo'lishga urindi:
- Kechirasiz, ovozingizdan sizni tanimayroq turibman?..
Go'shakda so'zlar buloqdek qaynadi:
- Voy, men Minashman,yezna, Gavharning ammasining o'g'lining hotini. Gavharniyam ko'rmaganimgayam ko'p bo'luvdi, shunga sog'inib…Uylaringizga qanday borsa bo'ladi yezna, tushuntirib aytingchi?..
Ahmadali nima deyishni bilmay narigi telefonni qulog'iga tutib turgan hotiniga malollanib qaradi. Gavhar kafti bilan dastakni tutib shivirladi: "O'zingiz bir amallab javob qiling, man uyda yo'qman!" Demak, tushunarli: hoynahoy qarindosh qiyofasida oilasiga suqilib kirmoqchi bo'lgan navbattagi iskovich! Bu itlardan tinchlik bormi - yo'qmi o'zi?! He-e, shu telefonni o'ylab chiqargan olimdan ham o'rgildim!
Sohta takallufga chek qo'yib, ko'ndalang savolga o'tdi:
- Gavharhon bilan yigirma uch yildan beri birga yashaymiz… Meni hech ko'rmaganmisiz o'zi?
Ayol - ayol emas - bez, so'zi - miltiqning o'qidek ekan, tagdor savolga og'rinish tugul pinagini ham buzmadi:
- Ko'rmaganman, yezna, endi ko'rmoqchiman-da! Bir shaharda yashab turib, Gavharniyam ko'rmaganimga ancha bo'ldi. Shunga sog'inib… o'zi uydami, chaqiring, yezna?..
- Gavhar uyda… - dediyu qo'l tebratgancha tashqariga ishora qilayotgan hotiniga ko'zi tushib, apil- tapil qo'shib qo'ydi: - emas edi! Qo'shninikiga chiqib ketuvdi. Nima deb qo'yay , singlim? - Ho'p, meni -ku mutlaqo ko'rmagan ekansiz, Gavharga qachondan beri ko'zingiz uchyapti , qarindosh?..
Savol zaptidan "suhbatdoshi" endi andak esankiradi:
- O'n yildan oshdi-yov, menimcha… Shunga sog'inib… - Darrov o'zini tutib olib, dadillashdi. - Siz uyingizga borar yo'lni aytavering-chi, ezna?..
Ahmadali o'zining ellik uch yillik umrida ko'pdan-ko'p ezma-hiralarni ko'rgan, lekin bunaqa yopishqoq elimga uchramaganidan toqati toq bo;ldi, zardasi qaynadi:
- Shahar markazidagi shu uyda yigirma yil yashab, Gavharhon bilan to'rt bolani oyoqqa qo'ydik Hudoga shukr… Uyimizni hwch ko'rmaganmisiz?
- Ko'rmaganman?
- Endi ko'rgingiz kelyaptimi?
- Ha, juda-juda ko'rgim kelyapti! Qani, ayting, qayerda, qanday boriladi?..
Ahmadali birgina savol bilan uzoqqa cho'zilgan nnohush suhbatga uzil-kesil chek qo'yishga urindi:
- Shartmikin shu?..
Quloq tutib qarasa, suhbatdoshi bu savoliga ham javob berib, hiralikni battar avjiga chiqaryapti! Bas, etar! Aftidan, hushmuomalalik, yuz-hotir bilan ish bitmaydiganga ohshaydi. Buyog'iga bo'ralatib so'kish va yo "Bor, toshingni ter!" deyishi qoldi holos.
Muhimi hayajonlanmaslik kerak! Bir odam uchun etib ortgulik darajada hayajonlanib bo'lgan! Asabbuzarlik mashqlariyu asab bilan o'ynashish hunarlari- son mingta, lekin yurak bor-yo'g'I bitta, ahir. Bittagina! Ne-ne dahanaki jang-jadallardan omon chiqqan asabini o'ynatish… shunga qoldimi endi?!
Garchi asabi ich-ichidan qaqshab turgan bo'lsa-da zohiran o'zini loqayd-beparvo tutib, dastakni joyiga qo'ydi. O'z honasiga yo'naldi. Yozuv stoli qoshiga o'tirib, derazaga ko'z tikdi. Haligina ufqda yonboshlab turgan quyosh ko'zdan berkinib, bir pasda atrofga shom qorong'uligi cho'ka boshladi. Shu pallada u bir kunga bo'lsa-da quyoshdan ajralish nega buncha og'ir-a?.. deb o'yladi.
3
Falsafa va huquq institutining direktori, akademik Hamidulla Hudoyorov prezidium yig'ilishidan chiqib dala hovlisiga qaytar ekan, o'zini ancha engil his qildi. Hizmat mashinasi ham baayni oqqushdek engil uchib, tilla baliqchadek engil suzmoqda! Hudoga shukr, keyingi yillarda institutdagi ishlari joyida, o'ziyam yomon yashamayapti. Yashab to'ymaydigan, ishlab charchamaydigan dorilamon zamon keldi. Avvaliga halqaro huquq masalalariga doir nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari, savil qolib yotgan boshqa qo'lyozmalari birin-krtin yorug'likka chiqdi. Mana, besh yildirki, falsafa va huquq institutini boshqaryapti. O'ylaydiki, yahshi boshqaryapti! Roppa - rosa qirq yil muttasil o'qib - o'rganib, intilib- talpinib, butun borlig'i, honumonini ilmga beminnat bahshida etib, oltmish yosh ostonasida turgan akademikning bunga har jihatdan haqqi bor! Zotan, har qanday huquq ana o'sha Haqdan - Haqni tanishdan boshlanadi!
U shahar tashqarisiga chiqib, ulkan asriy chinorlararo yo'lda g'izillab ketayotgan "oqqush" derazalaridan tashqariga ko'zlari quvnab tikildi. O'zbekiston - jannat. Ikki kun muttasil yoqqan bahoriy yomg'irga bahuzur cho'milgan yaproqlarning endi quyoshga toblanib yayrab - yashnashini qarang! Butun olam yam-yashil! Ulkan shahar biqinidaki, shunday manzara, bu jannatmakon o'lkaning vodiylariyu vohalari qanday ekan?..
Hamidulla Hudoyorovning ota yurti - Horazm, bobolarining yurti - Qashqadaryo! U masrur kayfiyatda o'zi, nafaqat o'zi, har bir o'zbek qalb to'rida ardoqlagan shoirning quyma satrlarini ich-ichidan takrorlardi: "Jaloliddin samani bo'lib sakrab o'tting Amudaryodan, Sensan o'sha samanim manim, O'zbekiston - vatanim manim!" To'g'ri, Hamidulla Hudoyorov umrining katta qismini otda emas, poyi-piyoda o'tkazdi. Otga minganida ham, jaloliddindek Amudaryodan sakrab o'ta oldimi- yo'qmi, bunisini hudo biladi. Ahr qalay, o'zining bilgani shuki, oltmish yillik umri ham toshqin daryo - asov Jayhundek o'tdiyu ketdi.Har qalay, Hudoga ming qatla shukur qilsa arziydiki, halqining eng birlamchi haqqi-huquqi - mustaqil davlatga qga bo'lganini o'z ko'zlari bilan ko'rish nasib qildi. Oz'i ham emin- erkinyurib, qulochini kerdi. Bir qizi - Urganchda, bir qizi - Qarshida tup qo'yib palak yozdi, nabiralari o'sib- unmoqda. Ularni biram sog'indi - biram sog'indiki!..
Ishhona va barcha uy tashvishlaridan hli bo'lgach Hamidulla bira to'la har ikki vohaga safar qilishni ko'ngilga tugib, dala hovli darvozasi oldida hotirjam moshinadan tushdi.
Ikkinchi bob
1
Cho'rtanboy, yarim asrdirki, hizmat taqozosi va jamoat ishlari bilan bo'lib, turfa davralarni ko'rdi, ne-ne odamlarni uchratdi. Aksar hollarda bu davralar ahli Cho'rtanboyni yahshigina tanisalar-da, o'zi ularni tanivermaydi. Cho'rtanboy bu davralarni bir qadar umumiyroq toifalarga ajratib sanashi mumkin, holos: oddiy ketmonchi-dehqonlar, cho'pon- cho'liqlar, hunamand-kosiblar, rahbar-hodimlar, ziyolilar va hokazo. Boshqa toifalar hususida bilgani balki haminqadardir, lekin FAYLASUFlarni Cho'rtanboy, harqalay besh qo'ldek biladi. Roppa-rosa ellik yil - yarim asrdan buyon u asosan shu davrada - shu doirada olmahondek aylanadi, ahir. Avvalari o'zi puhta biladigan bu besh qo'lni sanab-bukib ko'rsatar edi: ko'rsatkich barmoq - ilmiy kommunizm, o'rta - ilmiy ateizm, ho'jamarak - etika, kichkina buvak - chinchaloq - estetika, bosh barmoq esa, mantiq, ya'ni logika! Hozirga kelib o'shalarni ikkitasi - siyosayshunoslik bilan dinshunoslik - o'zining asl nomiga qayttti. Ahloqshunoslik bilan nafosatshunoslik ham, har qalay, chaqqongina harakatlanib turibdi. Lekin bosh barmoq - mantiq hamon o'sha-o'sha: Arastu, Farobiy va Hegel mantiqi bilan bo'ylshgulik mustahkam tayanchi, sinchi, suyagi avvalari ham yo'q edi, hozir ham yo'q! Huddi suyaksiz tildek suyaksiz bosh barmoq.. suyaksiz bo'lganidan keyin…ana endi bilib olavering: bu qo'l barhayot Hizr alayhissalomning qo'limi va yo qiyomatgacha muhlat olgan Shaytoni lainning? Bilib bo'psiz? Buni bilish mumkin bo'lganida ellik yil mobaynida dam manti, dam beshbarmoq, dam palob yeb, besh barmog'ining yog'ini baravar yalab Cho'rtanboy bilgan bo'lur edi.
Ha, Cho'rtanboy nafaqat besh falsafiy fan, balki bugun bashariyat o'z tarihida boshdan kechirgan beshta ijtimoiy-iqtisodiy tuzumni, tag'in takrorlaymiz, shu besh barmoqdek biladi. O'ttiz yil jamiyatlar falsafasini o'rgana-o;rgana, keyingi o'ttiz yil mobaynida respublika falsafa jamiyatini boshqara-boshqara yetib kelgan joyi-da bu! Respublika falsafa jamityatining o'ttiz yillik prezidentini tanimagan-bilmaganlar o'zlaridan ko'rsinlar, lekin u yurtdagi jamiki faylasuflarning qanday o'y-hayollari borligini yahshi biladi. Basharti bilmay dog'da qolgan joylari bo'lsa, endi biladi! Son-sanoqsiz gumashtalariyu yugurdaklari bor ekan, ular muttasil izlanishda ekanlar, bilmay qo'ymaydi!
Mantiq fani… Cho'rtanboyning o'zi uchun ham baayni bosh barmoqdek gap! O'ttiz yil avval "Markscha - lenincha mantiq fani asoslari" bo'yiccha pishiq - puhta darslikni yaratib qo'ygan u! Bugun "markscha-lenincha" degan juft so'z va shunga bog'liq ko'p narsalardan allaqachon boz kechib bo'ldi, lekin shunda ham… bir necha ming yillik tarihga ega qadimiy fan ASOSLARI o'sha-o'sha qotib turibdi.
Cho'rtanboy, garchi ish vaqti allaqachon tugagan bo'lsa-da, haydovchisini uyga emas, ishhonaga borishga undadi. Akademiyadagi sergap-mahmadona olimlarning yig'ilishi uzoq cho'zilib, buyoqdagi ishlar qolib ketdi. Anovi churbvaqalar-ku, yangi gap toopolmasayam, har qalay, mantini boplashibdi. Falsafa jamiyatida, qani, ko'raylik-chi, yana bir "tor doira" qanday yangi gap hozirlab turibdi ekan? Avvaliga achchiqqina ko'k choy ichib, shu asnoda atrof-javonibdagi ayrim arbobchalarga bir sidra sim qoqib, ularning ayni lahzalardagi ahvol-ruhiyatlaridan xabardor bo'lsa, yuraklariga qo'l solib ko'rsa, naryog'iga Xudo poshsho, shunga qarab ko'radi. Balki yana bir kichik davraga davraboshilik qilishga to'g'ri kelar.
Cho'rtanboy shunday xayollar bilan mashinadan tushib, salobatli odimlagan ko'yi o'z xonasiga qadam qo'ydi. U joyiga o'tirar-o'tirmas qorasiga ko'z tikib betoqatlanayotgan kotiba achchiqqina ko'k choy olib kirdi. Qaytarib, bir piyola uzatdi-da, odatdagidek kindalik yangiliklardan axborot berishga tutindi.
2
Ahmadali deraza osha xufton qorng'uligiga tikilib, ki'ngli dam xufton bo'lib, dam tongdek yorishib qancha o'tirdi - bilmaydi, bir payt eshik oldida tah'in qizchasi bo'y ko'rsatdi:
- Ovqatga chiqarkansiz, ada!
O'rtancha qizi tikuvchi sifatida ish boshlagan katta qiziga ko'maklashgani modalar atel'esiga chiqib ketibdi. Yolg'iz o'g'li esa, shu topda Amerika qit'asida hoynahoy tongni qarshilamoqda. O'n yashar qizchasiyu xotini bilan uchovlon jimgina ovqatlana boshladilar. Bir payt xotini odatdagidek sodda mug'ombirlik bilan gap qo'zg'adi:
- Ammavachchamning dardi nima ekan?
Ahmadali ma'noli kuldi:
- Dardini sen bilasan - da, men qayoqdan bilay! Balki yordam so'ramoqchidir, balki yordam bermoqchidir, balki kattamizga sovchi bo'lib kelmoqchi bo'lgandir?..
Hotining gap haltasi ochilib ketdi:
- Sovchi bo'lib kelsayam ularga qiz beradigan ahmoq yo'q. Umuman, shu "eshigimning tog'ayi" dan yaqinroq qarindoshlarimni ham ko'rgani ko'zim yo'q. hammalari o'z dardi-g'ami
Bilan, albatta bir g'alvani boshlab, sizga tashvish orttirib keladi. So'rasang - berolmayd,I, bor bo'lsa - ko'rolmaydi. Mening tug'ishgan holavachchalarimu sizning o'z ukangiz nima qilib berishdiyu bu Munavvar degan buzuqi niam karomat ko'rsatardi.
Ahmadali biladi: qizishib yoppasiga yomonotliq qilayotgan bo'lsa-da, har qalay, hotini butnlay nohaq emas. Ayniqsa, keyingi yetti-sakkiz yil mobaynida - doktorlik ishini himoya qilganidan buyon jigarlarini ham, xotinining qarindoshlarini ham anchagina ko'rdi-bildi. Bojasi kurrakka turmas bahonai sabab bilan himoyadan keyingi ziyofatni buzib - qarindoshlar orasida janjal qo'zg'ab ketdi - azbaroyi fan doktoriga g'ayirligi kelganidan! O'zining bir tog'avachchasi hafta sayin uyiga kelib, to'rda yastangan ko'yi gap kovladi, kovlayverdi, o'smoqchilayverdi. Axiyri kunlardan bir kuni, shoshilibroq turgan ekanmi, eshikdan kirar-kirmas salom o'rniga savol berib, murod-maqsadga o'ta qoldi: "Yana numa yozyapsiz, Ahmad aka?" O'shanda tobi bo'lmay, hunobi oshib turgan edi, ichida "Voy ahmoq-ey!" deya o'ylagan ko'yi ostonadayoq javobini berdi: "Ko'rib turibsanki, kasalman, hech nima yozmayapman, yozmoqchi ham emasman! So'raganlarga borib shunday-shunday deb ayt, bo'ptimi, ho'p, hayr, omon bo'l!" O'sha-o'sha tog'avachchasidan qutuldi, lekin yaqinroq qarindoshlaridan qutulish!... Azbaroyi o'zini noxush o'ylardan alahsitish uchun xotiniga e'tiroz bildirdi:
- Har qalay, meni aralashtirmay, o'zing yaxshi muomala qilib, maqsadini bilib telefon raqamimizni kimdan olganini bilganing ma'qul, Gavhar!
Xotinining fig'oni ko'kka o'rladi:
Yigirma yil deganda birdaniga bizni eslab, kutilmaganda sog'inib qolgan odamning murod-maqsadi nima bo'lar edi, xo'jayin! Bizga bir baloni sog'inib turibdi-da u! O'n-o'n besh yildan buyon qo'g'irchoq fabrikasida qo'g'irchoqlar yasashdan bezor bo'lgan chiqar: endi siz bilan meni qo'g'irchoq qilib o'ynatmog'i qoluvdi! Telefon raqamimizni kimdan olganiniyam aniq bilaman!
Ahmadali xotinini hovuridan tushirishga urindi:
- Bo'pti-bo'pti, qayoqdagi bir o'yinchini deb asabimizni buzmaylik. Sen haqsan. "Bir balosi bo'lmasa shudgorda quyruq na qilur". Bir balosi bordirki… Ularni qo'ya turib yaxshi gaplardan gaplashaylik! O'g'limiz…
Xotini daf'atan chiroyi ochilib shirin orziqdi:
- O'g'limiz qachon keladi endi, adasi?!
Ahmadali o'z hayajonini bildirmaslikka urindi.
- Xudo xohlasa, uzog'I uch-to'rt kunda kelib qolar. O'zing eshitding-ku, yo'lning chiptasi qo'liga tegishi bilan yana qo'ng'iroq qiladi.
Xotinining orziqishi entikishga aylandi:
- Shu uch-to'rt kun tezroq o'ta qolsa ekan!
Ahmadalining naq bo'g'ziga nimadir kelib tiqilgandek bo'ldi. O'zi qachonlardir mantiq nuqtai nazaridan o'rgangan bir to'tlikni esladi: "Shoshganda vaqt yetmasligi juda qiziq. Kutganda vaqt o'tmasligi juda qiziq. Inson vaqtni kutsa hamki vaqt insonni, hatto bir on kutmasligi juda qiziq". Ha, mantiqan olib qaralsa, qiziq narsalar ko'p
Ovqatlanib bo'lishgach, uchovlon odatdagidek ham hazmi taom uchun, ham katta qizlarini kutib birga-birga bog' aylandilar. Uylarining shundoqqina biqinginasida bu navnihol bog'ning ochilgani sap ish bo'ldi-da! Ham qizchalari bolalar maydonchasida yayrab o'ynaydi, ham "chol-kampir" dam olib, asablarini tiniqtirib, kuch to'playdi, ham katta qizlarini boqqa yondosh qorong'u ko'chadan bexatar olib o'tadilar. Eng muhimi - havo oladilar, havo! To'rtinchi qavatdagi to'rthonali uyning diqqinafas havosi qayoqdayu navnihol bog'ning nav-bahor oqshomidagi sarin havosi qayoqda! Tog' havosi bo'lmasa-da, har qalay, navnihol bog' havosi!
3
Hamidulla Xudoyorov darvozadan qadam hatlab hovliga kirganida ayvondagi telefonda kichkina qizi allakim bilan gaplashib turgan ekan, dadasini ko'rib "E-e, ana, o'zlari keldilar!" dedi-da, dastakni qo'yib, unga peshvoz yurdi:
- Yaxshi keldingizmi, ada? Shermuhammad Otaboyevich… sizhi so'rab turuvdila.
- Hamidulla Xudoyorov miyig'ida kuldi. Cho'rtahboy! Namuncha tez?! Hoynahoy kechki ovqatga ham ulgurib, endi ermakka cim qoqayotgandir bu qari tullak! Yumshoq o'rindiqqa yastana turib dastakni qo'liga oldi:
Labbay, oqsoqol?
Go'shakda o'ziga ko'pdan yaxshigina tanish, hazilmi-jiddiyligini hech qachon bilib bo'lmaydigan, yuzaki qaraganda, yengil-yelpidek tuyulyvchi, aslida tagi zil so'zlar
paydar-pay uchdi.
- Tabriklaymis, ukaginam! Sizni og'izlaridan bol tomob maqtashlarini eshitib o'tirib juda-a xursand bo'ldim-da, ammo-lekin! Haqiqat bor ekan-ku, inijonim! Huquq masalalarida butu-un lahondan kelishib institutingizdan tajriba o'rganishadi hali! Afsuski, bu xalq o'z haqqi-huquqini yaxshi bilmaydi-da, yo'qsa!..
Hamidulla Hudoyorov suhbatdoshining bir muddat jim qolganidan foydalanib, uning gapirish ohangiga oppa-oson tushib oldi:
- Qullu-uq, oqsoqol! Endi hammasi o'zlarining akalarcha ko'maklariyu maslahatlari bilan!..O'zingiz bilasiz, ayniqsa, falsafa masalalarida sizsiz bir ish qilishimiz amrimahol!..
Lekin saksondan oshgan qari tulki abjirlikda Hamidulla Xudoyorov emas, undan kattaroqlarni yarim yo'lda qoldirib keta oladi!
- Men ham sizni ayni shu masalalarda bezovta qilishga jur'at etib turuvdim-da, ukajonim! O'zingiz eshitdingiz, institutingiz sha'niga aytilgan maqtovlar faqatgina huquqshunoslikka yog'ildi. Tarozining ikkinchi pallasi haqida hech kim churq etmadi. Institutingiz falsafa va huquq instituti, buyog'I g'arib qulingiz ham falsafaning bir chekkasiga dahldor bo'lganimdan keyin… ilmiy markazingizdagi faylasuflar xususida siz bilan bir bafurjaroq kengashib olsak, nima deysiz? Meni, ayniqsa, mantiq bo'limingizning ahvili anchadan buyon tashvishlantirib kelyapti-da! Shu bo'limning ishini lonlantirish kerakmikin? Toki erta bir kun sizgayam, mengayam gap tegib
qolmasin deyman-da ukajonginam?..
Ruscha ibora bilan aytganda, "kuda klonit etot juk", ana endi Hamidulla Xudoyorovga bir radar on bo'ldi.
- Bajonidil, otaxon, qachon, qayerda, qanday davrada uchrashib-kengashishni istasangiz, biz bajonidil xizmatlariga tayyormiz!-dedi-da tabrik uchun yana bir karra rahmat aytib ya iltifotni quyuq qilib, dastakni joyiga qo'ydi.
Cho'rtanboyning muomilasiyu gaplarining mazmuni o'ziga nash'a qilib kuldi. Eh, buning gaplarini! Odam bolasining falsafasi va yo bir-birining tilini biladigan qushlar mantig'I emas,tulki falsafasi-da bu! Tulkilik qilib qo'shilib kulishini qarang! Agar xalq ozod, davlat mustaqil bo'lmoq tugul jamiyat yuz foiz evrilib ketsa-da, bu qari tulkilarning bironta mo'yini bironta bolta kesolmaydi. Saksondan oshgan chol dastakka qo'shib o'ziniyam yutib yuborgudek pishqirib turibdi-ya! Qirchillama yigitlar o'lsa o'ladiki, bular o'lmaydiyam, qarimaydiyam, bir umr aql o'rgatadi. Onalari aql o'rgatishga - falsafa so'qishga tuqqan! Necha o'n yillar mobaynida "markscha-lenincha mantiq" bo'yihcha bulbuligo'yolik qilgan " alloma" endi hech bir pinak buzmay yangi manaviyatu yangi mafkura haqida aql o'rgatadi.
Hamidulla Hudoyorovning daf'atan yuragi siqlib, uyga kirishning o'rnigaayvondan poastga tushdi-da, ohista gulzor oraladi. O'zini gullar bilan alahsitishga harchand urinmasin, hayollari Cho'rtanboyning atrofida chirpirakdek bo'lib aylanaverdi. Qaysidir ustoziga taqlidan o'zicha so'kindi: "Chert poberi!" Bu Cho'rtanboylar cho'rt-po'rt qilib, atroflaridagi tiniq suvni shaloplatib loyqalatib, o'zlaridan kichikroq baliqlarni ovlashga muncha ustasi farang bo'lmasalar! Ayniqsa, bu tishlagan joyini uzib olmaguncha qo'ymaydigan o'taketgan qaysar, shafqatsiz, lekin yuzaki qarashda yuvosh-mo'mingina ko'ringan - mantiq fanining otahoni Shermuhammad Otahonovich deganlari… shu topda kimga tish qayrab-ko'z tikib turibdi? Uning qo'li bilan kimni qanday tentiratmoqchi?..
Hamidulla Hudoyorov, garchi birdan-bir kasb-kori huquqchunoslik bo'lsa-da, yoshligidan bu fanga yondosh falsafa, tarih, iqtisod, ruhshunoslik, til-adabiyot kabi fanlarga ham qiziqib, bu sohalardagi har bir arbobning ilmiy tadqiqotlarni baholi qudrat kuztib keladi. Ayniqsa, falsafa masalalari bilan qiziqmagan huquqshunos huquqshunosmi? Falsafaga qiziqqan har bir o'zbek… balki "Cho'rtanboy" laqabini bilmasa bilmas, lekin Shermuhammad Otaboyevich Bahoviddinovni bilmasligi… mumkin emas! Hamidulla Hudoyorov ahm bu odamni, mana, qirq yildan bo'yon biladi. Shundoqqina ko'z oldida "falsafa fanining chinori" bo'lib qad rostladi, ahir. Mana, keyingi yigirma yilda, fanning ne-ne chinorlari qarib-chirib, gursillab yiqildi, lekin bu "chinor"… hali-veri yiqiladigan emas! Umuman, hech qachon yiqilmay, dunyoga ustun bo'lsayam ehtimol! Shermuhammad Bahoviddinov deganlari hususida bir bilgani, shuki, bu chinordan chiqadigan zaharli havo hayot uchun o'ta havfli! Shuning uchun bir chinor bilan hazillashmagan, umuman, iloji bo'lsa, yaqinlashmay - chetlabroq o'tgan ma'qul! Lekin iloj qancha, o'zi " uchrashamiz" deb turgach, qanday chetlab o'tasan kishi! Ayniqsa, falsafa va huquq instituti hususida gap ketar ekan, o'zini chetga olib bo'ladimi!..
Darvoqe, gapning nishabi mantiqqa borib taqaldi-ku! Demak, Cho'rtanboy qattiq ko'z tikkan odam… mantiq bo'limining mudiri Ahmadali Bobojonov!
Vo'rtanboy bilan uchrashishdan oldin shu odam bilan gaplashishi, mantiq bo'limi haqidagi uzil-kesil fikrini shakllantirib olishi kerak bo'ladi. Jiddiy o'ylab, puhta hulosaga kelishi kerak, toki hech kimning insoniy haq-huquqipoymol bo'lmasin va hech kim o'zga birovning haq-huquqi g'arazli niyatlarda dahl qilmasin. Huquq himoyasidagi huquqshunos olimning eng birlamchi insoniy burchi ham shu!
Hamidulla Hudoyorovning ko'ngli ravshan tortgan holda uyi tomon yurdi.
Oltinchi bob
Cho'rtonboy yozilajak risolasining nomini qog'ozga tushirdiyu gapini qayoqdan boshlashni bilmay o'ylanib qoldi. Qutb yulduzi qay qutbga tegishli o'zi? Shimolgami, janubgami? Sharqqami, G'arbgami? Ho'sh, falsafachi? Bu fanlarning poshshosi qay qutbga ko'proq tegishli?
Maqtanish emas-ku, u G'arb falsafasini sub qilib ichib yuborgan! Bu qadimiy yurtda, deylik, Marksning "Kapital"ini o'qib, mag'zini chaqa olgan iqtisodchi, Darvinning "Tabiiy tanlanish"I mohiyatiga yetib borgan tabiatshunos, Freydning "Psixoanaliz"ini tuzukroq tushungan ruhshunos, Eynshteynning nisbiylik nazariyasi odam tushunadigan tilda tushuntirib bera oladigan fizik… balki topilib qolar, lekin… Mayli, Arastu bilan Forobiyning mantiqiy qarashlarini qo'ya turaylik. Hegelning to'rt jildlik "Mantiq" tadqiqotini o'qib tushungan va tushunib o'qigan, ayniqsa, o'z ona tilida soddagina shaklda sharhlab bera oladigan faulasuf… O'zbekistonda… bormi? Shermuhammad esa, Xudoga shukur, nainki Hegel "Matniq"i, o'sha Darvinu Freyd, buyog'ini so'rasangiz, Nitssheyu Shopengauer, Kantu Spenser va hokazolarning ta'limotlari, hattoki, deylik, "tibbiyotda adashib qolgan darvinist" Ilya Mechnikovning "Inson tabiati haqida lavhalar"i-yu "Ko'tarinki lavhalar"ini, xoh og'zaki xoh yozma bo'lsin, istaganingizcha sharhlay oladi. Aqalli endi bor gapni ro'y-rost aytish kerak, o'sha kalbosh dohiydan ming karra durustroq sharhlaydi! Deylik, birgina "Ko'tarinki lahalar"dagi "Gyote va jinnilik" bobi… nima desak ekan, naq olamga tatiydi. Ishonmasangiz, bobni o'qib, mag'zini chaqib qarang! Har bir jumlaning avra-astarini ag'darib, mantiq tarozisiga qo'yib ko'ring. U "Kitob jinnisi - beboshboq otki, yulqinib chopishdan o'zgani bilmas" qabilidagi havoyi shoirona satrlarga nisbatan o'zinig ilmiy asoslari, mutafakkirona qarashlariga ko'ra bir necha baravar teranroqdir. Vaqtida u ayni shu bobni o'zicha sharhlab rus tilida butun boshli bir risola ham yozgan! Risoladagi asosiy xulosa shuki, bu qarashlar, nechog'li teran ilmiy bo'lmasin, mohiyatan olganda, nekbinona emas, badbinona qarashlar, dunyoga mehr-muhabbat nazari emas, nafrat-malomat nazari bilan qarashlardir. Deylik, Gyotening kitobsevar "kitob jinnisi" deya ta'riflashi, Mechnikovning mutafakkirlikni jinnilikka qiyoslashi, Hegelning "Ayollarda eng taraqqiy etgan a'zo - tildir" va yo Shopengauerning "Ayol - bola ishlab chiqaruvchi uskuna" qabilidagi ta'rif-tavsiflari… qay bir quyushqonga sig'adi?!
Yo'q, Cho'rtanboy bugungi kunda bunday risolalarni faxrlanishga arziydi deb hisoblamaydi. U faxrlansa arziydigan kitoblari G'arb falsafasida yo'q hisob. "Iymon", "Vijdon", "Insof", "Diyonat" va "Tavfiq" deb nomlangan beshta asosiy tadqiqotlari - mana uning faxri bo'lgan kitoblari! O'zingiz insof bilan ayting, Xudosiz Sho'ro tuzumi davrida jahondagi har qanday din-diyonatning tamal toshi bo'lib xizmat qiluvchi bu besh so'z - besh diniy-axloqiy tushunchani "falsafiy kategoriya" sifatida yoritish, yoritganda ham, eng ashaddiy Xudosiz hech bir e'tiroz bildirolmaydigan shamoyilda yoritish… shu ilmiy mahorat, nima, faxrlansa arzimaydimi!
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq.
Buyuk mutafakkirning bu shohbayti adabiyot maydonigagina emas, affalo falsafiy fikr maydoniga taalluqlidir. Ha, falsafiy fikr maydonida Shemuhammaddek rappo-rosa ellik yil qad roslab turish, bosh ustida "markscha-lenincha falsafa"dan kuch olgan ne-ne gurzilaru cho'qmorlaru g'ishtlau toshlar tahdid solganida ham tariqdek tirqirab ketmay, aksincha, besh qo'lni mahkam tutib, "Nizomiy panjasiga panja urish"… faqat Xizr nazar qilgan odamgagina nasib qiladi, men sizga aytsam!
Endi jiddiyroq bir tanasiga o'ylab qarasa, Cho'rtanboy bu maydonda ellik yil mobaynida nebir sho'ishu g'avg'olarni, qanday mojarolarni, qanaqangi dahanaki janglarni ko'rmadi deysiz! Yassaviy bilan Naqshband, Mashrab bilan Cho'lpon falsafasining o'rnini allaqanday dumbul chalamullalar ning chalakam-chatti falsafalari, to'g'rirog'I, safsatalari egallab olganidan keyin… boshqacha bo'lishi mumkinmi?! Nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari, beshta asosiy tadqiqotigina emas, vaqtida har bir mo'jazgina risolasiyu maqolasi shunaqangi taftish-tahrir, muhokama-munozaralardan o'tkazildiki, ularni yozganingga, olimlik qilib yurganingga, hattoki tug'ilganingga pushaymon bo'lib ketasan kishi!
Ellik yilda ko'rgan-boqqanlarini bir sidra saragini-sarakka, puchagini-puchakka mantiq-tututug'i bor bitta-ikkita maqola chiqarar-chiqarmas dastlabki zarbdanoq butkul esankirab, o'z ixtiyori bilan maydonni tashlab "quyonning suratini chizdi". Kimdir amal-taqal nomzodlik qilgach, qulayroq bir oliy o'qub yurtida dotsentlikning gashtini surib, maydonga ahyon-ahyonda "Nima bo'lyaptiykin?" deya shig'alab qarab, pana-pastqamda bahuzur taralabedod qilib yuraverdi. Kimdir quruq sudralib umrguzaronlik qilayotgan bo'lsa-da, azbaroyi o'lamsaligi sabab maydondan chetga chiqqisi kelmaydi… Bular-ku, bor gap. Eng qizig'i - qancha-qancha mardi maydonlar avvaliga g'oz yurish bilan dadil qanqayib kirib keldi-da, sal o'tmay egilib-bukilib, sinib qayta qad rostlayolmay, o'sha-o'sha yer tishlab qoldi. Va, aksincha, egilib-bukilib, ro'para kelgan har bir alifga - salom, kaltakka - qulluq qilib, ishini bitirgach, oxir-oqibat, shu maydonda savlat to'kib, ne bir otlarni hurkitib, zotlarni ayiqdek o'ynatib, ayshini surib ketganlar ham bo'ldi. Cho'rtanboy ellik yil tajribasidan kelib chiqib shuni komil ishonch bilan ayta oladiki, keyingilari avvalgilariga nisbatan bir necha baravar ko'proq bo'ldi!
Cho'rtanboy anglab yetgan bir hayotiy mantiq shuki, falsafa maydonida ham xuddi hayotning o'zidagidek: har kim fe'liga yarasha manglayidagini ko'raveradi. Shu bois ilmiy rahbar, umuman, boshliq sifatida shuhrat tilaganga - shuhrat, boylik tilaganga - boylik, mansab tilaganga - mansab… berib, "Tilaganning - boshiga" deya o'zi arqonni uzunroq tashlab, kuzatib turaverdi: "Qani ko'raylik-chi, buzoqning yugurgani qayergacha ekan" degandek. Qarabsizki, bosar-tusarini bilmay qolgan o'pkasiz-hovliqma sal o'tmay xumdek kallasini devorga urib, boshini yorib, ko'zini chiqarib, keyiong dumalab-dumalab borib, qayerdadir to'xtaydi-da-e! To'xtaganda ham, kuni kecha asov otdek yulqinib turgan odam, bir dumalab, mushukdek muloyim, qo'ydek yuvvosh bo'ladi-qoladi. To'g'ri, oralarida boshi yorilib, ko'zi chiqqani sayin hattoki beli qarsillab sinib ketsa-da, "yiqilgan kurashga to'ymas" qabilida yo'l tutib, jang-jadalni pulga sotib oladigan ashaddiy urishqaqlari ham ahyon-ahyonda uchrab turadi. Hattoki o'z raqibi "Ol, shu g'irrom maydonni pishirib ye!" degan ma'noda qochib ketsa ham, ortidan uyigacha quvalab borib, to tavbasiga tayanib jonidan to'ydirmagunicha ko'ngli to'lmaydiganlar bor!
Aytish kerakki, ayni shunday kimsalar Cho'rtanboyning joni-dili, hojatbarorlari, yugurdaklari, gumashtalari… "men to'g'ri - tayoq to'g'ri" qabilidagi ish tutib, havoyi falsafiy mushohadalariga andarmon bo'lib, hayot falsafasidan g'ofil holda kalovlangancha umrguzaronlik qilayotganlardan aksariyat hollarda g'irt zarar bo'lsa borki, zig'irchayam foyda yo'q! Lekin bunaqalar… ish beradi! "Qilmish qidirmish" deganlaridek, fe'llariga yarasha jazoni ertadir-kechdir olmasdan qolmaydi, albatta. Lekin o'shangacha hech kim uddalayolmaydigan foydali ishlarini qilib ketadi: falsafa maydonida g'imirlagan har bir tirik jonning saragini-sarakka, puchagini-puchakka shartta-shurtta ajratib tashlaydi ular! Cho'rtabboy o'zi zimdan pishang yo'nalish berib, har ikki tomonni zimdan qo'zg'ab, lozim bo'lsa, bir-birlariga gij-gijlab, keyin maroqlanib kuzatib turadi. Bu qiziq oto'yin, tegirmon, izgihom, xullas, tekin tomoshadan buzilmay, aynimay, odamligu olimlik siyoqini saqlab, asl holida omon-eson va bus-butun chiqa olguvchilar bo'lsa, o'shalar Cho'rtanboyning alohida hurmat-e'tiboriga loyiq! Bundaylarning boshlarini silash kerak, chunki bu ish o'sha odam uchun ham, o'zi uchun ham, o'zbek falsafa fani uchun ham xayrli, savob ish bo'ladi!
Mana shunday Cho'rtanboyning alohida nazariga tushgan, boshini silasa bo'ladigan, yaxshilikni biladigan, lekin o'taketgan qaysar falasuflardan biri, ehtimolki, birinchisi - Ahmadali Bobojonov! Mana, yigirma yildirki, u Cho'rtanboyning diqqat markazida turibdi.
Bu bola dastlab yigirma yilcha avval kutilmagan bir vaziyatda e'tiborini tortdi.
O'shanda olti oyga uzoqroq muddatli xorijiy safarga ketadigan bo'lib, o'rnihga o'ziga ko'pdan buyon g'ayirli bilan qarab keladigan bir shum raqibini tavsiya qildi: qani, bahonada shu baxilni ham bir sinobdan o'tkazib olsin-chi, Abdullatifga o'xshab, olti oy ichida ne karomat ko'rsatar ekan?.. Safardan qaytib kelsa, falsafa jamiyatida ishlar vadavang! Bor-yo'g'I olti oy ichida shu "besh kunlik xalifa"ligidan foydalanib jamiyat a'zolari safini naqd ikki baravariga ko'paytirib qo'yibdi bu akam! O'zini sovuqqon tutib savavini so'rasa, jamiyarni oliy tabaqali jamiyatga aylantirmoqchi emish!
Xullas, aksariyati "suf senga!" deyishga loyiq "faylasuflar", xashaki donishmandlar! Jamiyatning yangi a'zolari ro'yxatini sinchiklab ko'zdan kechira turib, yana bir nomzodda to'xtadi: "Ahmadali Bobojonov. Anovi uch-to'rtta maqola chiqargan adabiyotshunos qachondan buyon faylasuf bo'lib qoldi?!"
Orziqishdan keyin boshqalarni qo'yaturib, shu yigitni yozganlarini bir sidra o'qib chiqdi. Balodekkina! Bo'pti endi, bo'lar ish bo'pri!.. Oradan salgina o'tib o'sha yigit jamoatchilik asosida muharrirlik qiladigan "O'zbekistonda ijtimoiy fanlar" jurnali uchun bir juft maqolasini qo'liga ushlardi. Ko'z oldida ko'z yugurtirib, atayin ikkilandi, to'g'rirog'i, yigitchaning qitiq patiga tegib, salgina sinab ko'rgisi keldi:
- Jurnalda ikki-uchta maqolalaringizni berdik. Yaxshigina adabiyotshunos sifatida tanilib kelyapsiz. Endi falsafanga o'tib… shartmikan shu? Xo'sh ana, bir maqolangizni bosib chiqardik ham deylik, shu bilan faylasuf bo'lib qolasizmi?.. Falsafaning noni qattiq, ukam, sizning tishingiz o'tarmikan?.."
O'sha "Ahmadali" deganlari kutganidan ham qaysarroq chiqib qoldi, tutaqib o'rnidan turdi-da, qo'lyozmasiga chang soldi;
- Bermaysizmi? Shu-uni bermaysizmi?! Mayli, siz bilan yana o'n yildan keyin gaplashaman!
Cho'rtanboy miyig'ida kulib, o'ttiz yoshdagi bu "o'pkasi yo'q"ni o'tirib, hovuridan tushishga undadi:
- Bu gapingiz yangilik emas! - dedi sovuqqonlik va sipolik bilan, - Tvardovskiy "Vasiliy Terkin"ni Gorkiyga o'qishga berganida cholqo'lyozmani chizib-chizib, oxiriga "Chepuxa!" deb yozib bergan ekan. O'shanda u "Hali men sen… cholga ko'rsatib qo'yaman" degan ekan. Qani, qo'lingizdan kelsa, Tvardovskiy bo'lib ko'ring-chi!..
O'shandan buyon mana, va'da qilingan o'n til emas, yigirma yil o'tdi, bu tinib-tinchimagan Ahmadalisi tushmagur hali-hanuz tirishib-tirmashib yotibdi. Tvardovskiy bo'ldimi-yo'qmi, qaydan, har qalay, avvaliga falsafa fanlari nomzodi, keyin fan doktori bo'ldi, uch-to'rtta kitob chiqarib, besh-oltita jiddiy tarjimalar qildi. Falsafa jamiyatida qorovullik qilib yurgan kampir kunlardan birida Shermuhammadni azza-bazza to'xtatib, "Suhbatingni manavi radioda eshitib qoldim, gaplaring ancha ba'mani yozavur, harating yomon emas". Asta-sekin qimirlab-qir oshib, adabiyotshunoslikdan nafosatshunoslikka, undan - ahloqshunoslikka, mana, keyingi o'n yildan buyon esa, mantiqqa - uning mantig'iga o'tdi. Oxirgi risolasini hali o'zi o'qigani yo'q. Qo'lyozmasini olib kelib, "Mantiq olamida sizdan o'tib jiddiyroq bir nima qilish qiyin: Shuni o'qing, jon aka!?" deb elangan edi. "Ko'zlarim xiralashib qolgan" deb bahona qilgan bo'lsa-da, har qalay, risolaning nomiga ko'z tashladi. "Kesik til mantig'i" emish! Shuyam nom bo'libdi-yu! Tilmi, mantiqmi?.. Bahonasi-ku, ishonarli chiqdi-ya, lekin to'g'ri ish qildimi?..
Turib-turib, ba'zan rahmi keladi, ba'zan g'ayirligi tutadi, ba'zida ensasi qotadi. Goho o'sha "Ahmadali" degan ipirisqini jinidan battar yomon ko'rib ketadi. "Wndi atrofimizda o'ralashmagan sen qoluvding! Sensiz ham "Shuni yanchib, o'rniga o'zim chiqaman!" deya chiranib yotganlar son mingta!" Axiyri, "Mana, ko'rib qo'y, itning tengi bit" degan ma'noda o'sha oldingi shum raqibi havas qilgan besh-oltita "turkistonlik taniqli fauylasuflarni unga zimdan gij-gijlab qo'ydi. Bu ishidan o'zicha mamnun ham bo'ldi: "Har joyning tulkisini o'sha joyning tozisi bilan ovlash kerak" degan mashoyihlar!" Ne ko'z bilan ko'rsinki, u hamyurtlaridan biri, o'zi ishongan Tangabaliq orqali falsafaga burnini suqqan allaqaysi bir shoirning "Baliq falsafasi" degan bir baytini yozib yubordi: "Dumingni likillatasan - olg'a ketasan, Dumingni likilllatasan - olg'a ketasan!" Uyoqda bag'ishlovni o'ziga olgan Tangabaliq jig'ibiyron. Buyoqda, garchi gap laganbardor Tanga xususida bo'lsa-da, quloq qoqishning bir chekkasi o'ziga kelib tekkan Cho'rtannboy ham ich-ichidan zil ketdi. Lekin tishini tishiga bosdi. Dumi xususida bunday tagdor imo-ishoralar qilayotgan padarqusur, Xudo biladi, tishlari xususida nima deydi, nima qo'yadi!..
O'shanda o'zicha "Oho, oyo, menga tagdor quloq qoqish qiladigan endi sen bormiding! Hali sovunimga kir yuvmagansan-da!" deya anchagacha g'ijinib, tish qayrab yurdi. Buning burniga suv kirishi uchun qay bir usulni qo'llasa bo'ladi? Ko'tarib ursinmi? Oyog'idan chalsinmi? Taqimiga bostirsinmi? Payini qirqsinmi? Burnini qonatsinmi? O'zi sinagan ne bir usullarni qo'lladi. "Cherez-cherez" deganlaridek, amma-xolalariyu amaki-tog'alari, aka-ukalari orqali harakatini qildi, hatto xotinini ham "bir silkitib", o'sha padarqusurga zimdan gij-gijlatib ko'rdi. Qani pinagini buzsa. Metin-a, metin! Nahotki chirpirak qilib tashlagulik biron bo'sh joy bo'lmasa?! Yana qanday usul qo'llasa ekan, toki u o'zini falsafa maydonining qoq markazida emas. Botqoq dalaning naryog'ida ko'rsin! Aqalli otchopardagi bozorning kindigiga borib tushsin! Axir, ilmiy tadqiqot institutining oyligi bilan hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida ro'zg'or tebratish, ayniqsa, kun sayin o'sib-ulg'ayotgan o'g'il-qizlarini uylashu uzatish osonmi? Qanday yashab turibdi bu mantiqshunos bolalari oyoqqa turib, mustaqil hayotga qadam qo'yayotgan bir paytda?!
Shunday o'ylar bilan o'zicha xunob bo'lib yurgan paytlarning birida katta o'g'lining uyiga borib qarasa, yangi qurilayotgan uy ichida o'sha Ahmadali o'zidan ham novcharoq bir o'spirin bilan terlab-pishib ishlayapti! Ildam yuurib eski uyga kirdiyu o'g'lidan so'radi: "Ularni qayoqdan topding? Kim anovilar?" Javob qaytdi: "Ota-o'g'il… mardikor…" Gapni qisqa qildi: "Darrov rozi qilib javobini qo'shib ber-da, qorasini o'chir, ko'zimga ko'rinmasin!" o'g'li buyruqni darrov bajardi, biroq sababini so'ramadi, o'zi ham aytmadi, lekin ich-ichidan zil ketdi.Vijdoni qiynaldi. Insofga keldi. Diyonati qo'zidi. Rahmi keldi. "Ishqilib, o'zi-ku, ko'rdi, u ko'rgan bo'lmasin! Agar kimning uyida mardikorlik qilib yurganini bilgan bo'lsa, to qiyomatga qadar boshi malomatdan chiqmaydi!" Ertasiga o'sha Ahmadalini qabuliga chaqirtirdi-da, himmat nazari bilan qaradi:
- Bizning davrimizda bir xorijga chiqib keling, uka! Ham ziyorat , ham tijorat deganlaridek, ancha o'nglanib qaytasiz! - Shunday deya telefonda o'rinbosarlariga ko'rsatma berdi:
- Turkiyadagi faylasuflarning xalqaro anjumaiga bizdan Hamidulla Xudoyorov o'rniga…
- Kutilmaganda yana jini qo'zib, bir muddat jim qoldi-da, o'zi "tish kovagida asrav yurgan" tag'in bir usulni qo'lladi - Rahmatali Bobojonov boradi! O'zi oldimda o'tiribdi! - Dastakni kafti bilan berkitgan holda andak engashib so'radi: - Oting Rahmatali edi-ya?..
- U "Ha, Rahmat, Rahmat!" deya qayta-qayta rahmat aytib, qulluq qilib xayrlashdi. Keying bilsa, safarga borisda voz kechibdi! Anchagacha aqli bovar qilmadi: boshqalar talashib-tortishib, yugurib-yelib borolmaydigan xorihjiy safardan o'z ixtiyori bilan voz kechish… nega? Jinnimi bu! Sababini tushungandek bo'ldi-yu, o'zicha maroqlanib kuldi. Yigirma yildan buyon ko'rib-bilib yurgan odamimning o'z otini ayta qolsam bo'lar ekan, afsus!..." Axiyri ich-ichdan qoyil qolib tan berdi: "Mantiq fani, falsafa instituti, o'z oti, o'z qadrini shunday baland tutgan irodasi bukilmas odamni… bo'ldi - sinab bo'ldi! Sinmadi! Olim sifatida ham, odam sifatida ham sinovdan o'tdi! Tamom, buyog'iga endi Agmadalini emas, boshqalarni sinaydi!..."
Mana, bununning o'zida o'sha Ahmadalining hamkasbi, qo'shnisi, ukasi, nihoyat, rahbari - jami to'rt kishini baravariga sinadi. Qani, ko'raylik-chi, ular qanday odam xilidan ekan? O'z manfaati yo'lida otasiniyam bir qop kepakka sotishga tayyor nokasmi, yo kiroyi Hazrati Insonmi?…
Cho'rtanboyga ko'p yillik tajribasidan shu narsa ayonki, insof-imonli yaxshi odam… o'lsa o'ladiki, itdek iskovichlik, yugurdakligu gumashtalik qilmaydi. Agar muhtoj bo'lib bu yo'lga kirsa yoyinki, achchiq ustida qasdma-qasdiga shunday palidlik qilsa ham, ko'p o'tmay tob tashlaydi. Vijdoni uyg'onib, chidab bo'lmas darajaga borganida beixtiyor portlaydi. "Yo'q, men boshqa bunday qilolmayman!" deb birovga yomoblik sog'inish yo'li bilan bola-chaqa boqishdan qo'lini yuvib, qo'ltiqqa uradi. Hech bo'lmaganda silliqqina sirg'alib chiqib, o'zini chetga oladi.
Hamidulla Xudoyorov-ku, yetti o'lchab bir kesish tugul, yetmish marta o'lchab, keyin "Kesaymi-kesmaymi" deya uzoq o'ylab ko'radigan o'ta ehtiyotkorlar toifasidan! Lekin anovi uch mantixo'r, ko'ramiz, nima karomat ko'rsatar ekanlar! Har qalay, "do'ppi olib kel" deganda bosh olib keladiganlar xilidan bolmasalar kerak! Buyog'i endi Yaratganning O'zigagina ayon!...
Cho'rtanboy Abduholiq G'ijduvoniy haqidagi ko'[dan buyon, aytish mumkinki, bir umr yozishni niyat qilgan risolasini aqalli boshlayolmay, buning o'rniga o'tkinchi dunyoning mayda tashvishlariyu yana-da maydaroq g'avg'olari atrofidagi o'ylar bilan o'tkazganidan xunob bo'lib o'rnidan turdi. Yo'l-yo'lakay o'ziga taskin-tasalli berdi: bugun bo'lmasa ertaga boshlar, avvaliga boshlab qo'ygan jamoat ishlarini oxiriga yetkazib olsin-chi. Jamoat ishlari ham bugunga yetarli bo'ldi. Haydovchisiyam xunobi chiqib yotgandir, "Itda qushda tinim bor, bu cholda tinim yo'q" deb.
Yettinchi bob
Odamlar Toshkentdek shahri azimga nima maqsadda keladi? "Har kallada har xayol" deganlaridek, har kimning o'z maqsadi bor, albatta.
Ahmadali bundan o'ttiz to'rt yil avval bu shahri azimga mantiq qidirib keldi.
Sirasini aytganda, o'zini o'ylantirgan ayrim savollariga otasi o'lgandan keyingi dastlabki oylardayoq javob topa boshladi. Akasi pedinstitutning oxirgi bosqichida, o'zi oo'rta maktabning oxirgi sinfida o'qir ekan, behosdan, "O'zing uchun o'l, yetim" deganlari u qadar to'g'ri emasligi xayoliga urdi. Kutilmaganda boqubchisiz qolgan yetti o'g'il, ikki qiz (akasidan tashqari)ning taqdiri unga bog'liq edi. Ikkinchi o'g'il, uydagilarning kattasi, tuppa-tuzuk aqlini tanigan emasmi, u honadonlariga kelib ketayotgan qarindoshlarining har bir xatti-harakatini zimdan kuzatib, har bir gapning mag'zini o'zicha chaqishni odat qildi. Bir qarindoshi uning yelkasiga qoqib, oyisiga sinovchan tikiladi: "O'gillaring er yetib, suqsurdek yigit bo'lib qolibdi-ya, Masturabonu, Xudo xohlasa, shu Ahmadali o'g'lingni o'zim kuyov qilaman-da! Nima deding?.." Ahmadali uyalib yega qarahancha o'ylanadi: "Nima bu, mehribonlikmi, hazilmi, yo yetimcha - yetti kulchaga "Shunisi mening tomorqam!" deya elburutdan ega chiqishmi?.." Bir xolasi o'ziga yengdosh qizini yetaklab kelib, uylarida o'qtin-o'qtin mehmon bo'ladi, xolavachchasi ham qarab turmaydi: qo'lidagi allaqanday kitobni ko'z-ko'zlab, uni gapga soladi. Ahmadali esa, qizning savollariga xushlamayroq qisqagina javob qaytarar ekan, tabiiyki, yana o'ylaydi: "Bunisi-chi? Diltortar qarindoshlarning mehmonnavozligimi, yo kuyov ovlab qo'lga tushirish usulimi?"
O'qishni bitirish arafasida otasining qadrdon do'stlaridan biri, maktab direktori, matematika muallimi uylariga kelib, oyisiga maslahat qiladi: "Shu o'g'lingning o'qishga ishtiyoqi baland! Bo'ladigan bola! Men shunisini o'zim o'qishga oborib, kirishga yordam qilay, xo'pmi, hademay Hakimaling o'qishni bitirib keladi-ku, nima deysan, Mastura?" Avvaliga bungay g'amxo'rlikdan minnatdor bo'lib, boshi ko'kka yetgudek alfozda o'qishga otlandi. Lekin tutingan otasining bir yonida o'ziga tengdosh erka-tantiq qizi, bir yonida - o'zi, uchovlon o'qishga kiritib qo'yadigan hamyurtlarini qidirar ekanlar, tag'in o'yladi: muddao o'qitishmi, amma-xolani qidirishmi, topishtirishmi? Agar o'qish bo'lsa, shu ikki o'rtada amma-xolayu tanish-bilishga balo bormi! Agar topishtirish bo'lsa, o'n yil bir sinfda o'qib topishmagan bu oyimtilla bilan Toshkentga kelib topishadimi? Umuman, bu ish yaxshilikmi, yomonlikmi?" O'ylay-o'ylay, matematikadan og'zaki imtihon paytida shunday qildiki, oqibatda u "o'z aybi bilan yiqildi", dodasining qizi esa, hamyurtining ko'magida o'qishga kirdi-ketdi. O'shanda o'zining yiqilib qishloqqa qaytganidan xafa emas, aksincha, xursand edi! O'qisa, o'z kuchi bilan kirib o'qiydi, uylansa o'zi suygan qizga uylanadi. Muhimi hech kimning oldida hech qachon tili qisiq, bo'yni xam bo'lmay, hech kimga bo'y bermay, mustaqil yashaydi! Bir til qishloq kutubxonasida ishladi: ham pul topdi, ham ham o'qishga tayyorlandi. Ikkinchi marta - bu gal yolg'iz o'zi, hech kimning yetaklovisiz - Toshkentga keldi. Zilziladan keyingi yil! Universitetning til-adabiyot fakultetiga - kechki o'qishga, qurilishga - ishga kirdi.
Talabalik yillari kimlar uchundir "oltin davr" bo'lsa bordir, lekin Ahmadali uchun muttasil o'qish va ishlash yillari bo'ldi. O'ylab o'yining tagiga yeta olmaydi. Adabiyot olami, nafosat olami, falsafa olami shu qadar tubsiz ummon ekanki, uni besh-olti yil muttasil bo'ylashu o'ylash bilan mohiyatga, ma'no-mantig'iga yetib bo'lmas ekan. Universitetni bitirib, o'zicha chiqargan xulosasi shu bo'ldiki, bu olamda o'zining nima deb - nima yozayotganini mantiq tarozusiga qo'yib jiddiyroq o'ylab ko'rmaganlar o'ychanlarga nisbatan ming chandon ko'proq ekan! Nega shunday ekan-a? Zamona zayli shundaymikin yo?..
Esida, til-adabiyot fakultetini bitirib, estetika, yani, nafosatshunoslikdan diplom himoya qilgach, qurilishda ishlahsni bas qilib, o'zi falsafa va huquq institutiga dastlabki qadamini qo'ydi. Tabiiyki, maqsadi - ko'nglida g'ujg'on o'ynagan savollariga tayinliroq javob topish!
Uni institut direktori, falsafa tarixi bo'yicha taniqli olimlardan biri, tabiatan tajangroq jikkakkina bir odam "Endi sen bormidin!" degandek o'ta noxush kutib oldi. Diplomi, diplom ish, chop etilgan maqolasiga bir sidra ko'z yugurtirdi. Mehnat daftarchasini varaqlab, allanechuk jonlandi:
- Quruvchi ustaman deng-a! Bo'pti, ishga olamiz!
Ahmadali "masala"ga aniqlik kiritishga tutindi:
- Ustalikka demoqchimisiz, domla?
- Yo'q, estetika bo'limiga laborant sifatida! To'g'ri, oylik maoshi kamroq, lekin niyatingiz faylasuf olim bo'lishmi? Hammamiz ham ishni laborantlikdan boshlaganmiz, men sizga aytsam, uka!
Ahmadali o'ylab qarab, andak ikkilandi. Qo'li gul usta uchun pul topish muammo emas, lekin "laborantlik" qanday ish ekan? Fizika emas, falsafa institutida qanday laboratoriya borki?.. Surishtirib o'tirmadi - mavridi emasdi. Olti yil o'qib intilgani shu dargoh bo'lganidan keyin laborantlik tugul qorovul qilib olishsa ham rozi bo'lardi.
Endi o'ylab qarab, yigirma to'rtdan yigirma to'qqiz yoshiga qadar umrining eng qaynoq davrini laborantlikda kechiribdi. Dastlab "Falsafa institutida laboratoriya nima qiladi?" deya ajablanganida afandidan besh battar sodda bo'lganini tushunib yetdi. Institut shunaqangi ulkan laboratotiya ekanki, o'zingni tolibi ilm emas, tajribaxonadagi quyondek his qilasan kishi! Bo'limga qarashli ikki xonaning ichkarisida mudir bilan yana uch nafar fan doktorlari - katta ilimy xodimlar o'tirishadi. Ularni-ku, Afmadali talabalik yillaridayoq kitoblarini o'qib, sirtdan bilardi. Lekin o'zi o'tirgan kattakon xona to'ridagi ikki katta ilmiy xodim, ikki tomonidagi ikki kichik ilmiy xodimni institutga kelib tanidi-bildi. Chunonchi, kichik ilmiy xodimlardan biri Do'smurod Xo'jaxonov deganlari "It nomlari nafosati" mavzuidagi nomzodlik ishini himoya qilish arafasida ekan. To'rt yilcha avval "odambashara bir mavzu"dagi ishini endi himoya qilaman deb turganida boshqa birov ayni shu mavzuda himoya qilibdiyu u kishi dog'da qolib ketaveribdi. Endi shu "tesha tegmagan" mavzuda ishlayotgan ekan. Chap tomonda o'tiradigan yana bir kichik ilmiy xodim - Muattar Rizayeva degan xo'ppsemiz ayolning mavzui ancha bama'ni ekan: "Xalq dostonlari nafosati". Bir qadar umumiyroq, lekin ruhan o'ziga yaqin mavzuda. Afsuski, o'ttiz yosh ustidagi bu ayolning kundalik mashg'uloti - nimagadir jimgina o'tirib ishini yozish emas, o'qishdan kutib olish, bo'sh qolganida esa, Ahmadaliga "o'tgan-ketgan, ko'rgan-bilgan"dan gap berish bo'ldi!.. Ana endi xonadosh katta ilmiy xodimlar bo'lsa, bu ikki olim, nima desa bo'ladi, baayni it-mushuk edi. Yo falak, bir-biriga shunaqayam teskari odamlar shundoqqina yonma-yon o'zaro sig'ishib yashar ekan-da bu telba dunyada, a? Unisi - ozg'in, bunisi xo'ppasemiz, unisi - novcha, bunisi - pakana… Ustiga-ustak, unisi -fan doktori, bunisi - fan nomzodi. Tag'in deng, bir-birlari bilan qariyb gaplashishmaydi, agar gaplashguek bo'lsalar, muqarrar ravishda urishib qolishlari turgan gap. Urishganda ham o'zlari urishib, o'zlari po'mchiqsalar mayli ekan! Ilmga chanqoq kichik ilmiy xodimlarning nimasi ko'p - kutubxonasi ko'p! Binobarin, "jang maydoni"da yakka-yolg'iz tomoshabin - o'zlari! Unisi "Hamyurt akalarimga aytib sening urug'ingni quritaman!" deya dag'dag'a qiladi. Bunisi "He sening o'sha suyangan tog'laringni o'zingga qo'shib…" daya ko'kinadi. Unisi yulqinib chiqib arzini katta akalaridan biri - direktorga aytadi. Direktor, tabiiyki, bo'lim mudiriga oshiradi. Mudir "muhokama" chog'i "yagona guvoh"ni qistovga oladi. Agmadali avvaliga hamxonalraining dam unisiga, dam bunisiga bo'ltirab nima deyishini bilmay qiynalib yurdi. Keyinroq eng to'g'ri yo'lni topib, silliqqina sirg;alib chiqadigan bo'ldi: "Falsafa instituti, ayniqsa, nafosatshunoslik bo'limida hamma narsa nafis deb o'ylab, shu yerga ishga keluvdim. Qarasam ahvol bunaqa. Avvaliga bu akalarimni murosaga keltirishga o'zimcha urinib ko'rdim, foydasi bo'lmagach, janjal boshlanganida "Mayli, men bir chekib kiray" deb tashqariga chiqib ketadigan bo'ldim. Mana, bugun ham, bilmasam, nima sababdan qanday urishishdi ekan…"
Endi o'ylab qarasa, b o'tar-kechar dunyoda o'sha mudir ham, ikki katta ilmiy xodim ham yo'q! Hattoki kichik ilmiy xodimlar ham allaqachon institutdan ketishgan: biri - qizlari bo'y yetib qolgach, ilmiy ishini yig'ishtirib qo'yib, ularni uzatish tashvishlari bilan. Ikkinchisi - "It nomlari nafosati" mavzuidagi nomzodligini himoya qilar-qilmas, hali hujjatlarini qo'liga olmay turib, bandalikni bajo keltirgan. "Dunyo - bevafo" deganlari shu ekan-da! Yo falak! Shunga shunchami?! O'lish uchun qilingan himoyami bu?!
Bu ulkan laboratoriyada dastlab Ahmadali bilan shaxsan direktorning o'zi shug'ullandi: biror oy u kishining dala hovlisida "ilmiy safar"da bo'lib, uni ta'mirdan chiqardi. Keyin bo'lim mudirining qo'liga o'tdi: u kishining to'rt xonali uyidagi ochiq ayvonni tashqari-yu, ichkaridan qaraganda ham odamning suqi kiradigan chiroylikking oynaband ayvonga aylantirdi. Ana undan keyin hamxonalari - katta ilmiy xodimalrga nacbar keldi. Dastlab ozg'in katta ilmiy oxodim uni allaqanday bosmaxonaga boshlab bordi: doktorlik ishi kitob bo'lib bosilgan ekan, uch-to'rtta "jiddiy xato" ketibdi, endi savdoga chiqarmay turib tuzatish varaqchasi uch ming nusxaga bitta-bitta joylab chiqilishi kerak ekan! Uch kunda uch ming nusxa kitobning so'nggi sahifasiga "tuzatish"ni kirita turib, o'zini bir sidra varaqlab ko'rarkan, o'qish bilan o'ylashga -ku, vaqt yo'q, shoir satrini yana bir bor o'zicha takrorladi: "Yozganing ham, tuzatishing ham bir pulga qimmar". Ishqilib, yigirma besh yashar oqzumand yosh olimning uch kunlik ishi necha pulga tushadiyu qay bo'shliqdan chiqib, qay illatga ketadi - bunisini kim biladi? Ilm yo'li shunday izga solingan ekan, zamona zayli shunday ekan, nachora, chidaydi-da!
Keyingi haftada "tegirmonning navbati" novchadan pakanaga o'tdi. "Ha degan tuyaga mada. Uch-to'rt kun qarashvorasiz-da, uka!" deya uni uyiga olib ketdi. Kattakon xonada ishiga - qadalib o'tirdilar: unisi - qiroat bilan o'qiydi, bunisi - odob bilan tuzatadi, ikkovlon totuvlik bilan bamaslahat tuzatishni qo'lyozma nusxalariga ko'chiradilar. Bu ish, harqalay, mardikorlikka nisbatan ilmga ancha yaqinroq, lekin qanday ilmga?! Bu ilmni nima deb atash kerak: savolga tayinliroq javob qidirib yurganida keyingi haftada endi "tegirmonning navbati" tag'in pakanadan novchaga o'tadi. U Agmadaliga akalarcha mehribonlik bilan sinovchan tikiladi: "Tag'in bir kunga qarashvorasi-da, uka!" Naqd fan doktori katta boshini kichik qilib o'tinib turganidan keyin nima deb bo'ladi! Ertasiga aytilgan manzilga borsa, "domlasi" uni mashinga o'tg'azib, bir uyga, keyinroq ma'lum bo'lishicha, kuyovining qo'liga oborib topshirdi: "Mana, shogirdim! Bir kunga ho'kiz o'lmaydi deganlar!.." Domlasining kuyovi uni o'z mashinasiga o'tqazib, shahardan tashqariga olib chiqdi-da, bir supurgizorning boshida to'xtatdi: "Mana, o'roq, mana, yetilib turgan supurgilar!" Xuftonga qadar terlab-tepchib supurgi o'rdi. Biroq na domlasi, na kuyovi, na eshagining tog'ayi - hech kimning qorasi boshqa ko'rinmadi. Xuftonda charchab-horib, ochqab-tashnai zor bo'lib shahri azimga, azbaroyi quruvchiligi sabab bu shaharda peshonasiga birgan bir xonali uyiga qaytdi. Qaytar ekan, o'zidan qayta-qayta so'radi" "Ilmmi shu? Ilm bo'lsa, qanday ilm? Har qalay, mantiq deganlari bunaqa bema'ni bo'lmasa kerak! Xo'sh, o'zining nomzodlik ishi mavzui qachon rasmiylashtiriladi, qachon "minimum"lar o'qilib-topshirilib, ishning o'zi qachon yoziladi?!"
U behisob savollarga javob qidirib yurganida paxta mavsumi boshlanib, butun institut bo'ylab yalpi safarbarlik e'lon qilindi. Odatdagidek bu gal ham azim Sirdaryo bo'yidagi kimsasiz paxtazor oralab borib bir "barak"ka joylashdilar. U ikkinchi qavatga o'rnashdi: bir tomonda kichik ilmiy xodim Do'smurod Xo'jaxonov, bir tomonida - qo'shni "ilmiy ateizm" bo'limining laboranti, o'ziga tengdosh G'aybulla degan yigit. Uchovlon birga yurib, birga turib, birga paxta terib, birga tushlik qilib birga-bir ish boshladilar. Ma'lum bo'lishicha, Do'stmurod Xo'jaxonov falsafa institutida ishlashdan tashqari Sirdaryo pedinstitutida qo'shimcha dars berar, G'aybulla bo'lsa, laborantlikdan tashqari, ayni shu institutning oxirgi kursida sirtdan o'qir ekan! Qarabsizki, har qadamda ko'rsatmalar buyruqlarga ulanadi: "G'aybullajon, tovoq-qoshiqlar qani?". "Bularni endi o'zingiz yuvishtirib olasiz-da, G'aybullajon!" Kunlardan bir kuni G'aybullajon qaygadir ketgan edi, Do'stmurod Xo'jaxonov bilan ikkovlon jimgina tushlik qildialr. Xushlamayroq yeb-ichib, xushlamayroq o'rnidan q'zg'olar ekan, Xo'jaxonov unga tikildi: "Ahmadalijon, manovi tovoqniyam…" Ahmadali bir muddat o'ylanib qoldi-da, Xo'jaxonovga ma'noli ko'z tikib, ohistagina so'radi: "Manovi tovoq kimniki?! Siznikimi, yo!?" Xo'jaxonov qattiq esankirab, beo'xshov ishshaydi: "Hazil, Ahmadalijon, hazil! O'zimniki - o'zim yuvaman!"
Ha, ilm yo'lida qanday riyozat chekib, kimlar bilan hamtovoq bo'lsang bo'laver, faqat bu yo'lda har kim o'z aravasini o'zi tortsin! Nega endi katta ilmiy xodim - kichik ilmiy xodimni, kichik ilmiy xodim - laborantni bozordan sotib olingan cho'bir otdek o'z aravasiga qo'shib haydashi kerak?
Ahmadali shunday savollar iskanjasida sarsari kezinib, izlab-qidirib, o'qib-o'rganib, besh yil deganda ming mashaqqatlar bilan nomzodlik ishining mavzuini rasmiylashtirdi, "minimum"larni topshirdi, hatto uch yuz sahifa qoraladi ham! Faqat himoyaga, to'g'rirog'i, ishning mazmunini maqola sifatida e'lon qilishga kelganda asablari battar zo'riqdi. Talabalik chog'larida bosilib chiqqan bitta-yu bita maqolasi bilan tolibi ilmlikda yozilgan maqolalarining qo'lyozmalarini olib jurnaldan jurnalga, gazetadan - gazetaga o'tdi. U xodim undoq deydi, bu xodim bundoq vaj-karson. Aksariyati Ajmadaliga ajablanib qaraydi: nima bu, adabiyotmi, rujshunoslikmi, nafosarshunoslikmi, axloqshunoslikmi?" Agmadali o'zicha tushuntirishga urinadi: "Estetik tuyg'u nafosati" degan dissertatsiyadan bob - ijod psixologiyasi haqida yangicha qarashlar". Xodim "Baribir, tushunmadi" degan ma'noda yelka qisadi: "Shu uch-to'rttasidan bittasining qolipiga solib keling, yo, "nast", yo "ilm", yo "publitsistika" deb beraylik! Ajmadali batafsilroq tushuntirishga urinadi: "Shuning uchun ham bu uch soha uch tomonga tortqilanib, uchalasiyam tarashadek quruqshab yotibdi-da! Nasrda - ilm, ilmda - jonli til, publitsistikada - tayinli fikr yo'q! Shu uch soha oqqush, qisqichbaqa, cho'rtanbaliqqa o'xshamay birlashib, uch ot bo'lib aravani bir tomonga baravar tortsa, nima, yomonmi?!"
Qani endi bunday "tushuntirishlar"dan zig'ircha naf bo'lsa. Hoynahoy "Mening fikrsizligimga sha'ma qilyapti" deya o'ylab, battar to'nini tekari kiyadi.
U maqolalarini e'lon qildirolmay, nomzodlik ishining matnini rus tiliga tarjimasini tugatolmay xunob bo'lib yurganida kutilmaganda estetika fani bo'yicha ilmiy kengash O'zbekistonda, nafaqat O'zbekistonda, butun Turkistonda yo'q bo'ldi-qoldi. Bu fan bo'yicha himoya Moskva va Leningradda, Boltiqbo'yi va kavkazorti respublikalari poytaxtlaridagina himoya qilinadigan bo'ldi! Endi shunisi yetmay turuvdi. Hamisha kambag'alning ovi yursayam dovi yurmas ekan-da! Rus tilida maqolalar chiqarib, Moskvaga borib dovlashishning o'zi bo'ladimi endi?!
Yigirma to'qqiz yoshida uch yuz sahifa nomzodlik ishi, birgina maqolasi, bir xonali boshpanasi, boshqa hech vaqo!.. "Fan nomzodi bo'lmagunimcha uylanmayman" deya beboshvoq otdek yulqinib chopganida yetib kelgan joyi shu bo'ldimi?! Qishloqqa borganida har gal oyisi zorlanadi: "Akang uylandi, ukang uylandi, yana bir ukang uylanadigan, sen qachon?! Ko'z ostingga olganing bo'lsa ayt-da! Qurib ketsin shu olimliging ham!.."
Navbatdagi qistovlardan keyin bu shahri azimdan mantiqni yolg'iz emas, ikki kishilashib qidirishga ahd qildi. Boshi ikkita bo'lsin, naryog'iga boshga tushganni ko'z ko'raveradi!..
Sakkizinchi bob
"Teatr ilgichdan boshlanadi" deydilar. Xo'sh, ilm-chi? Hamidulla Xudoyorov o'zining qirq yillik tajribasiga tayanib ayta oladiki, har qanday ilm avvalo oddiygina intizomdan - mehnat intizomidan boshlanadi. Olamshumul kashfiyotu nodir ilmiy fikr "Olma pish - Og'zimga tush" deya taralabedod yurgan takasaltangning boshiga bexos yog'ilgan chalpak emas, aniq bir maqsadga qaratilgan izchil va surunkali, do'zax azobidek og'ir aqliy mehnatning qonuniy hosilasidir. Fikr bilan ish ko'radigan odam ana o'sha fikrni kuchaytirib, chog'ishtirib… - muttasil harakatlantirib turmasa, eng noyob-bebaho ilmiy topilma ham vaqt o'tishi bilan qotadi-qoladi va hayotga tadbiq etish uchun mutlaqo yaroqsiz, havoiy nazariya, ortiqcha dahmazaga aylanadi. Bundan o'ttiz-qirq yil avval qo'lga kiritgan birgina ilmiy fikrni eng so'nggi haqiqat sifatida mahkam ushlab olib, qo'liga bayroq qilib ko'tarib, aslida allaqachon nazardan qolgan nazariyotchilar, qisir sigirdek shataloq otib yurgan "olimlar" afsuski juda ko'p.
Mana, qirq yildirki, Hamidulla Xudoyorov, Xudoga shukr, qilni qirq yorib yashaydi. Ko'ngliga qil sig'may, bir tutam bo'lib turganida ham, har kuni albatta, ma'lum vaqt nimadir o'qiydi, yozadi, fikrlaydi. Keyingi yillarda u ko'ngli tusagan - o'zini qiziqtirgan narsanigina o'qiydigan bo'ldi. Demakki, bu ish kiroyi mehnatgina emas, jismoniy tarbiya mashqlariga ham o'xshab ketadi. Hattoki barcha falsafiy fanlar ham Hamidulla Xudoyorov uchun ovunchoq: "xobbi"dek gap! Qiziq narsaga hamma ham qiziqib qaraydi-da! Lekin jamiki qiziqib ko'rgan, o'qigan-bilganlarini huquqshunoslik masalalariga tatbiq etib, bu fandagi biron bir muammoni tobora oydinlashtirish, kundan-da ravshanroq shakl-shamoyilda aniq-tiniq yoritishni haqiqy ilmiy ish desa bo'ladi! Misol uchun huquqshunoslik faninig "inson manfaatlari" masalasini jiddiyroq o'ylab ko'ring! Xo'sh, "inson manfaatlari" va "manfaatparastlik" tushunchalari o'rtasidagi chegara qayerda?! Ma'lumki, bashariyat tarixidagi har qanday davlat inson manfaatlariga qay darajadadir xizmat qiladi, xizmat qilishi kerak, aks holda umuman davlarga ham, bu tushunchaga ham zarurat qolmasdi. Hattoki eng totalitar - "davlat inson uchun emas, inson davlat uchun" deb qarovchi tizim ham har bir fuqaroning muayyan haq-huquqini kafolatlaydigan muayyan tartib-intizomni joriy etib, turlicha huquqbuzarliklarga qarshi turish maqsadida tuzilar ekan, demak, u ozdir-ko'pdir inson manfaatlariga xizmat qiladi. Hamma gap o'sha tartib-intizomning qay bir insonning qanday manfaatlariga xizmat qilayotganidadir. Masalan, har bir madaniyatli jamiyatdagi har qanday davlat fohishalikni, xotinbozlikni, ko'pxotinlikni hamisha qoralab, bu illatlarni butunlay yo'qotolmasa-da, aqalli qonun yo'li bilan cheklab-chegaralashga intilib kelgan. Lekin yirik shaharlarda, hattoki ayrim "madaniylashgan" qishloqlarda ham balog'at yoshidagi bir erkakka o'nta ayol to'g'ri kelsa-chi? Hayotning o'zida ahvol shunday nomutanosib bo'lsa, buning asl sabablarini aniqlab bartaraf qilishning adolatli yo'llarini qidirishning o'rniga ko'pxotinlikni qoralayverish to'g'ri bo'larmikan? Bu ish inson manfaatlariga xizmat qilarmikan? "Ortiqcha" qizlarning oila qurish huquqini kim kafolatlaydi? Islomdan avvalgi johiliyat zamonlaridagi arab qabilalariga o'xshab, o'sha "ortiqcha" qizlarni tiriklayin ko'mib yuborish kerakmi?! Insonlar manfaatlariga beshafqatlarcha zulm qilishlariga chek qo'yishning o'z vaqtidagi eng to'g'ri yo'lini islom ko'rsatgan, fikh ilmi tasdiqlab bergan edi: o'ziga to'q erkak to'rttagacha xotin olishi mumkin, agar to'rttalasi bilan shar'iy nikohdan o'tib, barchasiga adolat qilib, ularning manfaatlarini baravar kafolatlay olsa!.. Hamidulla Xudoyorov bir paytlar arab tilini puxta o'rganib, Quroni Karim bilan Hadisi sharifni hatm qilgan, mana, nihoyat ularni o'zbekcha tarjimasida ham o'qiyapti, imom Buxoriy, imom Termiziydek buyuk muhaddislaru mukallimlar, Moturidiy va Marg'inoniydek fikh ilmining sardorlari qoldirgan boy ilmiy meros bilan ham tanishib chiqdi. Lekin bu ilohiy - ilmiy meros, umuman islom huquqshunosligidan XXI asrning boshlarida huquqiy demokratik davlatini mustahkamlayotgan xalq qanday foydalanishi kerak? Hayotga, chunonchi, qabul qilinayotgan o'z qonunlariga qanday tatbiq etsa bo'ladi? Ularni inson manfaatlari umumjahon deklaratsiyasi, Jeneva konventsiyasi kabi talay xalqaro hujjatlarga, shu qadimiy zaminda yashab turgan boshqa din vakillarining ham tb insoniy manfaatlariga qay tarzda muvofiqlashtish kerak? Shu birgina hayotiy muammo, aytish mumkinki, xalqning o'ziga xos hayot-mamoti ustida har qancha bosh qotirsa arziydi. Lekin o'z o'ylarini va ilmiy xulosalarini ijtimoiy fikrning barcha qatlamlarini yorib chiqa oladigan va ko'pchilikka manzur bo'ladigan tilda qog'ozga tushirish bir umrlik orzu! Dunyoda teran fikrlaydigan odamlar behisob, lekin uni tilda hammaning havasi keladigan quyma shaklda ifodalay olish mahorati - ayni shu mohirlik, chinakam olimlikning ibtidosi, shu bilan birga, ko'p yillik izchil aqliy mehnat, zahmat-mashaqqatlarning qonuniy intihosidir. Hamidulla Xudoyorovni "Hamidulla Xudoyorov" qilib turgan kuch ham ana shu ibtidoyu intihoda! Ayni shu mahoratda…
Hamidulla Xudoyorov navbatdagi maqolasini qog'ozga tushirgach, ustidan bir sidra ko'z yugurtirdi. Bas! Bugungi ishi bitdi hisob. Maqolaning ham ibtidosi - asosi bor, endi uni intihoga yetkazish - har bir jumlasi va so'ziga e'tiroz qilolmaydigan darajaga olib chiqishi kerak! G'ayrati taniga sig'may yurgan paytlarida bunday ishni bir necha kunda: hattoki bir kechadayoq maromiga yetkazib qo'ya qolardi. Keyingi yillarda qariyaptimi, qaydam, ortiqcha zo'riqishni sog'lig'i ko'tarmaydigan bo'lib qoldi. Kech yotib - barvaqt turish, ayniqsa, tunda - bevaqt ishlash sog'liqning kushandasi ekan. Sixni ham, kabobni ham kuydirmaslik - ham sog'liqni saqlash, ham ilmiy fikrning cho'qqisida turish uchun qat'iy tartibga - temir intizomga rioya qilish kerak! Yagona chora shu! Demak, o'n bo'libdimi, endi bugungi ishga nuqta qo'yib, odatdagidek biror soat o'zini uyquga hozirlab, nimanidir ermak qilishi kerak.
U bir muddat dala hovlini aylanib keldi. Yana bir muddat o'g'il-qizlari yonida televizor tomosha qilgan bo'ldi. Tuturiqsiz bir ko'rsatuvdagi yoshlarning chuchmal gaplaridan ensasi qotib, tag'in o'z ishxonasiga yo'l oldi. Jovondagi kitoblarga bir sidra ko'z yugurtirdi. Biror soat uyqu oldidan ko'nglini ravshan torttiradigan nimani ermak qilsa ekan? Shu asnoda Cho'rtanboyning tagdor imo-ishoralarini eslab qoldi-da, yozuv stolining bir chetida taxlanib turgan qo'lyozmalarini ko'zdan kechira boshladi. O'sha mantiq bo'limining mudiri Ahmadali biror oy avval bir qo'lyozma beruvdi, shuni haligacha o'qiy olgani yo'q. Ha, mana! "Ahmadali Qultoy. Kesik til mantig'i". Dastlab ko'rganidagidek yana ensasi qotdi. Nima bu? "Ahmadali Bobojonov" degan tuppa-tuzuk mantiqshunos olim. Qachondan buyon "Qultoy" bo'lib qoldi? Nega endi "Hakimbek" emas, "Ultontoz" emas, "Qorajon" emas, kelib-kelib "Qultoy"? Olimga yarashadigan jiddiyroq taxallusmi yo oliftagarchilikmi?
U qirq sahifa qo'lyozmani yengilgina varaqlagan ko'yi yumshoq o'rindiqqa o'tirib, oyoqlarini chalishtirdi. Bir muddat ko'zlarini yumib xayolga toldi.
Hamidulla bu odamni yigirma yildan buyon biladi. Yigirma yilcha avval "Sharq yulduzi" jurnalida "Eng jumboq tuyg'u" degan antiqa bir maqola o'qib qoldi. Yuzaki qaraganda, maqolaning na falsafaga, na huquqshunoslikka, na psixologiyaga, na sotsiologiyaga, na adabiyotga bevosita aloqasi bor, ammo unda bashariyat necha ming yillardan buyon hamisha bosh qotirb kelgan bir azaliy va abadiy jumboqning yangicha yechimi izlangan, yangi talqin, yangi fikr maromini kuzatsa bo'lardi. Kim yozgan bu maqolani? So'rab-surishtirgan edi, falsafa institutida ishlaydigan bir yigit deyishdi. O'shanda o'zi O'zbekistondagi eng yosh huquqshunoslik fanlari nomzodi, doktorlik ishi ham qariyb tayyor, shahar markazidagi yangi uyning qulfini buzib kirib, tuppa-tuzuk joylashib olgan, xullas, shuhrat osmonida uchib yurgan chog'lari, bir jurnalda "irimiga" bosh muxarrirlik qilardi. Qo'l ostidagi xodimlar "aka-aka"lab olib kelib, falsafa institutining oshxonasida bir "bazmi jamshid" tashkil qilishdi. Bazm avjida kimdir "Ana, siz so'ragan yigit!" deb qoldi. Qarasa, o'ttiz yoshlardagi novchagina odam, yolg'iz o'zi bir burchakda qunishibgina o'tiribdi. Dastyorladan biri chaqirgan edi, qo'l qovushtirib keldi. Yoniga o'tqazib, mo'jaz qadahchadagi ichimlikni uzatar ekan, so'radi:
- Meni taniysanmi?
- Sizni kim tanimaydi, aka!
Javobdan ko'ngli to'ldi-to'liqdi. Muddaoga ko'chdi:
- "Eng jumboq tuyg'u"ni sen yozganmisan?
Yigit lab-lunjini yig'ishtirib, jiddiylashdi:
- Ha, men… tinchlikmi?
Kulgisi qistadi. Lekin yigitning ahvol-ruhiyasini his qilib:
- Tinchlik, tinchlik! - dedi yupatgannamo ohangda uning kiftiga kaftini bosar ekan. - Shu maqolang uchun olaylik.
Yigit daf'atan yengil tortib:
- Rahmat, aka, e'tiboringiz uchun! - dediyu bir ko'tarishda qadahni bo'shatdi.
Shu paytgacha qayoqdalarda yuruvding, uka?
- Shu yerda… "Yerning ustida - osmonning ostida" deganlariday…
Maqolasigina emas, o'zi ham, o'zini tutishi ham, gap-so'zi ham ma'qul keldi.
- Ha, mayli, omad yor bo'lsin, uka! - deya javob berib xayrlashdi.
O'sha yigit, endi falsafa fanlari doktori, mantiq bo'limi mudiri. Keyin ham anchagina narsalarini o'qidi. Aytish kerak, fikri tiniq faylasuf, mijg'ov emas, ezma emas. O'n yilcha avval - o'zi institutda huquqshunoslik masalalari bo'yicha direktor o'rinbosari bo'lib ishlar ekan, doktorlik himoyasining taraddudida yurgan edi. Orqavarotdan xayrixohlik bilan qarab yurdi. Institutga direktor bo'lib kelgach, ishni barcha xodimlar, avvalo, bo'lim mudirlarining shaxsiy xujjatlari bilan yaxshiroq tanishib chiqish bilan boshladi. Ahmadalining xujjatlarini ko'rib qanoat hosil qildi: Qirq yetti yoshdagi fan doktori. Qariyb yigirma yildan buyon bir joyda - falsafa institutida ishlaydi! O'shanda o'zicha o'yladi: "Daraxt bir joyda ko'karadi" bu to'g'ri, lekin dunyo keng… Biror hafta o'tib, o'zi qorasini ko'rsatavermagach, chaqirtirdi. Salomlashib, sinovchan tikildi:
- Chaqirtirmasam o'zingiz kirmaysiz? Ishga kelganimdan xafamisiz yo?..
- Nega endi? Ko'p qatori xursandman. Institut tarixidagi eng adolatli ish shu bo'ldi! Biroq azbaroyi salom berish uchun kirib sizni bezovta qilmay degan andishada…
Javobdan ko'ngli to'ldi. Oradan biror hafta o'tib, ish oxirrog'ida o'zi mantiq bo'limiga kirib bordi. Bo'lim xodimlari bilan bir muddat yozilib gurunglashdi. Bu olamda ne bir jumboqlar, taranglashgan asab torlari shunday dilkash gurunglarda yechilgan! Otamlashuv asnosida ikkovlon yolg'iz qolganlarida Ahmadaliga sinovchan tikildi:
- Biron jurnalga rahbar qilib jo'natsak eplay olasizmi?
- Men jurnalist emas, faylasuf bo'lsam, faylasuf uchun falsafa institutidan ma'qulroq bo'lmasa kerak?..
Odatda bunday paytda "Albatta, eplayman-da!", "Nima, menga ishonmaysizmi? Ishonchingizni oqlamagan nomard!", "Rahmat-e, aka!" va hokazo gaplarga o'rgangan quloqqa dastlab bu javob bir qadar erish tuyuldi. Jiddiyroq o'ylab ko'rib, uning mantiq kuchiga ich-ichdan tan berdi. O'z fikrini qat'iy taklif va yo talab tarzida bildirmaganidan mamnun bo'ldi. Dunyoning ishlariga faylasufona qaraydigan kiroyi olimni institutdan chetaltish kimga, nima uchun kerak? Yaxshilikni shu yerda ham qilsa bo'laveradi-ku!
Oradan biror oylar o'tib, dorilfununda o'ziga falsafadan dars bergan akaxonining yubileyi bo'ldi. Surishtirib bilsa, u kishi Ahmadalining diplom ishiga rahbarlik qilgan domlasi, nafosatshunoslikdagi birinchi ustozi ekan. Shu tantanaga birga borishga ahd qildi. O'z ahdini Ahmadaliga aytdi. Lekin u kutilmaganda yangi o'rinbosari bilan birga borishini taklif qildi. Taklifini mantiqan asosladi ham:… "Bahonada bu doirada yangi o'rinbosarinigizni - universitetga, universitetni - yangi o'rinbosaringizga tanishtirib kelardingiz?
"Nima bu? Tortinchoqlikmi? Nopisandlikmi? Yangi o'rinbosarga g'ayirlikmi?" Ertasiga bir ish yuzasidan maslahatlashar ekan, gap qistirdi:
- Kecha nega borishni istamadingiz?
Ahmadalining ko'zlarida o't chaqnadi:
- Siz bilan birga borib, birinchi domlamni institut nomidan qutlash, ochig'i, men uchun sharaf, aka! Lekin tantanali kechada men g'aribning yoningizda ko'rgan ko'rolmaslar "Xap, senimi, shoshmay tur!" deb tosh otadi. Bu toshlar sizga yetib bormaydi-da, mening boshimga kelib tushadi! Qo'ying, tinchlik kerak, "faqir - panada" deganlar, aka!
Bu gaplarni jiddiyroq o'ylab qarab, ulardagi mantiq kuchiga tag'in tan berdi. Naqadar tanish, qadrdon, Hamidullaning joni-qonidan ko'p bora o'tgan chinakam olimona, faqirona fikrlash tarzi! Lekin kiroyi olim qachongacha "faqir - panada" deb yashaydi? Bu holda tafakkur maydonining qoq markazini dilda dardi yo'q fikrsizlar egallab olmaydilarmi?
O'shandan buyon institutda o'zi ishonsa bo'ladigan ko'ngilga yaqin olimlardan biri mana shu Ahmadali Bobojonov deb biladi. Unga qo'lidan kelgan yaxshiligini qilib, yordam beishni istaydi. Bu olamda ham yaxshi olim, ham yaxshi odam bo'lish, ochig'i, qiyin. Jamiki baloyi nafs bandalari o'z manfaatlari yo'lida oppa-oson birlashib ketadilar, lekin ham yaxshi olim, ham yaxshi odam ko'pincha yolg'iz. Pahlavon Mahmuddek zot "Men o'zim madadga zorman-ku, bolam" deganidan keyin… Ham yaxshi olim, ham yaxshi odam hamisha himoyaga muhtoj. Chinakam huquqshunos va chinakam huquqiy demakratik davaltning eng birlamchi ishi shu: azizni - xor, ablahni - zo'r qilmaslik!
Darvoqe, Ahmadalining yozganini holisanlillo o'qib ko'rsin-chi, dardi nima ekan bu xokisoru-o'jar olimning?..
Hamidulla Xudoyorov qirq betlik qo'lyozmani bir hamladayoq ag'darib tashladi-da, hayajonlanib o'rnidan turdi. "Kichkina demang bizni - ko'tarib uramiz sizni". Rahmatli Ibrohim Mo'minov domlaning Amir Temur haqidagi risolasiga o'xshab, bu kichkinagina risolachaning ancha-muncha qarashlarni ostin-ustun qilib tashlaydigan mantiq kuchi bor ekan! Qolaversa, "Egalik huquqi"dan ham ko'proq huquqshunoslik masalalariga daxldor ekan! Bas shunday ekan, bu mo'jaz risolani hech ikkilanmay dadil qo'llab-quvvatlash kerak! Shunday qilsa, zamondoshlari oldida yuzi yoqug', ayniqsa kelgusi avlodlar uchun qilingan ishga xayrixoh bo'ladi, savobga qoladi! Huquqshunos olim uchun huquqni dovlashning o'zigina kifoya emas! Yaxshi inson va yaxshi olimning huquqini himoya qilish ham kerak!..
U uch jumla "fatvo" yozib, qo'lyozmaning ustiga qo'ydida qoniqish hosil qilib o'rnidan turdi. Ana, o'qish soati ham hordiq chiqarish emas, yaxshigina ish bo'lib chiqdi. Endi biryo'la miriqib dam olsa bo'ladi!..
To'qqizinchi bob
Ahmadali xotini bilan kichkina qizini qidirib bolalar maydonchasiga bordi. Ona-bolaning xursand holda o'yin bilan mashg'ulligini ko'rib xotirjam bo'ldi. O'zi o'rgangan o'rindiqqa cho'kib, tag'in o'z o'ylariga berildi.
Olti yil - universitetda, besh yil - falsafa institutida, jami o'n bir yil jonini jabborga berib, mutassil o'qib-yozib, bu orada yigirma to'qqiz yoshga kirib topgan-tutgani - "Estetik tuyg'u nafosati" degan uch yuz sahifa qo'lyozmasi… Estetika fani koshonasining eshiginiyam ocholmadi! Ochish qayoqda, ikki o'rtada bu fan bo'yicha ilmiy kengash ham yo'q bo'ldi - endi eshik tugul tuynuk ham yo'q! Nima qilish kerak? Beruniydek hukmdorning irodasini so'zsiz anglab, butunlay yangi eshik ochsinmi? O'ylay-o'ylay, otasi qilganini qilmasayam, har qalay, bilganini qilishga majbur bo'ldi. Eshitishicha, o'ziga qariyb tengdosh "Hojiakbar Islom Shayx" degan yozubchi yaxshi hikoyasini hech qayerda chiqarolmay, axiyri uni "arab tilidan tarjima" deb e'lon qildirgan ekan. Xo'sh, shu uch yuz sahifani o'sha yozuvchiga ergashib "arab tilidan tarjima" demasayam har qalay, ilmiy tildan adabiy-badiiy tilga tarjima qilsa bo'ladi-ku! Bu o'zbek tilidan rus tiliga "ilmiy tilda" tarjima qilishga nisbatab osonroq va tayinliroq ish-ku! Modomiki hozirgi jahon adabiyotining qoq yarmini ilmiy-badiiy adabiyot, bir so'z bilan aytganda, "esse", o'z tilimizga o'girganda, "badihanavislik" tashkil etar ekan, kattakon o'zbek adabiyotiga bitta chinakam falsafiy badiha, balki sig'ib qolar?
O'ylaganini qildi! Lekin endi adabiyotda yo'llaguvchi yo'ldosh, qo'llaguvchi qo'ldosh qani? Ilmiy rahbari zamonaviy adabiyotdan ming farsah yiroq. O'zi kichik bir maqolachani chiqarolmay turgan bir paytda butun boshli kitobni - adabiyotdagi yangi hodisani qay bir vallomat nashr etadi?
Baribir yaxshi umid bilan qo'lyozmani G'afur G'ulom nomidagi "Adabiyot va san'at nashriyot"iga topshirdi-yu, yelkasidan tog' ag'darilgandek bo'ldi. Topgan-tutgani - ilmiy ishi endi yo'q - o'z qo'li bilan yo'q qildi! Nashriyotdagilar badiha bilan tanishib, tanalariga o'ylab ko'rgunlariga qadar ta'tilga chiqib qishloqqa bordi. Buyog'I - bundoq, afandi aytganidek, "dumi - xurjunda" ekan, aqalli endi yigirma to'qqiz yoshida oyisining qistovlariga ko'nib, uylanishni o'ylashi kerakka o'xshaydi…
Bir haftadayoq qishloqqa sig'may qoldi. Olam qadar keng yuragi toriqib ketdi. Qishloq chekkasidagi "yugnaktepa"ga ko'tarildi. Poyi-piyoda. Atrofni tomosha qildi! Yugnak! Ota makon! Bobojonlar yurti! Asli "yig'noq"mi, yo "yignak"mi? To'rt tarafdan chor darvishdek yig'ilganlarning qurama qishlog'imi, yo ipmi-jun yigiruvchilar, kalvaning uchini qidiruvchilar, jumboqlarni yechuvchilar qishlog'imi bu?
Yuragi battar siqilib, tepadan pastga tushdi. Bir xayoli - o'zi o'qigan maktabga kirib, o'qituvchilari bilan gaplashmoqchi, yo sinfdoshlarini topib yurak chigilini ular bilan yechmoqchi bo'ldi. Biroq ular allaqachon oilali! O'qituvchilari ham "Ishlaring qalay? Bola-chaqalar nechta bo'ldi?" qabilida qiziqsinishlari aniq! Daf'atan ko'ngli yorishdi: o'quvchilik yillaridayoq tanda qo'ygani, maktabni birtirgach bir yil ishlagan joyi - qishloq kutubxonasi bor-ku! Uning ko'zini ochgan qadrdon kutubxona!
Kirsa, u qachonlardir qadalib o'tirib, orsa qiroatxonlik qilgan joyda gavhardek charaqlab-chaqnab, yal-yal yonib bir qiz o'tiribdi. Qizmisan-qiz! Ko'rib ko'zlari qizidi. Butun vujudi jimirlashib, qonida ko'p yillardan buyon mudrab yotgan bir kuch uyg'ondi. Qiz dadil ekan, shaxt bilan o'rnidan turdi:
- Keling, Ahmadali aka, assalomu aleykum!
Ahmadali alik oldiyu beixtiyor "siz"ladi:
- Meni taniy…sizmi?
- Bo'lmasam-chi! Murodali sinfdoshimning akasisiz. Unga juda o'xshab turibsiz!
- O'zingiz-chi?
- Hasan aravakashning qizi.
Otasini ko'z oldiga keltirib, ko'ngli to'ldi.
- Ha, yaxshi, deya qizga sinovchan tikildi: - Tagorning sakkiz jildligi chang bosib yotibdimi?
Qiz ma'noli kuldi:
- Yotibdi - chang bosmay! Sizga qay asari kerak: "Gourmoxan"mi, "Halokat"mi, "So'nggi doston"mi?
- "So'nggi doston"! - deya andak jim qoldi. - Mayli, "So'nggi doston"ga hali vaqt bor, nazarimda. Menga hozir… "Xonadon va jahon" kerak!
Kitobni olib uyga qaytdi. Murodali ukasidan sinfdoshini so'rab-surishtirdi. Ukasi ta'rifni tobida qildi: "Yaxshi qiz! Ajoyib qiz!" Keyin akasiga tegishdi: "Ishqilib, menga kennoyilikka yaraydi! Tezroq kennoyilik bo'lsam, keyin siz yana bir kelinlik bo'lardingiz?.."
Endigina harbiy xizmatni o'tab qaytgan yigirma yashar ukasiki uylanishga shay ekan, endi o'zi… ortiq paysalga solib bo'lmaydi! Ukasiga "Senga kennoyilikka-ku, yarashi mumkindir, biroq menga shahri azimda bir umrlik yo'ldoshlikka-chi?" degisi keldiyu o'zini bosdi. Umr savdosi bilan bo'g'liq bu jumboqni oyisi, akasi, nihoyat, o'sha qizning o'zi bilan yechgani ma'qul!
"Asosiy savollar"ga javoblar ko'pdan kutilgan va kutilmagan bir tarzda osongina opilgach, rasm-rusumlaru to'y taraddudi asnosida qizga o'zini o'ylantirib keladigan bir necha "qo'chimcha savollar"ini berdi: Bir qiz "Qanday qilib generalning xotini bo'lish mumkin?" deb so'ragan dugonasiga "Avval kichiki leytenantga turmushga chiqib, yigirma besh yil sarsonlik-sargardonlikda yurishing kerak!" degan ekan. Siz bunday sarsonliklarga chidarmikansiz, ayniqsa, men general bo'lolmay qolsam?", "Oilada tinchi yo'q olim hech qachon katta olim bo'lolmaydi. Bizning oilamiz tinch-totuv oila bo'la olarmikan?", "Ochig'ini aytsam, ulkan shaharda Xudodan boshqa ishonarim ham, suyanarim ham yo'q! Siz bandalar orasidagi bir umrlik ishonarimu suyanarim bo'lishni astoydil istaysizmi?.."
Xudoga shukur, bunday "imtihon savollari"ga o'shanda ham, yigirma uch yillik turmushlari davomida ham bu "talaba qiz" kutilganidan a'loroq javob berdi, javob beryapti, hoziga kelib, o'zi uning ishonchini ko'ngildagiday oqlayolmaganidan gohida o'ksinadi.
"Yigitning boshi ikki bo'lmagunicha biri ikki bo'lmaydi" deganlari to'g'ri ekan! Gavharni Toshkentga olib kelganidan keyin bir yil o'tib, roppa-rosa o'ttiz yoshida yolg'iz o'gli Akbaraliga ota bo'ldi. Yana bir yildan keyin savil qolgan nomzodlik ishi "badiha" emasu, har qalay, "esse" tarzida kitob bo'lib bosilib chiqdi. Yana bir yil o'tib, to'ng'ich qizi tug'ildi. Yana bir yil o'tib, nafosatshunoslik bo'lmasa-da, ahloqshunoslik bo'yicha nomzodlik ishini himoya qildi. Yana bir yil o'tib, shahar markazidagi anovi ko'zga yaqqol ko'rinib turgan oliymaqom uyga ko'chib keldilar. O'rtancha qizi bilan kenja qizi ana shu uyda tug'ilishdi.
Ketma-ket qo'lga kiritilgan bu yutuqlar hozirga kelib go'yo o'z-o'zidan bo'lgandek, holbuki ularning har biri ne mashaqqatlar bilan qo'lga kiritilgan. Buni Ahmadalining o'zi juda yaxshi biladi. Hech qachon unutmaydi, unutolmaydi ham! Ayniqsa, dastlabki kitobining bosilib chiqishi, nomzodlik ishining himoyasi… bularni qanday unutib bo'ladi?!
Gavhar bilan Toshkentga kelgach, ilmiy ishni qo'ya turib, azbaroyi nashriyotda harakatsiz yotgan "dastlabki falsafiy badiha"ni yoqug'likka olib chiqish umidida Nashtiyotlar davlat qo'mitasiga ishga o'tdi. Ikki yil rus tilidagi rasmiy yozishmalar, dangalroq aytganda, "bir pulga qimmat qog'ozbozliklar"ga mukkasidan sho'ng'idi. Arava tortadigan cho'bir ot hamma joydayam kerak! Shunda ham kitobning atigi yarim hajmini nashr rejasiga kiritishga muvaffaq bo'ldi. Qo'lyozma bosilib chiqish arafasida esa kutilmaganda ishkal chiqdi, yarmi qolgan asarning naqd o'ttiz betlik katta bir bobi olib qolindi. Nega aynan "Eng jumboq tuyg'u" degan muhabbat, oila, nikohu ajralish muammolarining ilmiy va badiiy yechimlari xususidagi bu bob o'rinbosarga yechilmas jumboq bo'lib tuyuldi ekan?! Sababini o'zidan so'rab, haqqini dovlashga chog'landi. Lekin avvaliga qilgulikni qilgan o'rinbosar - katta yozuvchi tutqich beravermadi, keyin qo'qqisdan (balki atayin!) o'zi Qoraqalpog'istonga maxsus safarga jo'natildi. Har qalay, asl sababini o'sha yoqda tanishgan "Abdulla Sodiqov" degan o'ziga qariyb tengdosh yozuvchining gaplaridan bilib oldi. Ma'lum bo'lishicha, u "So'nmas yulduz" degan go'zal bir romanini kitob qilib chiqargan. Berdaq haqidagi yangi romanidan bir qismni qissa sifatida nashrga tayyorlab turgan ekan. "Tomaningizni… nega butun holda chiqarmaysiz!" - ajablanib so'radi Ahmadali. Savolga javob uni qattiq hayratga soldi: "Bizda Berdaq bilan roman mening shaxsiy tomorqam!" deb biladigan katta yozuvchilar bor-da! Berdaqning qizi Hurliman haqidagi shu qismni "qissa" deb chiqara olsam ham katta gap!"
Demak, o'sha o'rinbosar bo'lib o'tirgan katta yozuvchi o'zining muhabbat mavzuidagi chuchmal qissalariyu arzon-garov suhbatlariga asoslanib, "Shu mavzu mening tomor-qam!" deb xayol qilgan ekan-da! Endi allaqanday yozuvchi bilan tomorqa talashish… yo'q! Uning bunga holi ham da'vosi ham yo'q! U yozuvchi emas, faylasuf bo'lmoqchi! Nukusdan Toshkentga qaytib keldiyu bobning bosmaxona nusxasini "Sharq yulduzi" jurnalida ishlaydigan "Qurod Qidir" degan falsafiy fikrlashga moyil bir diltortar akaxonga oborib berdi. Bob kitob bilan qariyb baravar bosilib chiqdi. Yozuvchilar orasida anchagina shov-shuv qo'zg'adi. Jurnalning yillik mukofoti bilan taqdirlandi. Hatto ularning bir umumiy masvaratida rosa maqtaldi ham! O'sha mashvaratda ishtirok etgan kattagina yozuvchi hamyurti maqtovdan keyin qulog'iga engashib shivirladi: "Asli shu maqolangizni bizning jurnalga berishingiz kerak ekan-da, Ahmadali, uka!" Bu gapni eshitib ichi qizidiyu sir boy bermadi. "Ha, endi, ko'rmaysizmi!.." deb qo'ya qoldi. He-e odamning har nima bo'lgani yaxshi-ye! Aynan shu maqolani bir paytlar ayni shu akaxoniga oborib, rosa elangan edi: "Faylasuf hamyurtingizman, akajon! Shuni yorug'likka olib chiqishimga yordam bering, jon aka?!" U bo'lsa, qo'lyozmani o'zi boshchilik qilayotgan jurnalning chalasavod xodimiga oshirib yuborgan, chalasavod avvaliga "Bu nima?" deya ancha kalovlanib, keyin o'zicha nasihat qilib, qo'lyozmani qo'liga qaytarib bergan edi.
Xullas, u nashriyot davlat qo'mitasida ishlab yurib, endi axloqshunoslik bo'yicha ilmiy ish qiladi! O'n-o'nbeshta mavzuni ko'rib axiyri o'ziga ma'qulini topdi: "Adib Ahmadning axloqiy qarashlari ("Hibat ul haqoyiq" dostoni asosida). Axloqning ham, adabiyotning ham, asos-poydevori, o'zagi adab ekan, shunga jiddiyroq kirishmoq kerak. Bu yog'ini so'rasangiz, harqalay o'z yurtida axloqshunoslik bo'yicha ilmiy kengash ishlab turibdi, uni yo'qotish ham amrimahol, sharqona axloq xalqning qon-qoniga shunday singib ketganki, aksariyat odamlar o'lsa o'ladiki, axloq-odob doirasidan chiqmaydi… Tanlangan mavzui boshqalarga ma'qul keldi. "Bilimi chuqur, izlanuvchan, odobli yigit" sifatida og'izga tushdi. Bunday "obto'" bilan nashriyot davlat qo'mitasiga sig'may qoldi: Xullasi kalom, o'sha institut direktorining o'zi kichik ilmiy xodim sifatida ishlashga taklif qildi. Omadi chopgandan chopib, biror yildayoq "Adib Ahmadning axloqiy qarashlari"ni himoya qildi. To'g'ri, tug'ma ko'r, lekin ko'ngil ko'zi, ko'zi ochiqlardan ming karra ochiqroq bu avliyo shoirning ochun qadar keng "qarashlari" Ahmadalining himoyasiga ko'pam muhtojmas! Himoya Adib Ahmadga emas, Ahmadaliga kerak edi! "Hibat ul haqoyiq" dostoni… mo'g'ul istilosidek mudhish davrning qariyb yagona va beqiyos obidasi. O'sha davrda johiliyat va zulm yuqori pallaga ko'tarilib, ezgulik yovuzlik iskanjasiga tushga edi. Ana o'shanda tug'ma ko'r shoir hasadgo'y, nafs uchun hech narsadan qaytmaydigan "millat homiylari"ning ko'zlariga "Haqiqatlar armug'oni"ni ko'rsatgan bo'lsa, Xudoning qudrati naqadar cheksizligini bildirmaydimi?..
Ahmadali o'z xayollari bilan shundoqqina yoniga kelib to'xtagan qizlarini ko'rmabdi ham! Katta qizining savolidan o'ziga keldi:
- Qani, ada, uyga ketdikmi?
- Ketdik! - deya o'rnidan yengil turdi. Qizlari bilan baravar odimlar ekan, odatdagidek qiziqdi:
- Bugungi ishlaring qalay bo'ldi? - Shunday deya katta qiziga ko'z tikdi. - Qo'ling pul ko'rdimi, ishqilib?
Qizi o'ng'aysizlandi:
- Mijozlar bugun ham kelishmadi. Uch kundan buyon uchta kostyum taxt turibdiyu, aksiga olib, bitta mijozdan darak yo'g'-a!..
Qizini yupatdi:
- Ha, mayli, bugun bo'lmasa ertaga bo'lar. Muhimi - yaxshi ishlab, bichib-tikib turibsan-ku! Hali singling ham yoningga kirsa, pulni qayoqqa qo'yishni bilmay qolamiz.
Qizini ypatgani bilan o'zini yupatolmadi. Kuni kecha yigirma yoshga to'lgan qiz aqalli tug'ilgan kunini durustroq nishonlayolmasa! Unisi yigirma, bunisi o'n sakkiz "Qani, ada, endi meni uylantiring!" deb. Bu yoqda otaning institutdagi oyligi haminqadar. Durustroq qalam haqiyam bo'lmayapti. Xudoga shukr, uch yildan buyon chet elda o'qiyotgan o'g'lining sharofati bilan "dollar" degan "ko'ki"ning afti-angori qanaqa bo'lishini ko'rmadi emas - ko'rdi. Mana, besh-olti oydan buyon katta qizi ham chevar bo'lib, yaxshigina topib-tutib turibdi. Lekin "ro'zg'or" deganlari, ayniqsa, shahar sharoitida shunaqangi g'or ekanki, og'zini uncha-muncha "ko'ki"yu "qizili" bilan yopish mushkul! O'zbekning to'yi, qiz chiqarib, o'g'il uylash taraddudi esa, g'or emas, naq o'pqon!
Uchovlon xotini bilan kichkina qizining yoniga kelib, birga-birga uy tomon odimlar ekanlar, tag'in Ahmadalining yuragi siqildi. Xotiniyu qizlarining yonida o'zini yolg'iz his qildi. Yetti o'g'il bola bir oilada o'sib-ulg'aygan emasmi, endigi eng katta suyanchig'I, eng yaqin sirdoshi-dardkashi - yolg'iz o'g'lini qattiq sog'indi. To'g'rirog'I, uch yillik sog'inchni shu topda bir yo'la tuygandek bo'ldi. "Qirqiga chidaga qirq biriga ham chidash kerak! - sabr-bardosh tiladi o'ziga. - Har qalay, ko'pi ketib, ozi qoldi-ku! Xudo xohlasa, hali ishlari besh bo'lib, to'ylari to'ylarga, bayramlari-bayramlarga ulanib ketadi. "Bizning ko'chada ham bayram bo'lajak!"
Beshovlon birin-ketin uyga kirgach, bugungi kunlari ham tinch-osoyishta o'tganiga shukur qilib, odatdagidek xotini bilan qizlari o'z tashvishlariga berildilar. Ahmadali esa, biri-biridan nurliroq umidlar bilan o'z xonasi tomon yo'naldi.
O'ninchi bob
U xona echigini ichkaridan yopib, xontaxta yonidagi joyiga o'tirdiyu daf'atan yengil tortdi. Ertalabki soat bechdagi badantarbiyadan bochlangan "chop-chop"lar tugab, kechki ovqatdan keyingi bog' sayri ham nihoyasiga yetib, mana, yana ikki-uch soat o'zining eng asosiy ishi, birlamchi mashg'uloti bilan shug'ullanishiga navbat keidi! Ertalab tong otgunga qadar ikki soat, kechqurun uyquga yotgunga qadar ikki soat-bir kunda kamida to'rt soat ayni shu mashg'ulot - yozish, o'qish, tahrir qilish, oqqa ko'chirish, xullas, ILMIY ISH bilan shug'ullanish, mana, yigirma yildirki, Ahmadali uchun kundalik odatga aylanib qolgan. Avvallari bu odat, ya'ni davlatning ishidan keyingi qo'shimcha ish tarzidagi asosiy ish ham huzur bag'ishlardi, ham ish haqi ma'nosida o'zini oqlardi. Keyingi yillardagi bu ishi esa quruq ovoragarchilikka o'xshaydi. Xotini ham avvallari "qani, biron nima yozmaysizmi, adasi, ilhom parisini chaqirib kelaymi yo?" qabilida hazilu rosti aralash rag'batlantirgan bo'lsa, endi "Sizga nima zaril! Sog'ligingizni o'ylasangiz-chi! Koshki foydasi bo'lsa"deya achinib-rahmi kelib qaraydigan bo'ldi. Lekin, nachora, tarki odat amrimahol, ko'ngil qo'ymaydi, ko'ngil ishi-ko'ngilli ishdan esa faqatgina moddiy mafaat, foyda qidiraverish to'g'ri bo'larmikin?! Ma'naviyatu ma'rifat deganlarni pul bilan o'lchab bo'ladimi?! Eng muhimi-mantiq kerak-da! Tasavvur qiling: dehqon yerga ishlov berdi, ekin ekdi, ko'kartirdi, sug'ordi, chopiq qildi, hosilni yetiltirdi, faqatgina yig'ib-terib olishga kelganda dalasini tashlab, boshqa bir yoqqa ketib qoladimi? Xuddi shunday, olim ham o'ttiz yil jonini jabborga berib mehnat qilsa-yu "Ana endi hosil ko'taraman" deb turganda… hammasidan qanday voz kecha oladi?! Chinakam olim ham bu dunyoga bir marta keladi, bir marta yashaydi. Buning ustiga, chinakam ilmiy tafakkur bir-ikki yilda emas, yigirma-o'ttiz yilda pishib yetiladi. Pishiqchilikka yetgan olim esa, butun umrini bag'ishlagan ilmining bozori kasodligini ko'rib-bilib tursa-da undan ko'ngil uzolmaydi. Ilm qurbon talab qiladi. Bu qurbonligim bugun bo'lmasa ertaga qadrlanadi degan umidi o'lmaydigan, o'zi o'lsa ham umidi so'lmaydigan zot-olimdir! Bir paytlar Ahmadalining umidi, bedorligi, harakati, ishonchi naqadar cheksiz edi! Uylangunicha o'n yil, uylanganidan keyin ham o'n yil-jami yigirma yil mobaynida aksariyat hollarda butun kunduz - davlatning ishiga, butun kecha-o'zining ilmiy ishiga baxshida etdi. Ishlab charchamasdi. Ba'zi kechalari mutlaqo uxlamasdi ham Hattoki yaqin-yaqinlargacha ham!
Esida, besh-olti yil avval bir hamkasbi doktorlik ishini o'qishga berdi. Qo'lyozmani ikki kundan keyin qaytargan edi, ajablandi: "Iye, o'qib bitirdingizmi? Darrov-a?" "Nima deyapsiz?-kuldi Ahmadali. -Shu ikki kunda qo'lyozmangizni o'qishdan tashqari u haqda bir maqola qoraladim, davlatning ishida ishladim, bola-chaqaga bozor-ochar qildim, hatto dala hovlimga borib, ketmon chopib keldim!" Afsuski, keyingi yillarda bunday uzlyksiz ishlashni, ayniqsa, tunda ishlashni sog'ligi ko'tarolmaydigan bo'lib qolyapti. Yosh ellikdan oshganidan keyin odam bolasi qarilikni bo'yniga olishga majbur ekan. Qariganing sayin o'tgan kunlardan saboq chiqarib, omonat jonini asrash payiga tushib qolasanmi-yey! "O'zingdan keyingilarni korib qariysan" deganlar ota-bobolarimiz. Mantiqni qarang, mantiqni! "O'zingdan keyingilar" kimlar? Bola-chaqalarmi, yka-singillarmi, izdosh-shogirdlarmi? Bu "o'zingdan keyingilar"ning o'zingga nisbatan yashovchanroq, epchilroq, pishiqroq, ustamon- olg'irroqligini ko'rib, tobora qariyverarkansan! Ahmadalini qaritganda avvalo o'z ukalari, qolaversa, uning yaxshiliklaridan bahramand bo'lib o'sib-ungan izdoshlari - tutingan ukalari qaritdi. Har qalay, ular o'g'il-qizlariga nisbatan ko'proq qaritdi!
Hozir eslab aqli bovar qilmaydi: yigirma uch yil avval Gavharga uylanib Toshkentga olib kelganidan keyin sal o'tmay bir ukasi o'ninchi sinfni bitirib, matematiklikka o'qigani, yana bir ukasi sakkizinchi sinfni bitirib, payvandlovchilik kasbini egallagani keldi-da, ikkalasi uning bir xonali uyida qo'nim topdilar. Bu yetmagandek, pedinstitutda sirtdan o'qiydigan singlisi turmushga chiqib, bitirish arafasida chaqalog'i bilan imtixonlarni topshirgani keldi, go'dakka qarashga esa, tabiiyki, onasi ham. Ukalarining o'qishga kirishiyu singlisining o'qishni bitirishi yo'lida yelib-yugurganlari mayli, begonalarga ham yaxshiligi ozmuncha singmagan, lekin bir xonali uyga yetti jon qanday sig'ishdi ekan! Uyi tor bo'lsayam ko'ngli keng! Yolg'iz o'g'li ana shu kenglikda sakkizinchi jon bo'lib tug'ildi. Esida, o'g'lini "onasi bilan tug'ruqxonadan olib keldiyu hali diydoriga to'ymay o'z chaqalig'i bilan uyda o'tirgan singlisining imtixon varaqasini qo'lida tutib, so'nggi imtixonlardan birini uning o'rniga o'zi topshigib qo'ya qolishga qasdlanib pedinstitutga yo'l oldi. Yetmishinchi yillar! To'ppa-to'g'ri Sharof Rashidovning ukasi Asil Rashidovning oldiga kirib bordi. O'zining ahvoliyu antiqa iltimosini dangal aytdi. "Asil Rashidov" deganlari ismi jismiga munosib asil odam, tushunadigan olim, tanti inson ekan. "Mana, sizdek bo'lajak olim kuyunchak akadan bitta baho aylanib ketsin!" deya imtixon daftarchasiga baho qo'yib qo'liga tutqazdi. Chiqaverishda asli turkistonlik hamyurt akaxoni ahvolidan xabar topib shaytonlab qolayozdi: "Siz kimdan nima iltimos qilganingizni bilasizmi o'zi?!" Hamyurtining avzoyiga qarab kulgisi qistadi. "Ha, nima qipti? U ham, akasi ham o'zimizga o'xshagan odam! Qani, bir kun mening o'rnimda yashab, yaxshi aka bo'lib ko'rishsin-chi!" O'ylarining oxiri tilga ko'chdi: "Qo'rqmang, sizga hamyurtligimni aytib, nomingizni sotganim yo'q!"
Endi o'zicha xomcho't qilib qarasa, yugurik umrning anchagina yillari "singlim"u "ukalarim" deb kechibdi. Shu ahvolda ham nomzodlik qilgani, ham kitob chiqargani, ham o'zidan ko'paygani, ham shahar markazidagi manovi to'rt xonali uyga ko'chib kelgani endi aql bovar qilmaydi. Uy to'yiga Turkistondan bir avtobus bo'lib kelgan qarindoshlari, ayniqsa, aka-ukalari "peshonasiga bitgan qoyilmaqom vatan"ni ko'rib, biri alqadi-"Buyursin, qutlug' bo'lsin!" dedi, qay biri qoyil qoldi, qay biri ko'zlariga ham, quloqlariga ham ishonmadi. Katta ukasi Karimali ajablanib so'radi: "Hech qanday pul sarflamay ham fan nomzodi bo'lsa, ham kitob chiqarsa, ham shunday uyni olsa bo'larkanda-a, aka?" Ahmadali savolni o'zicha tushundi. Hoynahoy havas emas, hasad, afsus-nadomat ifodasi edi bu gap! Chunki Karimali o'z vaqtida politexnika institutini bitirib, Chkalov nomidagi samolyotsozlik birlashmasida ishlar ekan, shoirlik ishqiga tushgan va hatto ishdan butkul voz kechib, u o'qigan akultetda o'qimoqchi bo'lgan edi. O'shanda Ahmadali ukasini "To'xta!" deya bazo'r to'xtatib qolgan, "Odam bolasi bu dunyoda bir marta yashaydi" deb uqtirgan, to'g'rirog'i, ilmu ijoddek do'zax azobini unga ravo ko'rmay, xohlasa-birlashmada muhandislik ishini davom ettirish, xohlasa-qishloqqa qaytib, uylanib, ukalariga bosh-qosh bo'lib , otasi uqtirganidek, "odamga o'xshab" yashashni maslahat bergan edi. Bu maslahat akasi bilan oyisiga ham ma'qul tushgan edi. Mana, oradan yillar o'tib, endi bunday "Siz o'sdingiz, men o'smadim" ma'nosidagi ta'na-malomat, g'ayirlik, ko'rolmaslikka o'xshash noxush bir holat! "Akam azbaroyi meni sig'dirmagani sababli vaqtida o'shanday maslahat bergan" degan iddao! Vaqtida unikida turib, tarixchi olim bo'laman deya ikki yil universitetga hyjjat topshirib, kirolmay, axiyri payvandlovchilik kasbining boshini tutgan Ma'rifali ukasi iddaoga "puf sassiq" qabilidagi o'z nopisandligini ilova qildi: "Qanchalik zo'r bo'lmasin, bu qavatlar Turkistonning otchopin uylariga yetmaydi, baribir!" Ahmadali bu gap zamiridagi ma'nolar mag'zini o'zicha chaqsa-da, yuragi to'liqib ukasining fikrini quvvatladi: "Gaping to'g'ri, inim! Qani endi men ham Turkistonga borib, sening yoningda otamizning chirog'ini yoqib o'tira olsam! Nachora, ko'rgulik ekan, peshonamga bitgani shu vatan bo'lgach… "Shu payt kenja ukasi Orifalining orziqishi hammasidan oshib tushdi: "Hali men uylanganimdan keyin bundan ham zo'r uyga ega chiqaman, mana, ko'rasizlar!" Ahmadali kenja ukasiga ham "Yaxshi niyating yo'ldoshing bo'lsin, inim, iloyo niyatingga yet, qani enda aqalli sen erta bir kun yonimda suyanchiq bo'lib tursang!" dedi-yu, ich-ichdan zil ketdi. Uy to'yini o'tkazish, fan nomzodi bo'lganini ovoza qilish, kitobini ko'z-ko'zlash, to'g'ri ish bo'ldimi?! O'zi bir umr yaxshilik qilgan ukalarining u qo'lga kiritgan dastlabki yutuqlariga munosabati hozirdan shunday, erta bir kun bu munosabat qanday tus olar ekan? Ayniqsa, odamning olasi, elning fe'lini , xususan, ko'rolmaslik kasalini besh qo'ldek biladigan shum raqiblari erta bir kun bu o'ta nozik munosabatlardan o'zlarining g'arazli niyatlarida ustalik bilan foydalanmasmi ekanlar? Nima bo'lganda ham ukalari-ku, uning ko'magida o'qib odam bo'lishdi, endi besh-olti yildan buyon qayinlarining xizmatini yelib-yugurib qilgan xotini bilan kun sayin o'sib-ulg'ayayotgan o'g'il-qizlarini o'ylashi kerak! O'sha yiliyoq yozda xotinini o'zi o'qib bitirgan fakul'tetga sirtqi o'qishga kiritdi-da, ta'tilning qolgan qismini o'tkazish, aniqrog'i, yolg'iz o'g'li Akbaralining maktabga borishi oldidan sunnat qildirib - qo'lini halollash niyatida butun oilasi bilan Turkistonga bordi.
Ahmadali ko'ngliga tugilgan o'sha niyatiga yetdi, lekin uning shugina bir yaxshi niyatini aka-ukalari nimagadir noxush qarshi oldilar. Qishloqqa borib, bir qorindan talashib tushgan jigarbandlarining uyiga "bir sidra bosh suqib chiqar "ekan, Karimali ukasi "Aassalomu alaykum" dan avval uni malomat bilan kutib oldi: "Bu arzanda Akbaralingiz qanday bezori bola, bog'lovdagi buqachamni bo'shatib yuboribdi!" Malomatga javoban "Ha, endi, bola-bola-da, jigarlarining orasida sho'xligi tutib…" dedi-yu, lekin dili og'rindi. Paysalga solmay o'sha kuniyoq niyatini amalga oshirdi - otasining uyida, aniqrog'i, "otasining chirog'ini yoqib o'tirgan" Ma'rufali ukasining uyida kichikroq bir xatmi qur'on qildirib, o'g'lining qo'lini halolladi. Biroq u chopqillab ketgunga qadarlik biror hafta uch yil bir xonali uyiga bemalol sig'gan Ma'rufali ukasining otchopin uyiga xotiniyu uch bolasi bilan sig'indidek bazo'r sig'di. " Xudoga shukur, niyatimga yetdim" deb to'rt ko'z tugal Toshkentga qaytmoqchi edi, Hakimali akasining o'g'illariga qattiq bag'ir bosib , o'rganib qolgan o'g'li o'qish boshlangunga qadar tag'in biror oy Turkistonda qolishga ishtiyoq bildirdi. O'g'lining rayiga qarab uni ota uyrtda qoldirdi-da, xotiniyu qizlari bilan Toshkentga qaytdi. Biror oydan keyin o'g'lini olib keldi, biroq vaqtida biryo'la olib kelavermaganiga ming pushaymon chekdi. O'g'li ozib-to'zib, qorayib-kuyib, bir oyda shuhaqangi surobi to'g'ri bo'libdiki! Ota-ona "qaysar, gap uqmas" o'g'ilni biror hafta parvarishlab, bazo'r odam qilib olishdi. Shu asno xunob bo'lib o'y o'yladi: o'qituvchi otaning tarbiyasini olgan oddiygina aka-ukalarning muomala-munosabatlari shunday: bir biriniyam, bir-birining bolasiniyam, ko'rolmaydi, demak, ulkan bir saltanat taxtiga ko'z tikkan aka-ukalarning ahvol-ruhiyalarini tasavvur qilsa bo'ladi!
Lekin ukalari, hatto singlisiyu Hakimali akasining unga ko'z qarashlari! Xudo biladi, Ahmadali bu jigargo'shalarining oldida qanday ayb, ne gunoh qildi ekan! Xuddi arpalarini xom o'rib qo'ygandek, qachon ko'rishsalar, ta'na-malomat, gina-kudurat! Go'yo Hakimali akasiyu Karimali ukasining uylarini qurishda qariyb o'ttiz yashar bo'ydoq Ahmadali ularning qoshida yeng shimarib ishlamagan-da, aksincha ular Ahmadalining uyida bekorga ishlab qo'ygandek! Go'yo Ma'rufaliyu Orifali ukalari uning uyida yillab yashamagan, aksincha, aka bu ukalarning uyida sig'indi bo'lib kun ko'rgan!.. Ahmadali ellik yosh ustida turgan mantiqshunos olim sifatida, ayniqsa, bugun Xudoning qudrati naqadar cheksizligiga, qolaversa, donishmandlikda benazir xalqning "Fe'liga yarasha", "Kengga keng dunyo" qabilidagi hikmatlari naqadar haq-rostligiga iymon keltiradi. Xudoning qudrati bilan bugungi kunda Rahmonberdi otasining yetti o'g'li o'sib-ungan uyda, endi Ma'rufali ukasining yetti qizi o'sib-unmoqda! Xudo biladi, bunga sabab nima? Bir paytlar onaizorning "Shataklashgan o'g'illar o'rniga qizlarim ko'proq bo'lganida edi"! deya nolishlarimi? Ma'rufali ukasining tabiatan qizdek muloyim, bolalik cho'glaridanoq ro'zg'or ishlarida onasiga ko'makdosh "onao'g'il"ligimi? Aka-ukalari uning Akbarali o'g'lini ota-bobolari uyida sunnar qildirish niyatiga malollanib qaraganimi?.. Nima bo'lganda ham, onasi hozir otasi chala qurga uyda yetti nevara-qizlar qurshovida yashayapti va ulardan yettinchisining ismi - O'g'iloy! Biror yil avval Ma'rufali ukasi o'sha "O'g'iloy" qiziga atab yaxshi niyat bilan "Endigi farzandim o'g'il bo'lsin deb, o'g'il toyi qildi. Bu to'y xabarini odatdagidek Orifali olib keldi. Lekin Ahmadali to'yga bormadi. Aniqrog'I, borgisi kelmadi. Yetti o'g'il o'sib-ungan otasining uyida qanday o'gil to'y bo'lishini o'zicha tasavvur qildi-da, Haqqa sig'indi: tavba-a, tavba! Gunohkor bandalaringni o'zing kechir, Xudovandi Karim! Ularni noshukrlik balosi, noahillik balosi, ko'rolmaslik balosi, boshqa kulli balolardan o'zing xalos et, Parvardigori olam?
O'n birinchi bob
Ahmadali fikrini jamlab, ko'pdan o'ylab yurgan "Ko'rmasmusiz?" nomli maqolasini yoza boshlagan edi hamki eshik shaxt bilan ochilib, xotini kirib keldi: - Katta hojatxonaning shipidan tag'in sharillab suv oqyapti! Bularni nima gilamiz endi, adasi?!.
O'rnidan sapchib turib, xotinining ortidan ergashdi. Shipga qarab, uyi bilan o'zining ahvoliga achinib ketdi. Yaqindagina o'g'lining sharofatiyu to'y ko'rish umidi bilan qariyb ming dollarga ta'mirdan chiqartirgan uyini tag'in bir chekkadan dabdala qilishga tushishdi-ya,noinsoflar! Suv hojatxonaga yondosh yotoqxona shipidan ham sizib o'tayotganiga qanday chidab bo'ladi? Shu uyga ko'chib kelishibdiki, o'qtin-o'qtin boshlaridan suv quyib turishadi,yaramaslar. Endi to'yini o'tkazib,"Ana endi, xudoga shukr, o'z uyimiz-o'lan to'shagimizda bahuzur yashaymiz" deb xotirjam yashab turgan kunlarining birida bytyn shipdan sharillab suv oqib tushsa bo'ladimi! Chopqillab tepaga chiqsa, qo'shnisi tushuntirdiki, yomg'ir payti yig'ilib qolgan suv tomdan - beshinchi qavatga, undan - to'rtinchi qavatga o'tayotganmish."Ha, endi, dom sharoitida shunaqasi ham bo'larkan-da", deya qo'shni bilan xafalashib o'tirmadi. Lekin xafalashganindurust ekan, shunda salgina bo'lsa ham qo'shnisi xushyorroq bo'larmidi. Mana bu g'avg'o hozirgacha davom etadi.Bu aytib charchamaydi, qo'shnisi suv qo'yib yuborishini bas qilmaydi. Yana o'yladiki, qo'shnisi qurmag'ur ataylab beparvolikka yo'l qo'ymayaptimi,deb. O'ylaganida jon bor ekan, qo'shnisining unga qiladigan zulmi to'xtamadi. Ahmadali bu qo'shnisini qariyb o'ttiz yildan beri biladi. O'ttiz yilcha avval - talabalik chog'larida to'xtovsiz yozib turgan maqolalarini matbuotda chiqarolmay radioga ham olib borar edi. O'shanda "Falsafiy suhbatlar" degan eshittirishni shu Eshmat akaxoni tayyorlar, aksariyat suhbatdoshlari kazo-kazo faylasuflar edi. O'sha paytda talaba Eshmat bilan suhbatdosh bo'lolmadiyam. U qaytarib bergan maqolalari jurnallarda bisilib chiqib, ko'pchilikda fikr qo'zg'ay boshlagach, har ko'rganida iltifotni quyuq qiladigan bo'ldi: "Siz ham o'zimizdan ekansiz-ku, bilmaganimizni qarang-a! Qani, bir suhbatingizni olaylik!" Ahmadali " Ha, mayli,xo'p-xo'p" deb takalluf qilsa-da, u bilan "falsafiy suhbatlar"ga hushi bo'lmayroq yurdi. Shu orada falsafa jamiyati tarixida birinchi marta ilmiy darajasi yo'qligiga qaramay u jamiyatga a'zo bo'lib kirgan edi, biror oy o'tar-o'tmas qarasa, bu kishi ham a'zo bo'lib turibdi. Bilsa, biri tog'dan, biri bog'dan keluvchi yengil-yelpi suhbatlari kitob bo'lib chiqqan ekan (garchi fan nomzodi bo'lmasa-da). Xullas, oradan ozgina vaqt o'tib, shu akasi olimlarning uyida uning bosh ustida qo'shni sifatida paydo bo'ldi. Qo'shni bo'lganidan keyin, istasa-istamasa,ko'rishadi." Havo mavjlarida" bo'lmasa-da, to'y-ma'rakalarda, kichikroq davralarda talay marta gurunglashdi. Keyingi o'n-o'n besh yilda biron tayinli ish qilgani yo'q. Olim bo'lib olim emas yozuvchi bo'lib yozuvchi emas,jurnalist bo'lib jurnalist. U qo'shnisining fe'l-atvorini besh qo'ldek bilgani bois, u bilan tasodifan to'qnash kelganida ikki og'iz salom-aligu quyuq iltifotdan nariga o'tmaslik har jihatdan ma'qulligiga qat'iy ishonch hosil qilgan. Ilakishib ilib olgulik joy qoldirsang bas, ilintirib ilib chirpirak qilib yuboradigan ustomonlarni Ahmadali ko'p ko'rdi. Shulardan biri-da bu qo'shnisi ham! Nachora, bukrini go'r to'g'rilaydi. Noinsofni insofga keltirib, vijdonsizga vijdondan saboq berish, diyonat ko'chasidan o'tmaganga diyonatni tanitish… o, naqadar mushkul! Xudo o'zi insof bersin ularga!
Ahmadalini, ayniqsa, keyingi yillarda kuydirganda Eshmat qo'shnisidek falsafa olamiga adashib kirib, arosatda qolganlardan ham ko'proq bu olamdagi o'zi ishongan, ixlos qo'ygan qadrdon akalari, borinki, adashlari kuydiradigan bo'lib qoldi. Bundan besh-olti yil avval "Mahtiq ut tayr" dostoni xususidagi doktorlik ishini amal-taqal himoya qilganidan keyin bir sidra bo'sh ko'tarib qarasa, falsafa olamida ham bozor iqtisodiyoti avjida! Ya'niki, falsafa sotayotganlar yana-da ko'payishgan, biroq jiddiy faylasufning oylik maoshi maqtagulik emas. Buyoqda kun sayin o'sib-unayotgan bolalarini oddiy o'qituvchi xotini ikkovining oyliklari bilan boqib katta qilish mushkullashgan: na kitobdan, na durustroq qalam haqidan darak bor! Shu orada o'rtamiyona bir ro'znomada bosh muxarrir bo'lib ishlaydigan "Ahmadbek" degan bir akaxoni iltifot ko'rsatib qoldi-ku! "Ko'rdingizmi, sizni gazetamiz tahrir hay'ati a'zolari qatoriga qo'shib qo'ydik! Endi ro'znomamda qo'shimcha ishlasangiz, institutda olayotgan oyligingizga baravar oylik beraman!" Tabiiyki, Ahmadali "E-e, rahmat, aka-e, bor ekansiz-ku!" deb ish boshladi: "material"larni mantiq nuqtai nazaridan bir sidra ko'radi, haftada bir marta bosmaxonada navbatchilik qiladi, har songa o'zi kichik bir maqola chiqarishi mymkin - shu! Yig'ishtirib kelganda, haftasiga yetti-sakkiz soat vaqtini yo'qotadi, xolos! Biror yil ishlab, ich-ichdan iqror bo'ldiki, yo'q, yo'qotishlari topgan-tutganidan ko'proq ekan! Eng chatoq tomoni - allaqaysi shoir "Birovlarning fikrini o'qib,o'z fikringni unutsang yomon" deganiday, gazetani mantiq osmoniga ko'tarishga nisbatan bor mantiqni ham yo'qotib qo'yish ayonlashib borardi. Bunisi holva chiqib qoldi. Kunlardan bir kuni ishongan akaxoni o'zi yozgan bir hayotiy hangomasini o'qib berdi: emishki, Ahmadali Bobojonov falsafa olamidagi eng zahmatkash olim! Shu qadar zahmatkashki, tog'ning tepasidagi bir yong'oq daraxtida ikki dona mag'iz qolgan bo'lsa, erinmasdan chiqib olib tushadi. Avvaliga bu allambaloni yozib o'qib berayotgan akaxonga qo'shilib kuldi. Hazil zamiridagi mantiq - "ratsional mag'iz", kalakani tushungach, o'zi ham "bilsa-hazil" ma'nosida jilmayib turib so'radi:"Nima, men ko'z tikkan shu ikkita yohg'oq mag'zini ham ko'p ko'rib rizqimni qiymoqchimisiz?.." Keyin jiddiylashib, adashini insofga chaqirdi: "Qo'ying,akajon! - dedi yuragi to'liqib. - Men haqimda yozib ovora bo'lmang. Baribir, meni o'zimdan ortiq bilolmaysiz ham, yozolmaysiz ham, agar Qodiriy bo'p ketsangiz-da!" Oradan bir necha oy o'tib, shu kalaka ma'nosidagi hangomani gazetada e'lon qildirib, tag'in Ahmadalining o'zidan "Ko'rdingizmi?" deya suyunchi so'rasa bo'ladimi? O'shanda akaxoniga yuzma-yuz o'tirib, suyak-suyagidan o'tadigan gap qildi: Men sizga nima degan edim,akam! Mayli, kim haqida nima yozsangiz, yozavering, faqat meni tinch qo'ying, demaganmidim! Umuman, "Ahmadali Bobojonov" ni yo'q deb hisoblang! Nima,shu ish sizga qiyinmi?" Adashi uning qizishganidan hazarida, anchagina insofga keldi:u haqda lom-mim demaydigan bo'ldi. Lekin oradan bir oz vaqt o'tib, gazeta xodimlari davrasida nima dedi deng: "Men siz haqingizda yozmasam turolmas ekanman! Uka, agar yoqmasa sudga berishingiz mumkin, ukajon…" Ahmadali bu gapni eshitib hang-mang bo'lib qoldi. Odam bolasi ham shu qadar bez bo'ladimi! Shy gapdan keyin akaxonining qo'l ostida qanday ishlab bo'ladi? Ichida "He, sening "Ahmadbek" otingniyu gazetangniyu yozganlaringni!.." deb, tilda esa, "Rahmat, aka, menga shuncha yordam qildingiz, endi kattaroq bir narsa yozmoqchi edim, uzr, boshqa ishlayolmayman" deya iltifotni quyuq qilib, qo'shimcha ishidan qo'lini yuvib qo'ltig'iga urdi.
Yarim yuki yengillashgach, asosiy ishxonasida xotirini jamlab ulgurmagan edi, boshqa bir gazetaning bosh muharriri qo'ng'iroq qilib iltifot ko'rsatdi: "Bizning gazetamiz bilan hamkorlik qilsangiz-chi, Ahmadali aka! Murakkab falsafiy tushunchalarni o'quvchilarimizga sodda tilda tushuntirib…" Ana buni ko'ring! Taklif kimning ko'rsatmasi bilan nima maqsadda tilga ko'chayotgani, qolaversa, adashiga ustozlikka yaraydigan bu singiljonining ham tabiatan qanday odamligini tuppa-tuzuk bilgani bois, mantiqiy mag'ziga uncha-muncha tish o'tavermaydigan darajada qizg'in minnatdorchilik bildirdi: "Taklifingizdan boshim osmonga yetdi, singiljonim, lekin kuni kecha bir akaxonimning taqimidan chiqib, endigina chuqur-chuqur nafas olib turganimda sizning taqimingiz… uzr, singiljonim, ming bor uzr!.."
Oylar o'tishi bilan "bozori" tobora chaqqonlashaverdi. Nimagadir xaridorgir bo'lib qoldi.
… To'g'ri, faylasuflar orasida o'zbekning yorug' yuziyu ko'rar ko'zi bo'la oladigan kiroyi olimlar yo'q emas, bor! Katta xalqning katta falsafasida bo'lmasligi ham mumkin emas! Ayniqsa "Ahmad Donish" va "Yakka Ahmad" taxalluslari bilan ijod qiluvchi mutafakkirlar! Faqat… Ahmadalida ular bilan dil chigilini yozib sirlashishga jur'at, bu mutafakkirlarda esa, rag'bat bormi? Qolaversa, o'sha mutafakkirlarning insoniy fe'l-atvori, inja ko'ngillari, "o'zbek" bilan "o'z!"ga nisbatan kattaroq "o'zim!" degan so'zlari!..
Bularni o'ylarkan Ahmadali hali-veri uxlayolmasligiga iqror bo'lib o'rnidan turdi-da, chiroqni yoqdi. Uxlash kerak, lekin uxlayolmasa nima qilsin? Yozish mumkin, yozmasa turolmaydigan holatda, lekin tunda ishlashni so'gligi ko'tarmay qolayotgan bo'lsa nima qilsin? Yozganda ham… kim, qayerda, qanday o'qiydi? Zamona zayli shundayki, shirin yolg'onlarga yomon o'rgangan odamlarga achchiqqina rost yoqarmikan?
Nima bo'lganda ham, modomiki uxlayolmagan ekan, yozmasa-da, aqalli ko'nglini bir qadar ravshan torttiradigan nimanidir o'qib, bir muddat o'zini alahsitishiga to'g'ri keladi…
O'n ikkinchi bob
U ilgariroq qoralangan qo'lyozmalaridan birining sarlavhasiga ko'z tikdi: "Mantiq urug'I"… Bu nima degani? "Mantiq urug'i"ning ma'nosi jaydari o'zbekchada "tuturug'", "tuz-totig'", "tamiz", "ma'ni" so'zlarida "qozoqning to'qqiz puli"dek lo'ndagina ifodalanadi. Basharti rus tiliga tarjima qilib aytilsa, u "logicheskoye zerno" demakdir. Muazzam Sharq falsafasida "mantiq urug'I" ko'pincha "javhar" deb atalgan. Lekin "javhar"ni, ya'ni, ko'zga ko'rinmaydigan bebaho bisotni ko'rish ham ularga ega bo'lish ham shu qadar mushkulki!
"Xo'roz hamma joyda bir xil qichqiradi" deganlaridek, falsafa institutida ham avj olgan qayta qurishmi qayta xuruj davrida safsatabozlik to'foni ichra "Ahmad Yugnakiyning axloqiy qarashlari"ga ko'z tikib yashadi, lekin, tabiiyki, u ham qo'l qovustirib qarab o'tirmadi. "Urushda turish yo'q" deganlar. Modomiki dahanaki jang - fikrlar kurashi avjiga chiqayotgan ekan, buyog'I o'zi ham g'animat umrida qirqni qoralab qolibdimi, jon-jahdi bilan izlamasa - mantiq urug'larini topmasa bo'lmaydi! Bu to'fonli yillardan qo'lni burunga tiqib yo dilda armon bilan qolmay qo'lga ilingulik va ko'zga ko'ringulik nimadir olib chiqish kerak-da! O'sha "mantiq urug'lari"ni avvaliga minbarlarda g'oz turgancha aytilayotgan past-baland gap-so'zlardan qidirdi. Keyin bir oqsoqol faylasufning maslahatiga amal qilib, qadimiy yunon falsafasidan, muallimi avval - Arastu va uning ikki munosib izdoshi - Forobiy bailan Hegeldan qidirdi. Axiyri falsafadan adabiyotga qaytib, G'arbdan tag'in Sharqqa kelib, Farididdin Attorning "Mantiq-ut-tayr" dostoni emasmi? Yosh Alisherni Attorning qutisidagi qay bir sehr-jodu o'ziga maftuz-mahliyo etgan edi? Ellik yillik jiddiy tayyorgalik, bu yo'lda oilasining bahridan o'tib, evaziga yo'l-yolakay "Nizomiy panjasiga panja urish" nihoyasida - bu qutiga javoban qanday quti yaratdi? Nega Navoiy yaratgan yangi quti "Qush mantig'i" emas, "Qush tili" deb ataldi?! Har qanday mantiq dastavval tilda zuhur topishini va "avvalo so'z bo'lgan"ini yaxshigina bilgani bois, mantiq kuchi bilan Attorning mantig'ini o'z tiliga singdirib, qutidan quti chiqarmadimi u mohir so'z sehrgari?! Nuh alayhissalomning najot kemasidek, ellik yil yasalib, besh oyda qog'ozga tushgan, lekin besh astdan buyon ochilmay turgan qanday sirli quti bu? Bu tilsim qutini ocha oladigan kalitni qay tilda o'ylab, qay tilda yozib-chizib, qay bir xom-ashyodan qanday yasash kerak?!.
Bunday savollarga tayinliroq javob qidirar ekan, o'zicha qat'iy bir mantiqiy xulosaga keldiki, tamom, nafosatshunoslik bilan axloqshunoslikda haqqi qolmadi hisob! Modomiki bu yog'I jadallashtirish zamoni ekan, tayyorgarlini ham jadallashtirib, endi doktorlik ishini mantiqshunoslik bo'yicha qiladi.
Ilohiy bir jiddu-jahd bilan navbatdagi - uchinchi yirikroq ilmiy ishi, aniqroq aytganda, "Mantiq ut tayr" va Lison ut tayr" dostonlarining mantiqiy-qiyosiy tahlili" mavzuidagi doktorlik ishini yozar ekan, xudoning qudrati bilan avvalo tuya go'shti yeb yotgan "Adib Ahmadning axloqiy qarashlari" kitob bo'lib chiqdi. Keyin "Estetik tuyg'u nafosati" mavzuidagi dastlabki ilmiy ishi, to'g'rirog'i, shu mavzuidagi falsafiy badihasi butun asrdagi falsafiy badihanavislikning go'zal namunasi sifatida tilga olibdi. Va nihoyat, olamdagi falsafiy badihanavislikning go'zal namunasi sifatida tilga olibdi. Va nihoyat, olamdagi har bir o'zbek ko'z tika-ko'z tika ko'zlarini qoraytirgan baxt - O'zbekiston davlat mustaqilligi e'lon qilindi. Mustaqillikdan ilhomlanib, garchi uchinchi ulkan ilmiy ishiga so'nggi nuqtani qo'yib ulgurmagan bo'lsa-da, undagi nazariy fikrlarning qaymog'ini sidirib, xamir uchidan patir qabilida "Mantiq qani?" degan bir risola chiqardi.
Risolani o'qigan bojasi o'z ishtibohini xotini orqali bildiribdi. "Bojam "Mantiq qani?" degan marsasini bekor yozibdi-da! Shu topda mantiq qidirishga balo bormi! Endi bojam bechorani o'z sohasining churvaqalarining o'ziyoq gumdon qiladi! Ko'ra-bila turib o'z boshini o'zi yebdi bojam, bechora!" Bu vahimaga o'rab-chirmalgan havoyi gaplar emas, oltmish yillik hayotiy tajribaga asoslangan mantiqiy xulosa ekanini Ahmadali yaxshi biladi! Olim bo'lmasa-da, O'zbekistandagi dastlabki yengil mashinalardan birini haydagan, urushdan avval, urush vaqti va urushdan keyingi yillarda Akademiya prezidentiga qadar ne-ne kazo-kazo olimlarni olib yurgan odam-da! Xullas, ko'pni ko'rib, ko'sa bo'lgan qari serkaning gaplari-da bu!
Xudoga shukr, xudoning qudratiga ming bir sharafki, u O'zbekiston davlat mustaqilligining ikki yillik bayrami kunlarida o'zining mantiqshunoslik bo'yicha doktorlik ishini himoya qildi! Qirq to'rt yoshida! Otasi o'lganidan buyon muttasil qidirgani katta HAYOTIY MANTIQni topmadi emas, xudoga shukr, topdi!
Shu yoshga kirib topgan-tutgan bir hayotiy mantig'I, odam bolasini "yaxshi odam" va "yomon odam" deya ikki qutbga ajratib qarash, binobarin, uning yorug' olamdagi yashashidan ma'noni ham "ezgulik" va "yovuzlik" deya ajratish… o'ta murakkab masalaga anchagina umumiy tarzda yuzaki qarash ekan! Aftidan, odam bolasini tabiatan o'zaro zid ikki toifaga saxiylar va baxillarga ajratib qarash mantiq nuqtai nazaridan to'g'ri, nisbatan teranroq qarash ekan! O'zbek xalqining bir necha ming yillik tarixga ega shoh asarlaridan biri, olamshumul dostoni - "Alpomish" shuning uchun ham jajonda yaktoki, u ezgulik va yovuzlik haqidagi kurashning betakror va boqiy qo'shig'idir. Yaxshilar - yaxshilardan, yomonlar - yomonlardan ko'pam farq qilmaydi. Lekin ko'raoladiganlar ham, ko'romaydiganlar ham shunaqandi xilma-xilki, qay birini tanib, qay birini aytasiz! Bir chol har kuni bozorga tushib, hech nima sotmas, hech nima sotib olmas ekan. Bunday "bozor" - bekor-behuda ovoragarchilikda nima ma'no bo'lishi mumkin? Mantiq qidirgan bir qiziqqon so'ragan ekan, qariya tushuntiribdi: "Mana, ko'rib qo'yinglar, men hali-hanuz tirikman, o'lmaganman, ikki oyog'imda tik yuribman deya ko'rolmaslarning ko'zlarini kuydirib, o'zimni ularga ko'z-ko'z qilib ko'rsatib qo'yish uchun kelaman!"
Shunday o'ylar bilan himoyadan keyin, garchi oilasining moddiy ahvoli anchagina nochor bo'lsa-da, doktorlikning shukronasiga kichikroq bir ziyofat berdi. Diltortar hamkasblari qatorida yaqinroq qarindoshlariyu qo'ni-qo'shnilarini ham chaqirdi. "Xamir uchidan patir" - "Mantiq qani?" risolasini hamkasblariga-ku, ilgariroq tarqatgan, qarindoshlariga ham tantana bilan tarqatdi. Tantana tantanadek bo'lsid-da, "tantana"ning o'zagi o'zbekona tantilik-ku! Ana o'shanda ko'pni ko'rgan bojasi hamkasblariyu qo'shnilari davrasida - to'rda o'tirib dildagi zahriga yo'g'rilgan zambarakning o'qimi-saqmonning toshidek zahar-olud gapni qulochkashlab otdi: "Mantiqni qo'yib, mantidan olib kel, boja! Mantiyam kiradimi" yo shu ikki xil ovqat bo'ldimi?" O'z tog'avachchasining payrovi undan ham oshib tushdi: "Bu qanday kitob na ko'zga ko'rinadi, na qo'lga ilinadi, orqaga ishlatishgayam yaramaydi-ku!" O'zingdan yoshi ulug' odamga "Voy yaramas-ey!" deyolmasang! Mehmonxonani larzaga keltirgan qiyqiriqlar, xoxolashu xixilashlarga qo'shilib kular ekan, ich-ichdan to'liqib Yaratganga iltijo qildi: "O'zing ko'rolmaslarning ko'zlarini och endi, Tangrim! Toki tag'in o'zingniki o'zagingni o'yib yurmasin. Qarindoshlarki, yutug'ingni ko'rolmay, shunday oshkora kalaka qilib tursalar, atrofdagi begonalar nimalar demaydilar. Xalqmi, olomonmi, bir uy liq to'la baxil bilan tomoshabinmi bu, o'zin ayt, Hoziq Halloqim?! Xalqning holi shu bo'lsa! Aqalli endi o'zing bu xalqni saxiy, dovyurak va dono eranlarning kiroyi Eliga, chinakam Ulusga aylantirgaysan, Parvardigori Olam!.."
Uch-to'rt yil qarindoshlar bilan ham bordi-keldilarni yig'ishtirib qo'yib, tag'in ishga mukkasidan sho'ng'idi. Yeng shimarib ishlab, ixchamroq bo'lsa-da, yana bir juft risola yozdi. "Egalik huquqi" va "Kesik til mantig'I" degan bu risolalarining birinchisini yorug'likka olib chiqa oladigan sorbonmi-jilovdorni Beruniy bobo tug;ilib o'sgan shaharga yaqinroq joydan topdi, leking ikkinchi risolasi, nima desak ekan, tuya go'shti yeb turibdi. Atrof-javonibda taniqli mantiqshunos olim jilovbardor bo'lgani uchunmi, qaydam, yorug'lik ko'rgan risolasi xususida qaylardadir qandaydir tushunarsizroq "ming'ir-ming'ir"lar bor, lekin, xudoga shukr, sukunar-jimjitlik ham, masxarali-pismiqona gaplar ham yo'q! Lekin biror yildan buyon nimagadir falsafa institutiga, ayniqsa, mantiq bo'limiga, aniqrog'I, bevosita uning oldiga tututuqsiz narsalarini tarjimayu tahrir qilib berishni o'tinib keluvchilar kutilmaganda ko'payishib qoldi. Nima qilsin, bozor iqtisodiyoti sharoitida sixni ham, kabobni ham kuydirmay, bola-chaqa bila odamga o'xshab yashash uchun bunday xashakiroq qora ishni chetlab o'tish amrimahol! Qolaversa, nechog'li xashaki bo'lmasin, bu ish allakimlarning qo'limi-taqimi ostida ishlashga nisbatan ancha erkin, yarim ijodiy ish! Tuturuqsiz xom-ashyoni qo'lga olib, quroq ko'rpadek avra-astarini ag'darib ko'rasiz-da, unga yozuvchiyu o'quvchining hazmiga qarab o'rtamiyona mantiq urug'ini tashlaysiz. Keyin egasidan podachining oshi halolidek haqqini qurtdek sanab olasiz. Egasi bu urug'ni o'stirib-undirib, keyin "O'zim yozganman" deya chekkasiga gul taqaveradi. Sho'ro tuzumida-ku, ayni shu iqtisodiyot avj pardada bo'lgan: ancha-muncha fan doktorlarining hujjati bor, otni jurkitadigan saxti-sumbatiyu salobati ham bor, biroq kallasida… Ayni chog'da, har qanday akademikni bir cho'qishda qochiradigan allomai zamon esa, ilmiy darajayu unvonlarsiz "faqir - panada" deya shu "iqtisodiyot" asosida "urug' qadab" yahsagan. Bunisi - tuturuqsiz narsani epaqaga keltirib, unga mantiq urug'ini qadaydi, unisi - salobatli ko'ksiga bayroqmi-yulduz!.. Ko'p o'tmay bu ishdan ham o'z ixtiyoriga ko'ra butkul boz kechdi. "Qo'ldan berganga qush to'ymas". Qolaversa, endi bunday "ilmiy mardikorlik" mohiyatan noto'g'ri - har kim o'z aravasini o'zi tortishi kerak, torolmasa, yig'ishtirib qo'yib, holiga yarasha ishini qilsin! Eng muhimi - o'zining oldiga uzun-qisqa bo'lib kelayotgan bu "olim"larni Ahmadali tuppa-tuzuk tanib-bilib qoldi: aftidan, ularning pirovard maqsadi xomashyoni epaqaga keltirib, urug' qadatish emas, uni kurakka turmas ishlar bilan andarmon qilib alaxsitish, fikrini chalg'itish, Ulkan MANTIQ yo'lidan ozdirish, mayda ishlarga o'ralashtirib, kalavasining uchini yo'qotish…
Ular aynan kimning ko'rsatmasi bilan kelishini aniq-tiniq ko'rib-bilib turmasa-da, har qalay o'zicha tegishli mantiqiy xulasalarga keldi: demak, kimdir yangi risola, maqola, hattokishapaloqdek luqma yozishini sira istamayapti!
Ahmadali "Mantiq urug'i" turkumidagi navbatdagi maqolasini tahrir qilishdan ham hafsalasi sovib, hciroqni o'chirdi-da, uxlash umidida o'rniga qayta cho'zildi.
O'n uchinchi bob
Bu olamda eng mushkul muammo, yechilmas jumboq - kayfiyat olamining boshi yostiqqa tekkan zahoti toshdek qotib uhlab ketishi bo'lsa kerak! Keyingi yillarda Ahamdali "Qani endi yotsam-u uhlasam-qolsam!" deb orzu qiladi! Hattoki hap dori ichganida ham!..
Ba'zan toliqib, miyang charchaganingda bemurod o'ylarga borasan kishi! "Aqllik balosi" deganlari to'g'riga o'hshaydi. Modomiki "aqllik - balo" ekan, ahmoq bo'lging keladi goho! Chunki ahmoqlarga mazza. "Tentakka qonun yo'q".
Ahmoqlikning cheki-chegarasi bormi? Bor! Bu cheki - chegarani o'tgan asrda rus yozuvchisi Mihail Bulgakov bilan o'zbek yozuvchisi Abdulhamid Cho'lpon qoyilmaqom qilib ko'rsatib bera olgan! Bulgakovning "Ivan Vasiliyevich" pyeyasida o'g'rining ko'rsatmasi bilan vaqtincha "Ivan Grozniy vazifasini bajaruvchi" Ivan Vasilyevich Bunsha shu darajada ahmoqki, devordagi "ahmoq" degan yozuvni ko'rib, "Iye, buni kim yozdiykin?" deya apil-tapil o'chira boshlaydi - shu yozuvni ham o'ziga oladi! Cho'lponning "Kecha va kunduz" romanida Akbarali mingboshi shu qadar ahmoqki, agar el-ulus "Olmali boqqa kirib shaftoli yermu kishi" deya uqtirsa, uyidagi to'rtta shariy hotinini eplashtirolmay Miryoqub epaqaga topshirib qo'yadi-da, o'zi fohishahonaga "itlikni o'ldirgani" boradi, yurt ko'ziga o'zini uchiga chiqqan hotinboz qilib ko'rsatmoqchi bo'ladi, faqat o'zining bepushtligini biron kishi ko'rmasa- bilmasa bas!.. Qizig'i, bo'lgan - turgani ahmoq ham hech qachon "Men ahmoqman" demaydi, aksincha, boshqalarni ahmoq qilishga urinadi. "Bu olamda mendan aqlliroq zot yo'q!" deb o'ylaydi. Hattoki o'z tili bilan "Men ahmo, men durak!" deb turgan odam ham azbaroyi sizning ko'nglingizni yumshatish uchun til uchida shunday deydiyu, dilida "Yolg'on gapimga laqqa ishongan o'zing ahmoqsan!" deb huzurlanadi. Nima ham deymiz, odam bolasi tabiatan shunday - donolarning donosi, donishmandlarning peshvosi bo'lib ko'rinish ishtiyoqida kuyib-yonadi.
Har bir odamning qilayotgan ishiyu gapirayotgan gapini dorihonadagi tarozibondek mantiq tarozisiga qo'yib o'lchaganingiz sayin gohida, hudo haqqi, ko'zingizga soppa - sog'lar jip-jinni, jinnilar soppa-sog' ko'rina boshlasa ajab emas.
Nima desangiz deng, lekin Sho'ro tuzumi odam bolasini, ayniqsa, bosh harf bilan yozilishi kerak bo'lgan OLIMu YOZUVCHIni o'ta maydalashtirib yubordi. Ustiga-ustak, shu mayda olimchalarni "allomai zamon" deya ko'tar-ko'tar qilishga zo'r berdi. So'z - muqaddas, so'z - kalom, so'z - lafz, so'z - lutf. "Dastavval so'z bolgan"… Binobarin, endi so'zdan - so'zning farqini bilmaydigan, so'zning tog'dek og'ir yukini ko'tarolmaydigan, sanamay sakkiz deydiganlarni, boshqa biron foydaliroq ishga yo'naltirish ma'qul emasmi?
Yaqindagina Ahamdalining atrofida girdikapalak bo'lib yurgan bir yosh mantiqshunos ukahoni mantiqni yig'ishtirib qo'yib, o'zini mansabga urdi. Qay kun ko'rishib qolsa, undan "Doktorlik ishingizni kitob qilib chiqardingizmmi? Yordamim kerak bo'lsa, ayting, akajon?" deya quyuq iltifot ko'rsatdi. Keyinroq bilsa, nashriyot rahmariga sim qoqib, "Shu ablahning kitobini chiqara ko'rmang, aslo!" deya qattiq tayinlaganidan keyingi iltifoti ekan bu. Ho'sh, bunday ustomon bahilga nima deyish mumkin?!
U bahil ukasining ustomonligiga qoyil qolib yurganiga boshqa bor shoir ukahoning "O'chirg'ich falsafasi" degan bir satr she'rini o'qib qoldi: "Boshingni silab turib yo'q qilaman!" Ana falsafayu mana falsafa! Chinakam falsafa mana shunaqa "ko'rga hassa" bo'ladi, men sizga aytsam! Jonli o'chirg'ichlar!.. mehr bilan "Uningni o'chir!" deydi. Sahovat bilan "Og'zingni yum!" deydi. Himmat bilan :Haliyam yashab yuribsanmi?! Yasah-ye!" deydi. Shafqat bilan "Aslida - ku, bu kuningdan o'lganing yahshi -ya! Mayli, yashay olsang yahsab ko'rchi!" deydi.
Shunday qarashlarga qarab turib, ko'ra oladiganlar toifasidan ekanligingizga afsuslanasizmi - yo'qmi?" qani endi men ham ko'rolmaydigan ashaddiy bahil, o'taketgan ahmoq, qip-qizil jinni bo'lolsam edi!" - deya orzu qilib qolmaysizmi?
Ahir, tentakka qonun yo'q, jinning boshi qotmaydi, ahmoqqa mazza!..
Ana endi jiddiyroq bir o'ylab qarang: bu dunyoi dunga mantiq kerakmi, yo mantiqsizlik?
Ahmadali yengil- yelpiroq o'ylar bilan ham uhlab ketishga ko'zi yetmay ahiyri o'rnidan turdi. Ochiq ayvonchaga chiqib bir muddat yugurdi, tosh ko'tardi, o'tirib-turdi, o'zicha boks tushgan bo'ldi, hullas, qariyb ellik yillik "jang" larda chiniqqan jismi-jonini battar toliqdirdi. Tun yarmida ko'rgan odam "Jinnimi bu?!" deb o'ylashi aniq, lekin , nachora, uhlash ham kerak-da! "G'arqob bo'lib isyon ichra qoldim mano". Farq terga tushganida vannahonaga kirib, iliqqina suvda huzurlanib cho'mildi. Artininib chiqib, o'zini qushdek yengil his qilgan holda o'rniga qayta cho'zildi. Mana bu boshqa gap! Endi maza qilib uhlasa bo'ladi! Buguncha jiddiy ham, yengil-yelpi ham o'ylab bo'ldi. Tongda quyosh bilan barobar tiniqib tursa, ana o'shanda balki dunyoga butunlay boshqacha ko'z bilan qarar?..
O'n to'rtinchi bob
Ahmadali, mana, o'ttiz yildirki erta turishga odatlangan. Qanchalik kech yotmasin baribir, subhidamda turib, agar hafsala qilsa, bir yugurib keladi, vaqtini qizg'ansa, yengilroq badantarbiya bilan cheklanadi. Nonushta qilgach, yozishga o'tiradi.
Garchi kechroq yotgan bo'lsa-da, bugun ham o'zini uchqur bedovdek his qilib turdi. Avval katta hojathonaga, keyin yotoqhonaga mo'raladi. Aftidan, qo'shnisi insofga kelibdi - ship qup - quruq! Qanchalik bahil bo'lmasin kim ham qo'shnilar oldida yomonotliq bo'lishni istaydi!
Ha, xudo xohlasa, bu akaxonining yomonligini ham yaxshilik bilan yengadi! Falsafa institutiga kimlarningdir ko'rstmasi bilan "shu odamning asabini egovlayverib adoyi tamom qilaman, urishmagan nomard!" deya astoydil qasdlanib kelgan ne bir urushqoqlarni ham yaxshi gap bilan yenggan, yengib kelayotgan odamga bu chalamulla akaxonining xonaki qitmirligi nima bo'libdi.
Nonushta ustida shunday qanoatu ishonchni ko'nglidan kechirib, astoydil shaylanib yozishga o'tirdi. "Mantiq urug'I" turkumidagi maqolasini qo'ya turib, odatdagidek, keyingi yillarda ertalablari yozayotgan dunyoqarash haqidagi risolasini davom ettirdi…
Dunyo shu qadar kengki, unga qay nuqtai nazardan qay ko'z bilan qarasangiz, shunday ko'rinadi. Shoiri zamon yozganidek, "G'urbat qidirganga g'urbatdir dunyo, Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo!"
Dunyo nafosat qidirganda - yakkash go'zzalikdan, ahloq izlaganga - faqatgina odob - ikromdan iborat bo'lib ko'rinmasligi mumkin. Lekin mantiq qidirgan odam uchun bu olamning har bir puchmog'i buyuk bir mantiq - Yaratganning bemisl mantig'i "mana men" deb zuhur ko'rsatib turadi. Odam bolasidan faqatgina bu mantiqni ko'rish va undan o'zining dunyoga qarashidan omilkorlik bilan to'g'ri foydalanish talab etiladi, holos. Dunyoga qarashinku fikr doirang qanchalik kengaygani sayin sahiylaru bahillar, aqllilaru ahmoqlar, hattoki ne bir sohibi davronlar "Shu odam dunyoni qay ko'z bilan qanday ko'ryapti ekan?" deya o'zingga, ko'zingga va so'zingga qiziqsinib ko'z tika boshlaydi. "Nega bu odam ko'rib turgan narsani shu paytgacha men ko'rolmadim?!" deya ajablanadi. Sizga kimdir hayrat, kimdir havas, kimdir hasad, kimdir hasrat, kimdir ixlosu muhabbat, kimdir nafrat bilan, qayta boshdan sinchiklab qaraydi, hatto og'zingizni poykaydi, qadamingizni kuzatadi… "Kengga keng, torga tor dunyo". Har qanday - ichi tor, fikri tor, dunyoqarashi tor, ushloviyu mantig'i yo'q kimsalar ham o'zlari anglab yetmaganlari holda kenglikka intiladi. Kenglikka talpinib yetolmaydi. Yetgan-yetishganlarga havas yoki hasad bilan qaraydi. Odam bolasining fe'l-atvori, fe'liga yarasha taqdirini Yaratgan Parvardigori Olamning beqiyos mantig'i-da bu!
Ko'hna dunyo odam bolasining o'ziga torgina bir tirqishdan mo'ralashini ham, teshikdan shig'alashini ham, eshikdan kuzatishini ham, darvozani lang ochib qarashini ham ko'p ko'rgan! Ko'tarinki qarash, tushkun qarash, loqayd-beparvo qarash, axloqiy qarash, estetik qarash, mistik qarash, panteistik qarash, nigilistik qarash kabi xo'b behisob qarashlarni ham! Shulardan biri - dunyoga bemaqsad qarash, tabiiyki, dunyoqarashning netayinligi, yashashning bema'niligi, insoniy tiriklikning mantiqsiz - absurdligini o'z-o'zidan keltirib chiqaradi. Lekin "absurdizm" - absurd falsafasi va absurd adabiyotini ham butunlay maqsadsiz deb bo'lmaydi. Aksincha, maqsadning kattasi, eng dahshatli maqsad mana shu dunyoqarashda ayon ko'rinadi. Sho'ro tuzumining murod-maqsadi olamdagi eng bema'ni, o'taketgan havoyi, erishib bo'lmas, mag'zi puch maqsad ekanki, bu maqsadga yo'naltirilgan dunyoqarash sarobligi bugun barchaga ayon bo'ldi. Lekin bu degan so'z dunyoga qarashlar maqsadsiz, nigohlar - o'lgan qo'yning ko'zidek bena'no, nazarlar - telba-teskari, binobarin, yashash - ma'nisizliklardan, tiriklik - mantiqsizliklardan iborat degani emas, albatta. Shunday o'ylaganlar xato qiladilar! "Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq" deb uqtirgan ota-bobolarimiz. Necha asrlardan buyon zamona zayliga ochiq ko'z bilan qarayolmagani sabab zamondan orqada qolgan bu ulkan xalq endi mustaqillik sharofati bilan zamon o'ziga boqib turganida o'zi ham zamonga ochiq ko'z bilan tik boqish malakasini qayta hosil qilmog'i kerak! Zamona zayliga qarab ish ko'rmaydigan odam tabiatan ko'r odamdir! "Zamon" deganlari Xudoning behisob nomlaridan biri, Alloh Taoloning o'ziga xos tajalliysi, axir!
Ahmadali bundan uch-to'rt yil avval - "Egalik huquqi" va "Kesik til mantig'i" risolalarini yozib tugatganidan keyin o'zicha shunday mantiqiy xulosaga keldi va xulosasini kattaroq bir risola tarzida qog'ozga tushirmoqchi bo'ldi. O'shandan buyon risolani har subhi sodiq davom ettiradi.
Bir muddat nafas rostlab, toliqa boshlagan qo'liga dam berdi. Qog'ozga tushishga shay turgan fikrlarini jamladi. O'g'il-qizlarining dunyoqarashi xususida o'yladi. Bundan besh yil avval maxsus maktabni a'lo baholar bilan bitirgan o'g'li, xudoga shukr, otao'g'il ekan, manovi qalamidan ham yengilroq yo'rg'alab borib hozirgi milliy universitetning matematika fakultetiga o'z kuchi bilan kirdi-ketdi. Buyoqda katta qizi ham maslahatiga ko'ra to'qqizinchi sinfni bitirgach, tikuvchilikka kirib o'qiy boshladi. "Yashasin!" deya astoydil suyundi u. Tinib-tinchimas olimning uyida malakali bir o'qituvchining yoniga birvarakayiga ikkita talaba kelib qo'shildi! Eh-he, hali kelajakda bu talabalardan biri hisobli dunyoning hisob-kitobini qilib, ikkinchisi, ayniqsa, bejirim kiyim-kechaklarsiz hayotini tasavvur qilolmaydigan hamshaharlarini kiyintira boshlasa!.. Ular uchun ham omon-omon, dorilomon zamon keladi hali! Bayramlarning boshlanishi - navbatdagi g'alabalarini qay darajada kim bilan baham ko'rgani ma'qul?
Gavhar bilan maslahatlashib, o'zlariga eng ma'qul shaklni topdi: mayli, otasining Yugnak qishlog'idan kelib, bu shahri azimda rizqini terib yurgan hamqishloqlarining boshi qovushmayroq turibdi, nachora! Lekin onasining Qorachig'ida tug'ilib o'sgan besh-oltita hamyurtlari, jumladan, tog'avachchalari birgalashib "gap" o'ynar ekanlar. Ana o'sha "gap"ga qo'shilsalar-chi? O'zlaridan ham avvalroq o'g'il-qizlarini o'ylashdi. Axir, odam tanisin, mehmon-mezbon madaniyatini o'rgansin, erta bir kun kelib mustaqil oila qurishga har jihatdan tayyor bo'lsin! To'g'ri, "gap" mantiqiy kitobchasini ko'rolmaydigan, kitobchasi qo'ligayam ilinmaydigan, orqasiga-ku, mutlaqo yaramaydigan tog'avachchasi biyligida o'ynaladi. Lekin masalaga kenglik bilan qarab, qo'polroq bir hazilga jiddiy ma'no bermay, kechirimli bo'lib, tog'avachchasi bilan boshqa hamyurtlariga xudodan kenglik tilab, o'g'il-qizlarining kelajagini o'ylagani ma'qul-da! Shu "gap" bahonasida shoyadki norasida go'daklari bilan o'ralashib qolgan ukasiyu kelini, qo'ni-qo'shnilari bilan ham yaqinlashsalar! Odamning kuni odam bilan. Odam taftini odam oladi. Odam isi yoqmaydiganlar boshqa!
Garchi ikki oylikchi, ikki talabaning topgan-tutgani haminqadar bo'lsa-da, shunday yaxshi niyatlar bilan "gap"ga qo'shildi. Biror yil yaxshigina o'ynab-kuldilar ham! Ayniqsa, o'z uyida mehmonlarni kutar ekan, shunaqangi yayrab-quvnab, boshi osmonga yetgudek bo'ldiki, o'zbekning aynan nima sababdan o'taketgan mehmondo'stligiyu to'yparastligini dil-dildan his qildi. "gap" nihoyasida bir tomonida - Orifali ukasi bilan kelini, ikkinchi tomonida - Eshmat qo'shnisi bilan uning xotini, mehmonlari oldida yuragi to'liqib faxrlandi: "Xudoga shukr, ishxonadan ham, uydan ham, xotindan ham, o'gil-qizlardan ham yolchiganman! Xudoga shukr, ukayu kelin, qo'ni-qo'shnidan ham! Mana, endi mehmonga ham yolchib turibdi!"
Bu dunyoda ko'z tegmasin ekan! Navbatdagi davralarda nimagadir "gap" asosan falsafa instituti, umuman, falsafa tevaragida aylandi-qoldi. Ahmadali dastlab bu gaplarni shunchaki oddiy qiziqish, "hammayam falsafaga qiziqib qaraydi-da!" deya o'ylab, savolga javoban dilida borini to'kib solaverdi. Keyinchalik har bir "gap"dagi suhbatlar institut tevaragida takror-takror aylanavergach, astoydil o'tindi" "Jon akalar, jon kennoyijonlar! Xudo haqqi, men bu gapga azbaroyi sizlarni deb, o'sib-unayotgan o'gil-qizlarimni deb qo'shildim. Ochig'i, falsafa institutidagi mojarolardan qochib bu yerlarda o'tiribman! Kelingizlar, o'gil-qizlarimizning kelajagi haqida gaplashaylik! Lekin "gap"lar tinavermagach… "orqa planda" gapdan gap qo'zg'ab turgan ko'zga ko'rinmas bir hukm-formo qo'lni ko'rgandek bo'ldi. Hamda yaqinlashib kelayotgan xavf-xatarning oldini vaqtida olib, "gap o'yin"dan qo'lini yuvib qo'ltig'iga urdi. "Qo'y, o'yindan o't chiqib yurmasin, och qornim - tinch qulog'im" deb, o'z uyidagi yakunlovchi "gap"dan keyin hech gapga o'rin qolmaydigan shamoyilda silliqqina sirg'alib chiqdi.
Bir ko'z tikilmasin ekan! Tikilgan ko'z chor tarafdan zaptiga olaverar ekan! Shu orada yuqori stipendiyaga o'qiyotgan a'lochi o'g'li qaysidir fandan "uch" baho olib kelsa bo'ladimi! Surishtirib qarasa, bir o'qituvchi qandaydir "KVN" o'tkazish niyatida a'lochi talabalar qatorida o'g'lini ham darsidan uzib olib shug'ullangan ekan. "Xavotirlanma, domlalarga tayinlab qo'yganman", debdi-yu biroq domlalardan biri "darsimga qatnashmagansan!" deb… Qoni qaynab borib o'sha "rejissyor"ga uchrashdi-da, ko'zlarini moshdek ochdi: "Men o'g'limni artistlikka emas, hisob-kitobga o'qityapman, bildingizmi! Shuning uchun u teatr instittida emas, universitetda yuribdi!" Bir chigallikni shu tarzda "qo'l bilan emas, til bilan yechib, yo'l-yo'lakay o'g'liga "yo'ldan urishlar texnologiyasi" xususida amri ma'ruf qila-qila uyga kelsa, katta qizi yo'liga ko'z tikib o'tirgan ekan: "Yaxshi keldingiz, ada, menga bir yarim ming so'm topib bering, tez!" Ajablanib so'ragan edi, qizi tushuntirdi: "Huquq bo'yicha imtihon topshiraman!" Ma'lum bo'ldiki, allaqanday domla har bir talabadan bir yarim ming so'mdan qurtdek sanab olib, keyin hammaga baravar baho qo'yib bermoqchi ekan!Yana qoni qaynadi. Shunda ham qiziga yotig'I bilan tushuntirishga harakat qildi: "Sen o'qishingni bil, qizim! Tekin o'qish sening huquqing axir! Gapning davomini o'sha huquqshunoslik domlasiga boshqacharoq ohangda aytdi: "Shu mening qizimni sinab ko'ring-chi, ukajon, huquqdan bilimi qanday ekan! Yaxshi bo'lsa - o'qitay, yomon bo'lsa o'zim bilaman. Sizga bilimdan boshqa yana biron nima kerakmi yo?!"
Ma'lum bo'ldiki, unga faqat bilim kerak, xudoga shukur, qizining bilimi ham durust ekan! O'z huquqini ham, mana, endi sal-pal bilib-tanib oldi!
Shunday hal qiluvchi lahzalardagi tegishli yo'nalishlardan keyin, xudoga shukr, o'gli ham, to'ng'ich qizi ham bo'ladigan bolalar ekan, o'z yo'llarini topib ketishdi. Hatto otalariga yo'l ko'rsata boshlashdi. Chunonchi, ikkinchi kursda o'qiyotgan o'gli kunlardan bir kun xursand bo'lib keldi: "Bugun kursdoshlarim bilan "Umid" jamg'armasiga hujjat topshirdim, ada! To'g'ri yo'l tutibmanmi?" Ahmadalining yuragi bir orziqib ketdi. "Chet elda o'qish mening ham, ota-bobolatimizning ham ushalmagan armoni, o'g'lim! Bu armonlarni ushata olsang koshki edi! Lekin… ochig'ini aytsam, imtihonlardan o'tolmay qolsang ham xafa bo'lmasdim. Bizga qolsa, ko'z oldimizda yurganing yaxshi. Mayli, endi toleingdan ko'r!"
O'g'liga tole kulib boqdimi, yo o'zining bilimiyu intilishi yetarli ekanmi, ishqilib, asosiy imtihonlar - ingliz tili bilan matematikadan a'lo baho oldi. Leking yakunlovchi imtihon - "Ma'naviyat va ma'rifat"dan bo'shashibgina chiqdi. Chiqdi-da, qattiq bezovtalanib otasidan so'radi: "Kimsanoy Roziqova bilan Asqarali To'rayev degan faylasuflarni bilasizmi, ada?" Ahmadali yuragi shuvillab bosh irg'adi: "Bilganda-chi! Nima edi?" O'g'li tushuntirdi: "Ular imtihon olishdan avval "Ahmadali Bobojonovning o'g'limisiz?" deb so'radi. Keyin test sinovlarida ko'rsatilmagan qo'shimcha savollarni so'rab-so'rab, axiyri yigirma olti ball qo'yib berishdi, mana!" Ahmadalining joni halqumiga kelib qadalgandek bo'ldi: "Ellik balldan yigirma olti ball! Nahotki aqalli o'ttiz-qirq ballga javob berolmading, o'g'lim! Faylasufning o'g'li bo'la turib! Apellyatsiyz komissiyasiga chiqmadingmi, haqiqiy bahoingni qo'llaridan tortib-yulib olmadingizmi?! Shu bahoga rozi bo'lib chiqaverdingmi?!." O'g'lining avzoyiga qarab, uni, to'g'rirog'i, o'zini yupatdi: "Ha, mayli, qaytamga ajab bo'pti, xo'p bo'pti! Seni chet elga yuborib, o'zimiz bu yerda bemalol yurolmasdik, baribir!" O'g'lini yupatsayam o'zini yupatolmadi - beixtiyor portladi: "Mana shunaqa-a, bolam! "Ahmadali Bobojonovning o'g'li" degan tavqi la'natni bir umr yelkangda ko'tarib yurishingga to'g'ri keladi endi! "Ana, Ahmadali Bobojonovning o'g'li" deb it ham, bit ham oyog'ingdan chalaveradi g'ayirligi kelganidan! Nachora, chidaysan-da, bizning bor-yo'q, bo'lgan-turganimiz shu, o'g'lim! Fe'limiz tor - bir-birimizni ko'rolmaymiz!
Ko'rolmaslar behudaga urinishibdi. Ahmadali bekorga kuyib-pishibdi. Diqqat asosiy fanlarga qaratilib, kimlardir insof nazari bilan boqqan, shekilli, xudoning qudrati bilan Akbarali o'g'li o'n besh nafar matematiklar orasida yolg'iz o'zi Amerika Qo'shma Shtatlariga borib o'qiydigan bo'ldi. "Haqiqiat bor ekan, kimlarningdir qo'llari yetmaydigan olisliklarda bo'lsa ham, har qalay, bor ekan!" deya suyundi u.
To'g'ri, "Hujjatlar ertaga AQShga jo'natiladi" deganda tag'in bir ishkal chiqdi. O'sha kuni ishdan qaytsa, o'g'li uyda yo'q. Bir soat kutdi - yo'q, ikki-uch soat kutdi ham - yo'q~ Ertalab kursdosh o'rtoqlari bilan hujjatlarni ingliz tiliga tarjima qilib, nusxa ko'chirtirib, tayyorlash uchun chiqib ketgan bo'yicha… qayerlarda yuribdi ekan? Soat o'ndan oshganida kursdoshlarining uyiga bir chekkadan sim qoqib so'rab-surishtirdi. Axiyri kalavaning uchini topdi: asosiy ro'yhatga kirolmay zahiraga qo'shilgan bir kursdoshi bilan shahar tashqarisida yashaydigan akasining oldiga kompyuterda yozgani ketganmish. O'sha bolaning uyiga sim qoqib, otasini yaxshigina "oyoqqa qo'ydi". Shunday oyoqqa qo'ydiki, biror soatdan keyin o'sha odamning o'zi sim qoqdi: "O'g'lingizni aylanma yo'lda qoldirib o'tdik, xotirjam bo'ling, borib qoladi". Ana keladi - mana keladi bilan biror soat o'tganda, nihoyat, o'g'li eshikdan kirdi. Ma'lum bo'ldiki, qatnov to'xtaganligi sababli aylanma yo'ldan uyiga qadar poyi-piyoda kelibdi, taksida kelay desa, puli yo'q: Ahmadalining xunobi oshib beixtiyor so'kindi: "Seni kuni bo'yi ovora qilgan mashinasi bor to'kis-tugallar yaqinroqda qoldirib o'tsalar asakalari ketarmikan?! He-e, bu xalqni odam qilish qiyin!" Keyin maqsadga o'tdi: "Bo'lar ish bo'pti. Ishqilib, shuncha ovora bo'lganingda ishing bitdimi?" Ma'lum bo'ldiki, o'rtog'i akasi bilan uning hujjatlaridan nusxa ko'chirib o'z hujjatlarini tayyorlabdi, o'g'li bo'lsa kutib o'tira-o'tira hujjatlarini tayyorlashga ulgurolmay quruq qaytibdi. "Yangilik"ni eshitib, fig'oni falakka o'rladi: "Odam ham bunchalik laqma bo'ladimi, o'g'lim?! Sen bu xalqning dunyoda tengsiz baxilligini nahotki ko'rmasang-bilmasang! Mana endi sen ertaga hujjatlarni tayyorlab ulgurolmaysan, shuning uchun o'sha o'rtog'ing o'rningga o'qishga ketadi. Shu maqsadda seni axmoq qilishgan! Nahotki shunga aqling yetmadi?!" O'g'lining ham xunobi oshdi: "Nima qilay endi, ada, shaxsiy kompyuterimiz yo'q, yozdirishga pulimiz yo'q, Orifali akam dumini tutqazmayapti, bir umidim o'rtog'imdan edi…"
Bu gaplarni eshitib turib, koshki yig'lay olsa ekan! Puchga chiqqan umidlar! Faqatgina o'g'lining umidlarimi!.. Yarim kechasi ukasiga sim qoqib, uyqudan uyg'otdi-da, gapni qisqa qildi: "Ertaga ertalab soat sakkizda xalqaro iqtisodiyot universitetining oldiga yetib kel - qo'lingda o'n ming so'm bo'lsin! Shu o'g'limning hujjatlarini ulgurib tegishli joyga jo'natib olaylik, keyin men sen bilan yaxshila-ab hisob-kitob qilaman! Kelishdikmi, inim, sen ham ishim bitdi deb aldab ketmaysanmi?!"
Ertasiga o'g'li, ukasi - uchovlon zir yugurib, bazo'r ulgurishdi. Ish vaqti tugashiga o'n besh daqiqa qolganida hujjatlarini AQSh vakolatxonasi mas'ul xodimasining qo'liga ushlatgach, Ahmadalining aqli bovar qilmadi: "Nahotki ulgurishdi? Nahotki endi o'qishga o'g'lining zahiradagi o'rtog'i emas, o'zi boradi?!"
Biror oy o'tar-o'tmas aniq ham bo'ldi: o'g'li borar ekan! Qaysi universitetga, qachon borish, ustida - qanday kiyim, jomadonida - qanday buyun, cho'ntagida - qancha ("ko'ki") bo'lishi kerakligi ham aniq! Uylarida sotish mumkin bo'lgan narsalar sotilib, yangi zamonaviy jomadon bilan kiyim-kechaklar olindi. Endi cho'ntak qup-quruq bo'lmasa bas! Shu orada Orifali ukasi Turkistonga - Marufali ukasining yetti qiziga o'tkazilayotgan "o'g'il to'yi"ga boradigan bo'lgan edi, unga tayinladi: "Mayli, yaxshiligim singgan boshqa qarindoshlarimni demay, aka-ukalarimdan birontasi bobojonovlardan chet elga uchirma bo'layotgan o'g'limni kuzatishda kelib yonimda tursin, aqalli dildan chiqarib ataganlarini sendan berib yuborsin!" Uch kundan keyin javob qaytdi: "Hech kim kelolmaydi. "Ataganimizni olmoqchi bo'lsa, safar oldidan o'g'lini yetaklab o'zi kelsin edi ziyoratga" deyishdi. Mening ataganim shu ozroq pul bilan shu kiyimlar - deyarli yap-yangi, uncha urinmagan". "Boriga shukr" deb besh ming bilan "deyarli yap-yangi" kiyimlarni oldi. Besh ming mo'ljaldagi "ko'k"ini almashtirish uchun urvoq ham bo'lmaydi! Endi nima qilsin?!
Do'ppi tor kelganida odam bolasi hech kimdan va hech nimadan tap tortmas ekan! To'ppa-to'g'ri falsafa jamiyatining raisi, faylasuflarning otaxoni Cho'rtanboy, yo'g'-e, Shermuhammad Bahoviddinovning huzuriga kirib bordi: "Xudoning qudrati bilan qarqunoqdan bulbul chiqib, kambag'alning yolg'iz o'g'li chet elga o'qishga ketadigan bo'lib turuvdi-da, akajon! Shunga… ust-bosh bilan jomadonni o'zim bir amalladim. Lekin cho'ntagiga solishga elliktagina "ko'ki"dan jamiyatning madadiga muhtoj bo'lib keldim, akajon!" Shermuhammad Bahovuddinov miyig'ida kuldi: "Ko'kidan bizdayam yo'g'u, o'zimizning puldan o'n mingcha bir amallab moddiy yordam ko'rsatarmiz, ukaginam!"
Jamiyatning o'n mingini ukasining besh mingiga qo'shib "ko'kartirdi"-da, o'g'lining cho'ntagiga soldi. Ukasi, xotini, qizlari bilan o'g'liga oq yo'l tilab kuzatib qoldi.
Oradan biror hafta o'tib ukasi sim qoqdi. Yetti yashar o'g'lini, odatdagidek, yiliga bir marta davolatish uchun shifoxonaga yotqizishga taraddudlanib yurgan edi, tag'in to'rt-besh kundan keyin ukasi yana sim qoqdi. O'g'li shifoxonadan chiqibdi ham. Buning ustiga, ertaga tug'ilgan kuni ekan, shuni nishonlagani Turkistondan oyisi, ukasi, yana allakimlar ataylab kelib, ko'zlari to'rt bo'lib kutib o'tirganmish! Ishxonasidagi bir diltortaridan qarz-havola qilib, tegishli sovg'a-salomlar bilan Gavhar ikkovi, katta qizini yonlariga olib shahar chekkasidagi ukasining uyiga kirib borsalar, jamoat jam! Yig'lab ko'rishganlaridan keyin yonida o'tirgan oyisi Ahmadaliga sinovchan tikildi: "Yolg'izgina o'g'lingni chet elga jo'natib… Ertaga o'qishni bitirib kelgach, "Ana endi meni uylantirib qo'ying! Deb turib olsa, buyoqda bo'yga yetgan ikkita qizing… O'shanda nima qilasan, bolam?!" Ahmadalining yuragi o'rtandi: "Nima qil deysiz, oyi?! Chet elda o'qiyman deb turgan bolaning yo'lini qanday to'saman?! O'zim tugul ota-bobolarimning tushlarigayam kirmagan shunday imkoniyatni qo'ldan boy berish… O'zimga o'xshab o'ttiz yoshgacha bo'lsayam uylanar, axir, uylanish qochib ketmas!" Oyisi bir qadar shashtidan tushdi: "Ha, mayli… Ma'rufali ukangning to'yiga bormading?" Bu savolga nima deb javob qilsin? "O'zim o'g'limni kuzatishga qarz qidirib, borishga yo'lkiram yo'q edi" desinmi? Bu ko'rar ko'zga oydek ravshan gap-ku! "Yetti qizga qanday o'g'il to'y?!" deb dangal so'rasinmi? "To'ydan keyin Toshkentga yetib kelib, o'g'ilni kuzatishga kechikaman deb qo'rqdim" desinmi? Yillar mobaynida borib ko'rolmayotganida o'z oyog'i bilan kelgan yetmish besh yashar onasining shikasta dilini og'ritish… kimga, nima uchun kerak? "Ha, endi, shunday bo'lib qoldi, ko'rmaysizmi!" deya to'y tafsilotlarini so'rab-surishtirgan bo'ldi. Shu payt oyisining yonida o'tirgan o'rtancha kelini Tamara kayvoni kampirlardek salmoq bilan gap qo'shdi: "Og'ayni-tug'ishganlarga qo'shilib, to'y-ma'rakalarga qatnashib turish kerak, aka, o'zbekchilik!" Oyisining savollari-ku, tushunarli - jonsaraklik, kuyunchaklik. Aytsa haqqi bor! Lekin bu o'taketgan andishasizlarcha pand-nasihat ham o'zbekchilikmi?! "O'zing biron marta odam bo'lib yigirma uch yil mobaynida Karimali ukam bilan uyimga kelib "Qanday o'tiribsizlar, aka?" deya hol so'ragan bo'lsang ekanki, pand-nasihat qilsan…" Dilidan kechgan gaplarni ichiga yutib, tilida butunlay boshqacharoq gaplarni aylantirdi: "O'zing yaxshi yuribsanmi, kelin? Karimali ukam yaxshimi? Bola-chaqalaring katta bo'lib qolishgandir?" Mana buni o'zbekchilik, o'zbekona muomala madaniyati desa bo'ladi! Ichida faqatgina andisha emas, o'zbekning boshqa fazilatlari ham bor! "Tegirmonning navbati"mi, qaydam, shu payt Orifali ukasining xotini - kenja kelini Nuriya qaynog'asiga bir qarab olib, yig'lamsiradi: "Uyimizga bizni yo'qlab xo'p keldingizlar-da, oyijon! Bu musofir yurtda suyanadiganimiz ham, ishonadiganimiz ham, hol so'raydiganimiz ham yo'q! Mana, kichkina nevarangiz kasalxonada yotib chiqdi, qani biron tirik jon kelib ko'rgan bo'lsa-chi!" Gapning nishabi qayoqqa ketayotganini yaxshigina bilgani bois, hoynahoy kimlarningdir tomonidan ataylab uyushtirilayotgan "uchinchi jahon urushi"ning oldini olishga tutindi: "Yig'lamang, kelin, to'xtang! - dedi bosiqlik bilan. - Mana, men yig'layotganim yo'q-ku! Xudoga shukr, o'g'lingiz shifoxonadan navbatdagi muolajasini olib chiqibdi! Vaqtida biz - olti jon yuz marta kasalxonada yotib chiqqandirmiz-ov! O'shnda biron jon bizni ham kelib ko'rgan emas, biroq biz hech kimga ginaxonlik qilmaganmiz, to'g'rimi?.. - shunday deya oyisiga yuzlandi: - Mana shu ayolning yetti o'g'lidan biriman! Agar men - onamga, onam - menga ginaxonlik qila boshlasak, oqibati nima bilan tugashi aniq! - Shunday deya zehn solib qarasa, davrada o'zi bir qarashdayoq besh qo'ldek taniydigan toifa - qo'shni niqobidagi erkagu ayol iskovichlar o'tirishibdi! Ularning ko'zlariga atayin qattiqroq tikilib qaradi: - Ona-bola qaytib yuz ko'rishmasak shunda murod hosil bo'ladimi?! - Kutganidek, bunaqangi ko'ndalang savolni mutlaqo kutmagan davra ahli dong qotib qoldi. Fursatdan foydalanib, "bir so'z"ini so'nggi nuqtaga - marraga yetkazdi: - To'g'ri, o'g'limni o'qishga jo'natishda Orifali ukam bilan ko'-o'p yaxshiliklar qildingizlar! Xudo xohlasa, bu qarzimni tezda uzaman, kelin, menga ozgina muhlat bering, maylimi?.." Kutilmagan marraga hamma chidadi, biroq Orifali ukasining erkaklik hamiyati axiyri chidayolmadi. Beixtiyor portladi: "Mening o'g'lingizga qilgan ko'magim vaqtida sizning menga qilgan yaxshiligingizning yuzdan biri, mingdan biricha ham emas, Ahmadali aka! Men sizga qarz berganim yo'q, qarzimning ibr qismini uzdim!"
Qarabsizki, janjal xavfi uzil-kesil bartaraf bo'ldi! Buyog'iga "badiiy qism" - kenja o'g'ilning tug'ilgan kuni sharafiga quyuq ziyofat va dilkash gurunglar! Qarabsizki, ko'rolmaslarning murodi hosil bo'lmadi. Sal o'tmay qoralariyam o'chdi! Ahmadali ukasining uyida oyisi bilan to'yib diydorlashdi. Oxiri shunday baxayr bo'ldi. Ertasiga "bir kunlik mehmon"larni kuzatar ekan, Ahmadalining yuragi to'liqdi. Oyisi bilan xayrlasha turib, ko'nglidagi bir mung-hasrat ko'zlaridangina emas, so'zlaridan ham toshib chiqdi: "Nega meni vaqtida o'qishga yubordingiz, oyi? Nega mening ko'zlarim ochildi?! Endi bu ochiq ko'zlarni o'lmay turib yopolmasang!" Oyisi uning nima demoqchiligini yaxshigina tushundi, albatta, yupatdi: "Qo'y, noshukrlik qilma, bolam, har narsani o'ylab, kuyinaverma! Bolalaringga bosh bo'l, o'zingga ehtiyot bo'l!"
O'shanda ko'ngli cho'kib, hazin tortib uyga qaytar ekan, yo'lda Gavhar bilan katta qizida bilib oldiki, kelini ishlaydigan maktabdagi bir "hotamtoy" ikkita yengil kelib qo'yish sharti bilan "bir kunlik mehmon"larni boshlab kelibdi. Nima uchun? Oftob qayoqdan chiqibdi?! Uni ko'pdan buyon sog'inib yetolmayotgan oyisi bilan diydorlashtirish maqsadida qilinganmi bu himmat-sahovat, yo urishtirib tomoshalarini ko'rish niyatidami?
Avvalgi yili yozda o'g'li dastlabki ta'tilga kelgach, katta qizini yoniga olib, ukasinikiga bordi. Ukasi bilan kelinining oldiga "qiyomat qarz"ni qo'ydi: "Mana, manovi - o'ttiz ming - o'tgan yildan buyon pul ikki baravar qadrsizlandi. Manavinisi - kiyimlaring - Amerika qit'asini bir aylanib, kiyilmay qaytib keldi. Manovilar bo'lsa, jiyaningning senlarga atagan sovg'a-salomlari! Xo'sh, yana biron qarzim qoldimi, uka, kelin?" Shunday qilib, ukasidan qarziniyam uzdi.
Ahmadali bilagidagi soatiga ko'z tashlab o'rnidan turdi. Subhidamdagi bugungi ish nihoyasiga yetdi! Shu joyda nuqta! Endi kiyinib, davlatning ishigayam borish kerak…
O'n beshinchi bob
Odatdagi jamoat jam bo'lib nonushta qilishgach, avval xotini kichkina qizini boshlab maktabga yo'l oldi. Keyin ikki katta qizi ishxonalariga chiqib ketdi. Nihoyat , o'zi ikki yil avval o'g'li ta'tilga kelganida o'rnattirgan mustahkam temir eshikka qo'shaloq qulf urib, ishiga jo'nadi.
Ishxonasiga biror chaqirim odatdagidek poyi-piyoda ketdi. Uyqudan turib, ikki soatcha ishlaganingizdan keyin bunday poyi-piyoda yurish koni foyda, jonning rohati! Ham miyani shabadalatasiz, ham yozganingizu yozadiganlaringizni o'ylab yana bir karra pishitasiz, ham bu shahri azimning yil sayin, oy sayin jamol ochayotgan ko'rki-tarovatini tomosha qilasiz! Eng muhimi, yurib o'ylaysiz - o'ylayverasiz, o'ylaringiz bahorning shu so'nggi kunlaridagi ertalabki sarin havodek biram tiniq, beg'ubor tortadiki, asti qo'yaverasiz!
Bundan uch yil avval ummon ortidagi mo'jizakor mamlakatga kuzatish arafasida u o'g'li bilan bir xonada uch-to'rt kun suhbatlashdi: birga-birga o'ylashdi, kengashdi, o'tgan kunlarni eslashdi, istiqbolni tasavvur qilishdi. Agar haddidan oshib, badgumonlikka berilgan bo'lsa Xudoning o'zi kechirsin, har qalay, o'g'liga ko'nglidagi eng pinhoniy o'ylari - botiniy kechinmalarini kuyib-yonib izhor qildi: "Mana shunaqa, ochiq ko'z bilan qaraganga bu jahon ayvoni keng va u bizgayam tegishli, o'g'lim! Afsuski, biz "ochun"ni ham, "budun"ni ham, "otov"ni ham, boshqa ko'pdan-ko'p qadim turkiy so'zlarimizni ham unutib qo'yganmiz. Ayni shu sababdan Navoiyni o'qib tushunolmaymiz. Bir paytlar bu turkiy ulusning qalamravida bo'lgan yerlarni tasavvur qilolmaydigan, hatto aqlimizga sig'dirolmaydigan bo'lib qolganmiz! Amerika qit'asi, o'sha "Kolumbia" bilan "Gabriel Garsia Markes" deganlari Kolumb bilan hozirgi ispan xalqiga begona bo'lsa bordir, lekin bizga begona emas! Begona bo'lmaydi ham! Faqat keyingi asrlarda bizning dunyoqarashimiz shu qadar torayib ketdi, to'g'rirog'i, ataylab toraytirildiki, endi ko'zimizni kattaroq ochib, nuqtai-nazarimizni qaytadan kengaytirib olishimiz uchun sal-pal zo'riqishimizga to'g'ri keladi. Bizga tayanch nuqtasi bo'la oladigan tiyran nuqtai nazar kerak! Forobiy bobomizdek o'zimiz ham, so'zimiz ham, ko'zimiz ham o'tkir bo'lishi kerak! Beruniy bobomizdek uzoqni ko'rishimiz kerak! Ibn Sino bobomizdek odam bolasining butun chinchalog'idan tortib, turish-turmushi, fe'l-atvori, ahvol-ruhiyasini besh qo'ldek bilib ish ko'rishimiz kerak! Eng muhimi - har qadamda hushyor turishimiz, sergak yurishimiz kerak, toki hech kim bizni endi oyog'imizdan chalmasin, payimizni qirqmasin, tagimizga suv quymasin! Toki bizning yutuqlarimizni ko'rolmaydigan, ko'rsa ham shu yurishimizni ko'p ko'radigan baxillarning ko'zi tegmasin! Shunday yaxshi niyatda, mana, uyimizda isiriq osilib turibdi. Singillaring yaxshi niyat bilan shu adrasmonni tutatadi. O'zlari ko'zga yaqin bo'lgani sayin ko'zmunchoq taqadi. Endi sen ham shu gaplarimni aqlingga ko'zmunchoqdek taqib, qulog'ingga qo'rg'oshindek quyib olki, bu jahon ayvonida sen inglizdan qo'rqma, farangdan qo'rqma, rusdan qo'rqma, yunondan, arabdan, mo'g'uldan, xitoydan, boshqa biron xalqdan ham qo'rqma, o'zingdan qo'rq, o'g'lim, o'zingning o'zbegingdan qo'rq! O'ziniki o'zagini o'yib, o'zidan o'zib chiqqan uchqurning oyog'idan tortib, ko'pkaridagi otdek biri-birini o'zdirmay nomardi mardini makr-hiyla bilan tuzoqqa ilintirib, zindonga tashlab, tilloga bergusiz boshlarni dorga osdirib, itdek g'ajib-yeb, baxili sahiyini toptab tahqirlab yashashga yomon o'rgangan xalq bu! Ayniqsa, keyingi bir yarim asrda bu xalqning fe'li yomon aynidi. Shunday aynidiki, hali veri asliga qaytishi amrimahol! Shu kecha-kunduzda o'zbekning kushandasi yo'q, agar bor bo'lsa, u ham o'zbekning o'zidir! Shuning uchun yo'lingda duch kelgan har bir o'zbekka sir boy beraverma! Dilingdagi siringni Sirdaryodek oqizib qo'yma! Sirni sirga ulay olsang ula, faqat boshqalarga ulashishda ehtiyot bo'l, uqdingmi, ulim?!
Xudoga shukr, mana, es-hushing joyida ekanki, O'zbekistonimizning yosh matematiklari orasidagi mardona tanlovdan o'zib chiqding. Bu tanlovda, o'zing bir chekkasini ko'rding, mening zararim tegsa tegdiki, foydam tekkani yo'q! Erta bir kun chet elda o'qiyotgan talabalar o'rtasidagi muomala-munosabatlar xorijda ham, Vatanga qaytib kelgandan keyin ham risoladagidek silliqqina bo'ladi deb o'ylama! Raqobatsiz taraqqiyot yo'q! Lekin raqobat mardona, Hazrati Insonning sha'niga yarashadigan bo'lishi kerak! O'zing talabgor bo'lib shu ulkan maydonga tushding, undan yengsang ham, yengilsang ham, bosh-ko'zingni omon-eson olib chiqishing kerak! Mard bo'lib borib, mard bo'lib qaytishing kerak! Jo'mard-tanti o'zbekning sha'nini ko'tarishga holing kelsa ko'tar, lekin uni yerga urishdan ehtiyot bo'l! Unutma, ulim, sen Sohibqiron Temur va Zahiriddin Boburning zuryodi, "Toj Mahal"dek mo'jizani qurdirgan Shoh Jahonning bobosi, Hindistondek mamlakatni gullatib-yashnatib, obod qilgan Akbarning yonida "Ali" degan yana bir qutlug' otni zimmangda ko'tarib yuribsan! Iloyo bu qo'shaloq ot senga hech qachon og'irlik qilmag'ay! Yoningdagi o'zingdek qorako'z o'zbekka yaxshilik qilish qo'lingdan kelsa - qil, kelmasa, aqalli yomonlikni sog'inma! Yaxshilarni sig'dirmaydigan fe'li tor, ichi qora, ko'rolmas o'zbek bo'lsa, uni yaxshilik bilan kenglikka boshla, yorug'likka olib chiq, toki endi qorong'u kechadan yorug' kunduzga qarab yuraylik, aksincha emas!"
Xudoga shukr, mana, uch yildirki, o'g'li uning izhori dilini to'g'ri tushunib, pand-nasihatlariga og'ishmay amal qilib, ishonchini oqlab, umidini ushatib kelyapti, iloyo ko'z tegmasin! Birinchi yil ta'tilga kelganida "Boshqa o'zbekistonliklar ham o'qib, ham ishlayapti, savdo-sotiq qilyapti, qo'shimcha pul topishyapti, ada, men ham shunday qilsammikin?" deya maslahat so'radi. Lekin Ahmadali o'g'lini bu shashtidan qaytardi: "Qo'y, bolam, boshqalar o'zlarini tomdan tashladi deb sen ham tashlama! Ishga alahsimay o'qishingni bil! Xudo shu o'qishdan topgan-tutganingning barakasini bersin!" O'tgan yili yozda kelganida tag'in shu mazmunda gap qo'zg'adi: "O'qishlarim yomon ketmayapti! Matematika ham, iqtisodiyot ham, boshqa fanlar ham joyida! Faqat O'zbekistondan yolg'iz men ishlamayapman. Uchinchi yil ishlasam devdim. Mo'ljalimda uch ish bor: boshqa o'zbeklar qatori oshpazlik, qabulxonada ish yurituvchilik, quyi kurs talabalariga matematikadan qo'shimcha saboq beradigan murabbiylik?" Ahmadalining ko'zlari daf'atan yarq etdi. O'zini imkon qadar sovuqqon tutib o'g'liga yo'nalish berdi: "Avvalgi ikki ishni qo'y - bizning sha'nimizga munosib emas! Lekin uchinchi ishni o'ylab ko'rsa bo'ladi". Oradan biroz vaqt o'tib, uchinchi yilgi o'qishga ketgan o'g'lidan elektron pochta orqali xabar yetib keldi: "… Ishlay boshladim, ada! Yigirmatacha talaba, ko'pchiligi turli mamlakatlardan kelgan, oralarida amerikalik inglizlar ham bor!.." O'rtancha qizi kompyuterdan ko'chirib olib kelgan xabarni o'qib yig'lagisi keldi. "Xudoga shukr! - dedi yuragi to'liqib. - Yigirma ikki yoshida o'zidan to'rt-besh yosh kichik amerikalik inglizga ingliz tilida matematikani o'rgata boshladimi, mana buni "otao'g'il" desa bo'ladi! Yo'q, "bobosining nevarasi", aniqrog'i, "bobojonining chevarasi" desa bo'ladi!"
Ha, Xudoga ming qatla shukrona aytsa arziydiki, Ahmadali yolg'iz o'g'ildan yolchidi! Birinchi yili ta'tilga kelganida oltovlon aeroportdan uyiga qaytib, mehmonxonada davra qurishgach, avvalo o'ziga atalgan - u yetti uxlab tushida ham ko'rmagan (keyinchalik ma'lum bo'lishicha, yuz dollar turadigan - "Elita" do'konidan olingan!) antiqa tufli bilan bir dasta pul (dollar! Birinchi, yo'q, ikkinchi ko'rib turishi, Xudo haqqi! Boror yil avval o'g'li ketayotganida amal-taqal topgan "elliktalik"dan bir dastasi!)ni oldiga qo'ydi: "Mana, ada, sizga! Anavi doktorlik ishingiz… "besh yuz betlik qo'lyozmangizni shu pulga qo'lga ilingulik kitob qilib chiqarsa bo'larmikin?" Bu gaplarni eshitib o'tirib, Ahmadalining butun vujudida titroq turdi. "Xudoning men g'aribga sendek o'g'il berganiga shukr! - dedi yuragi to'liqib. - Shu gaplarni aytganingga-ku, ming qatla shukr! "Adam yalangoyoqlikdan bir yo'la qutulsin!" degan niyatinggayam tushunib turibman. Biroq bu tuflini Xudo xohlasa, uylanganingda o'zing kiyarsan! Pullarni esa, kitobimni chiqarishga ishlatolmayman! Men qo'limdan kelgan ishimni qildim, endi bu xalqqa agar til bilan mantiq kerak bo'lsa, ertadir-kechdir o'zi yorig'likka obchiqib olar! Bu pullaringga… yaxshisi, yigirma yilcha avval peshonamizga birgan shu vatanni bi-ir obod qilaylik!"
Falsafa fanining sharofati bilan shahar markazidan to'rt xonali uy olgan bo'lsa, o'g'lining himmati bilan bu uy obod bo'lib yarqiradi. Boyvochcha va o'rtahol qo'shnilari, hamyurtlari, hatto ukasida allaqachon bor bo'lgan zamonaviy jihozlar: qurama devor, musiqa markazi, video va hokazolarni, nihoyat, ular ham ko'rdilar! Ayniqsa, "video" deganlari! Zamona zayli bilan dunyoga kelgan bu g'aroyib mo'jiza shunaqangi jonning huzuri ekanki, yostiqqa yonboshla-ab ko'k choyni xo'plagan ko'yi istasangiz - AQShga sayr qilasiz, istasangiz - Arabistonga, istasangiz - Hindistonga! Mo'jazgina "kasseta" deb ataluvchi tilsim yordamida qo'l-oyog'ingiz bo'lmasa-da, nigoh-nazaringiz jahonning istalgan burchagiga yetaveradi! Noshukr banda Gavhar bu huzurijonning beliga tegdi: "Rangli televizorimizga nisbatan hajmi kichikroq ekan-da! Olgandan keyin bir yo'la ko'rimlirog'i - ko'zga ko'rinadiganrog'ini olavermabsizlar-da! Asli yonlaringizda do'konga birga borsam bo'lar ekan!" Xotinini noshukrlikdan qaytarib, insofga chaqirdi: "Musulmonchilik - astachilik, onasi! Hozircha shunisiga ko'z tegmasin deb! Nasib qilsa, kattarog'iyam bo'lar! Hali yigirma yildan buyon durustroq ta'mirlanmagan uyni kishi ko'rgulik qilib, to'yga tayyorlash osomni?!." Ayni lahzalarda ko'ngli xonadonga emas, jahonga talpininb turgani bois, yonida o'tirgan o'g'lida sinovchan tikildi: "Oyingning gapiniyam, videoniyam qo'ya turib, o'z ko'zlaring bilan ko'rgandan aytchi, qani? Chiroyli gap aytma, iloji bo'lsa, qoyil qoldiradigan gap ayt!.." O'g'li shuni kutib turgan ekanmi, videoni to'xtatib, "talablarga muvofiq" zavq-shavq bilan gapira ketdi.
O'g'lining gaplarini tinglab, uning dunyoqarashidan - dunyoga ochiq ko'z bilan kengroq qarashidan ko'ngli to'ldi. Xudo xohlasa, tag'in o'ttiz yildan keyin - uning yoshida o'zi kitob bilan zabt etolmagan jahonni o'g'li hisob bilan zabt etsa ehtimol! Faqat bu dunyoqarashni kerakli tomonga to'g'ri yo'naltira olsa bas!.. Nyu-York, Mexiko, Tokio, Bombey kabi yirik shaharlarda butun O'zbekiston hududidan kichikroq, tabiiy boyliklari haminqadar zaminda son jihatidan o'zbek xalqidan qariyb o'n barobar ko'proq bo'lib yashagan holda "yapon mo'jizasi"ni jahonning ko'ziga ko'rsatishga imkon bergan asosiy kuch nimada? Darsdan bo'sh paytlaringda shunday jahonshumul masalalarga ham o'zingcha javob topsang yomon bo'lmasdi, o'g'lim!
Ikkinchi yil yozgi ta'tilga kelganida o'g'li bu masalalarning mohiyatiga ham yetib bora boshlaganini ayon ko'rsatdi: "Aytdam ishonmaysiz, ada, Amerikada ota-onalar o'z farzandlarini bolaligidanoq mustaqillikka - mustaqil hayotga o'rgatar ekanlar! Yonimdagi hamxonam Jeyson mendan ikki yosh kichik, lekin ham o'qib, ham ishlaydi, mustaqil yashaydi. O'zining shaxsiy kompyuteri, mashinasi bor! Yevropa mamlakatlarini bir sidra sayohat qilib chiqqan! Hammasiga o'zi o'z kuchi bilan erishgan! Yaponlar ham, nemislar ham, frantsuzlar ham, jamiki taraqqiy etgan xalqlar ham shunday: bolaligidanoq mustaqil hayotga o'rgatiladi! Bizada bo'lsa aksariyat otalar o'g'ilning qo'lini mahkam ushlab olgan - qo'yib yubormaydi! O'g'li o'ttizga kirib, o'zi ota bo'lsa ham, unga "Bola-da!" deb qaraydi! Menimcha, hamma balo shunday qarashlarda, ada!"
Darhaqiqat, baloning boshi mana shunda, ayniqsa, keyingi asrlarda o'g'il-qizlarimizni boqimanda, mute qilib tarbiyalaydigan bo'lib qolganimizda! O'g'il-qizlarimizni mustaqillikka, mustaqil fikrlash, mustaqil hayot kechiqishga o'rgatmasligimizda! Darhaqiqat, "Aminmanki, kelajakda bashariyat oldida turgan har qanday muammolar tarbiya vositasida hal qilinadi" deganida buyuk hind mutafakkiri rost yozgan ekan! Bu mutafakkir Hindistonning qaramligi sharoitida Shantiniketonda shaxsiy universitet ochib, talabalarni qaramlik sharoitida mustaqil fikrlashga o'rgatganida juda-juda olislarni ko'zlagan ekan!
Xudoga shukr, yolg'iz o'g'li otasining zo'rlab tiqishtirishi, zo'ravonlarcha dakki-dashnomlari bilan emas, o'z aqli bilan hayotiy xulosaga - mustaqil fikrga kelibdimi, demak, u ham o'g'liga to'g'ri tarbiya beribdi! Uni o'z erkiga qo'yib, faqat eng zarur paydagina tegishli yo'nalish berib, to'g'ri ish qilibdi! Endi o'g'li, xudo xohlasa, kam bo'lmaydi, o'z nonini o'zi topb yeya oladi, o'z yo'lini o'zi topib keta oladi!.. Endi uch qizini MUSTAQIL HAYOTga tayyor holda tenggini topib uzatsa!..
Bundan besh-olti yil avval - oilasidagi iqtisodiy tanglik avj nuqtaga ko'tarilgan paytda dastlab maxsus maktabda o'qiyotgan o'g'lini biron o'zmirbop ishga joylab qo'ymoqchi bo'ldi. "Bekorchidan xudo bezor". O'g'li ayrim qo'shnilarining bolalariga o'xshab bekorchilikdan qing'ir ko'chlarga kirib ketmasin-da, biron foydali ish bilan mashg'ul bo'lsin! Nonning qadrini non topish mashaqqatini tatigan biladi. O'g'libop ish topolmay ustachilik ishlarida yonida olib yurdi. To'g'risi, o'qishga ishtiyoqi baland o'g'lini ishga ko'pam chalg'itgisi kelmadi. Lekin qizlari… Qiz bolaning o'zigina emas, qo'li ham gul bo'lmog'i kerak! Kattasi - o'n to'rt yashar, keyingisi - o'n ikki yashar qizini yetaklab yonlaridagi modalar uyiga chiqdi. O'zi qachonlardir shim tiktirib, qadrdonlashib qolgan o'ta madaniyatli birrus ayoliga ularni tanishtirdi: "Xudo xohlasa, shu qizlarimni chevarlikka o'qitib, uch-to'rt yildan keyin sizga shogirdlikka topshirish niyatim bor. Hozirning o'zidayoq opasining ko'magi bilan qo'llari ishga kelishib qolgan. Shularga vaqti-vaqti bilan maslahat-u yo'nalish berib turolmaysizmi?" Ayol bajonidil rozi bo'ldi. Chiqitga chiqqan laxtaklaru qiyqimlarni ham maslahatga qo'shib berib turdi. "Mana, ona qizlarim! - dedi yuragi to'liqib. - Ota-bobolarimiz "Hunardan unar" deganlar. Qiz bola uchun hunarlarning gultoji - chevarlik! Agar o'zim - kitob bilan, o'g'lim - hisob bilan shahar ololmasak ham, xudo xohlasa, senlar nina iblan olarsanlar… Tinib-tinchimagan bibilarimiz bir paytlar nina uchida shunaqangi mo'jizalar yaratganki, bu o'zbekning milliy kiyim-kechaklari!.. Afsuski, hozircha muzeylar bilan raqqosalarnigina bezab turibdi. Agar zmona zayliga qarab - ming yillik an'analarimizga asoslangan yangicha milliy liboslarimiz yaratila boshlansa bormi! Parijdagi eng zo'r modalar uyidan ham: zo'rroq modalar uyi shahri azimning qoq markazida bo'ladi!"
Xudoga shukr, orzularining bir chekkasi ushala boshladi ikkala qizi chevarlik maktabini imtiyozli diplom bilan bitirdi. Ikkalasi o'sha ayolning qoshida - modalar uyida ishlaydi. Shunaqangi bejirim ko'ylaklar, kostyum-shimlar, nimchalar, hattoki kurtkalar-u paltolar tikmoqdalarki, ko'rib havasing keladi. "Qo'llaring dard ko'rmasin, ona qizlarim! - alqaydi Ahmadali ularning tikkanlariga qarab. Xudo xohlasa, hunar bilan erta bir kun borgan joylaringda ham hamisha rizqlaring butun bo'ladi! Xorlik-zorlik, muhtojlik nimaligini bilmay yashaysanlar!"
Shu hunarlarining sharofati bilan oyilarini ham, sigilchalarini ham mavridi bilan yangi liboslarga o'rab-chirmashayapti. O'zlari ham yomon kiyinmayapti. Seplari butlanyapti. Akalari o'qishni bitirib kelganida kiydiriladigan bir sidra ohorli kiyim-sarupolari ham taxt! Ayni chog'da, ikkalalari baravar to'qimachilik institutida sirtdan o'qimoqchi. Tayyolrgaliklari yaxshi… Iloyo niyaltlariga yetishsin! Iloyo baxtlari ochilsin! O'g'il-qizlarining qaddi-kamolini ko'rish nasib qilganiga shukr, endi ularning baxti-taxtini ko'rish, qo'sha-qo'sha to'ylar-u nevaralar ko'rish iloyo o'zlariga ham muyassar bo'lg'ay!
Ahmadali dilida shunday tilaklar bilan qadrdon ishxonasi - Falsafa va huquq institutiga qadam qo'ydi.
O'n oltinchi bob
U bo'limga kirib kelganida odatdagidek Toshmat akasi "xonani odob qilib" o'tirgan ekan!
Bekorga otasi "Toshmat" deb ot qo'ymagan. Cho'ntagidan bir tiyin chiqsa naq shaytonlab qoladi. "Nahang"day tekin bo'lsa har qanday luqmani, hatto toshni ham yamlamay yutib, hazm qilib yubora oladi! Buning ustiga, bo'limning to'ridagi o'rniga toshdek qotgan-qolgan. Mana o'n yildan oshibdiki, o'zi - mantiq bo'limining mudiri, undan besh-olti yosh katta bu fan nomzodi - bo'limning yakka-yagona katta ilmiy xodimi. Shunaqangi antiqa nusxa, adabiyot va san'at ahlining atamasi bilan aytgand, "tip"ki, asti qo'yaverasiz! Afsuski, Ahmadali yozuvchi yo rassom emas. Yo'qsa birinchi galda shu odamning qiyofaasini yozib-chizgan bo'lar edi. Darvoqe, bunga alohida zarurat ham yo'qdek. Bunday noyob nusxalarni jahon adabiyotidan, ayniqsa, rus adabiyoti bilan ispan adabiyotining oltin davrlarlaridan istagancha topa olasiz!.. Bo'limning "as"larini ko'rib, "assalomu alaykum" deya kirib kelgan har bir kishi "Ahmad bilan Toshmat"ga qarab turli xayollarga borishi, payrov qilishi tayin. Sinashta faylasuflardan kimdir xonaga qadam qo'yar ekan, "Ha, Ahmad bilan Toshmat, o'tiribsizlarmi, aka-uka bo'lib?" deya hol so'raydi. Kimdir jumlani oxirini o'zicha tahrir qilib aytadi: "Ivan Ivanovich bilan Ivan Nikifirovichga o'xshab?" va hakozo. Bu o'xshatishlarda nuqson bo'lsa bordir, lekin jon ham bor!
Esida, bundan besh yilcha avval (o'shandayoq laborantning o'rni qisqarib ketgan, kichik ilmiy xodimning o'rni esa, hozirgidek bo'sh edi) institutga yangi direktor keldi-ku! Ertasigayoq Toshmat akasi bo'limda o'tirgan uch-to'rtta "kunda-shunda mehmon"lar oldida gap berdi: "Suv oqaru tosh qolar, O'sma ketar, qosh qolar" Men sizlarga aytsam, bu institutga direktor ham, bo'limga kichik ilmiy xodim ham keladi-ketadi, biroq Ahmadali ikkovimiz ko'z bilan qosh bo'lib qolaveramiz!" Bu sovuq shamol nima maqsadda esib qolganini yaxshigina bilgani bois Ahmadali uchuruqning ustidan toshdek bosib tushadigan og'irgina gap, yuzaki qaraganda esa, yengilgina hazil qildi: "Ko'plikda emas, birlikda aytavering, akaginam! Yo kichik ilmiy xodimlarning tagiga suv quyish bo'yicha mahorat to'plab, endi mening tagimga suv quymoqchimisiz?" Toshmat akasi oyog'i kuygan tovuqdek pitirladi: "Tagingizga suv quyolmayman-u, birov oliymaqom joylarga ko'tarib yuborsammi deb turibman-da?" Akasining maqsadi oydinlashgani uchun o'zining munosabatini ham oydinlashtirib qo'ya qoldi: "Rahmat, akam! Ko'tarib urishlarning ko'pini ko'rganmiz, ko'rib turibmiz! "Faqir - panada" deganlariday, men o'z joyimda o'tiribman. O'zingiz ham joyingizda o'tirib, doktorlik ishingizni qilsangiz yaxshi bo'larmidi, akaginam!"
Toshmat akasi, mana, nafaqa yoshiga yaqinlashib qoldi, doktorligini tezroq bitirib, himoya qilshga hushiyam, hafsalasiyam, kuchiyam yo'q, buyog'ini so'rasangiz - vaqtiyam yo'q! Boshqa hamma narsani, ayniqsa, institutning ay burchida nima gap bo'layotganini besh qo'ldek biladi. Hoynahoy bu gaplarni buyoqdan - uyoqqa, uyoqdan - buyoqqa tashiydi, yig'ib-yig'ishtirib, qaylargadir topshiradi, keyin gap yeydi! Bola-chaqasini ham shu gap bilan boqadi. Faqat doktorligini qachon tugatib, qachon himoya qilishini bilmaydi. So'rasang, ko'zlarini jovdiratib mumsiklanadi: "Endi biz ot bilan tuya bo'larmidik! Shu joydan monzodligimizcha nom qozonolmay nafaqaga vhiqamiz, shekilli-da!" Holbuki, Ahmadali yaxshigina biladi: nom qozonish, olim sifatida dovruq taratish, shunga o'xshash as'asayu dabdabalarning bu odamga bir pullik keragiyam yo'q! O'zining har bir qadamini kuzatib, zarur bo'lsa, ko'ngliga qo'l solib, gap kovlab, gapdan gap chiqarib o'tiraversa - keragi shu! Hatto eng nomatlub joylargacha ortidan ergashib boraveradi. Ishqilib, hid olib tursa bo'lgani!
Kunlardan bir kuni nimadir ish bilan shosholib chiqib ketdiyu yo'lda kerakli narsasini unutib qoldirgani yodiga tushdi. Xonaga qaytib kirsa, Toshmat aka uning joyida o'tirvolib, engashganicha ochiq g'aladonlarini kavlashtiryapti! Ahmadali sir boy bermay hazillashdi: "Yangi kasbi-korlar muborak bo'lsin, akaginam!" Lekin "akaginasi" sir boy berdi: "qattiq dovdirab-esankirab o'rnidan turdi-da, o'zicha ming'irladi: "Nima yozayotgan ekansiz deb qiziqib…"
Ochiq-oshkor gapdan ensasi qotdi. O'rgangan ko'ngil o'rtansa qo'ymas ekan! Oddiygina xonaki iskovich deb yursa, o'qiydigan-yozadiganga o'zshaydi-ku! Odam bolasiniyam shunchalik mayda, shunchalik past bo'ladimi?! Lekin tag'in sir boy bermadi: "Qiziqsangiz, endi o'zim yozgan har bir jumlamni sizning nazaringizdan o'tkazib turmana, kavlashtirib qiynalib yotmang, xo'pmi, akajon?.."
O'shandan buyon, mana, bir necha oy o'tdi, Toshmat akasi, garchi soxta takallufni yana-da quyuqlashtirgan bo'lsa-da, Ahmadali o'zicha aniq-tiniq ko'rib-bilib turibdiki, ich-ichdan zil ketib yuribdi. Ilojini topsa-yu siri fosh bo'lmasin deb uni bir zamonlardagidek "xalq dushmani" sifatida qarsillatib ottirsa, "kofir" deb dorga ostirrsa, xullas, butun olamga yomonotliq qilib xumorini tarqatsa!
Ahmadali quyuq salomlashib joyiga o'tirgach, Toshmat akasiga sinovchan tikildi:
- Atrof-javonibda tinchlikmi, akaginam? Tinchitib o'tiribsizmi, keng uyning kelinchagi bo'lib?
- Tinchlik-tinchlik. Kichik ilmiy xodimlikka talabgor qiz kelib ketdi. Ertaga tag'in kelar ekan!
Sinovni yana-da kuchaytirdi:
- Qalay ekan? Endigina o'qishni bitirgan qiz bo'limga sig'armikan? Sizningcha, o'sib-unib, tup qo'yib-palak yozib keta oladimi? Mantiq fanining yuki qiz bolaning yelkasi bilan miyasiga og'irlik qilmasmikan?
- Yelkasi bilan miyasini qaydam, oyoq-qo'li chaqqongina, o'zi tirishqoqqinaga o'xshaydi.
Ahmadali "sinov"ga nuqta qo'yib, derazaga ko'z tikdi. Mana, o'n besh yildirki, bo'lim kichik ilmiy xodimga yolchimaydi. Holbuki u Ahmadalining o'n besh yil avval - shu akasining o'rniga o'tganida tark etgan qadrdon o'rni! O'zi uchun mantiqshunoslik fanining eshigimi-beshigi desa bo'ladigan joy! Vaqtida o'rniga ham aqli butun, ham ko'ngli toza bir ukasini tavsiya qildan edi, xudoga shukr, u ishonchini oqlab, uch yilda nomzodligini bitirib, himoya qilib, uchirma bo'ldi. Keyinchalik doktorlikniyam himoya qildi, hozir pedagogika universitetida kafedra mudiri. O'shandan keyingi kichik ilmiy xodimlar keladi-ketadi, keladi-ketadi. Ketganda ham, ko'pincha uchirma bo'lmay, temirqanot holida ketadi. Ayniqsa, keyingi besh-o'n yildagilarni shu Toshmat akasi sig'dirmadi. Kovlaydi, o'tirsa - o'poq, tursa - so'poq deydi, aql o'rgatadi oxiri bezdirib, pattasini qo'liga tutqazadi.
Qani endi shu akasining o'rni-yu anovi bo'sh o'ringa mantiqning tog'dek og'ir yukini zimmasida sdast ko'tara oladigan baquvvatroq yelkadoshlar kelsa. Bu taklifni Hamidulla Xudoyorovning oldiga ko'ndalang qo'yishning vaqti-soati kelmadimikan? Direktor uning yo'rig'ini qo'llab-quvvatlaganida ham, bu akaxoni "Ha, mayli" deb muddatidan avvalroq nafaqaga ketishga rozi bo'la qoladimi, yo butun institut, Ahmadali, hatto Falsafa jamiyatini loyqalatib tashlaydimi.
U o'zi uchn shu kecha-kunduzdagi eng mushkul muammolardan birini yecholmay boshi qotib o'tirgan edi, eshikdan oltmish yoshlardagi salobatli bir odam yonida o'ttizdan oshgan, ko'rinishdan ziyoligina yigit - hoynahoy o'gli bilan kirib keldi. "Ahmadali Bobojonov sizmisiz?" deb so'radi. Ahmadli "Ha, men" deya odatdagidek iltifot qilib o'tirishga joy ko'rsatdi:
- Keling, oqsoqol, xush ko'rdik!
- Xushvaqt bo'ling, uka!
Mehmonlar atrofga alanglab andak jim qolishdi. Ahmadli ichida "Boshlandi!" deya o'ylab, ularga sinovchan tikildi. Ota o'g'ilga bir ko'z tashlab olib, nihoyat, tilga kirdi:
- Biz bir taklif bilan keluvdik, sizga jo'natishdi.
- Qanday taklif ekan? Mantiqqa bog'liqmi?..
- Bevosita mantiq xususida deyolmayman-u, lekin shunga yaqinroq. Mana, kuz boshida har yili O'zbekiston davlat mustaqilligini bayram qilyapmiz. Men ham bu ulkan sanani munosib kutib olish uchun o'z niyatimni qog'ozga tushirib, yozib-chizgan edim, ko'ring-chi!..
Ahmadali qariya uzatgan sakkiz buklog'lik qog'ozni xaritadek yozib, ko'z yugurtirdi. Yangi "Zichi Ko'ragoniy"mi, nima bu?! "Harita"ning o'rtasida "Odam Ato" bilan "Momo Havo" degan yozuv! Bu yozuvning atrofida nomlari Qur'oni Karimda zikr etilgan payg'ambarlarning ismi-shariflari. Ularning atrofida muqaddas kitoblar…, sharif shaharlar-u aziz-avliyolarning nomlari! O'zini imkon qadar sovuqqon tutib so'radi:
- Nima bu, oqsoqol, tushunmadim?
Mehmon yozgan-chizganlarini sharhlay ketdi:
- Nimasiga tushunmaysiz, uka! Ko'zga shundoqqina ko'rinib turibdi-ku! Bir ziyoratgoh bunyod etilsaki, unda butun bashariyatning tarixi bilan zamona zayli jamuljam bo'lsa! Shunday jamuljam etilsaki, butun jahondan O'zbekistonimizga ziyoratchilar oqib kelsa! Xo'sh, shu taklifimda mantiq bormi?
Ahmadali ota-bolaga sinovchan tikildi. Ko'klam paytida bu joyda g'ujg'on o'ynab qoladiganlar toifasidan emas! Es-hushlari joyida. Niyatlari xolis. Lekin… Odatdagidek ko'z qiri bilan Toshmat akasiga qaradi: Akaxoni oldidagi qo'lyozmani o'qigandek bo'lib, aslida, qo'sh qulog'ini ding qilib, "Qani, bunisiga nima derkin?" qabilida poylab o'tiribdi. Niyati beg'araz otaxonning ko'ngliga og'ir botmaydigan qanday gap qilsa bo'ladi? Yaxshi niyat - yarim davlat, albatta, lekin davlat butun bo'lishi uchun yaxshi niyatning o'zigina kifoya qilmaydi=da! Butun bashariyat tarixidagi ne=ne allomalar jahonning qoyilmaqom ulgisini, hozirgi ilmiy atama bilan aytganda, "model"ini yaratishga intilib kelganlar. Jamiki mo'jizalar avvalo shunday qutlug' niyatlarda yaratilgan. Qatrada quyosh aks etganidek, birgina asarda butun jahonni aks ettirish, mojazgina ulgi, tarx, namuna, qolipga butun jahonni zichlab sig'dirishga harakat qilingan! Tojmahal, Eyfel minorasi, Ozodlik haykali va hokazo ibrat namunalari ham! Lekin bu akam qay ish quroli bilan qay shaklda qanday mo'jiza yaratib, olamni o'ziga va O'zbekistonga maftun-mahliyo etmoqchi? Modomiki shu savolga javob mujmal ekan, bir qarashda bama'nidek tuyuluvchi taklif zaminida mantiq yo'q-da!
Ahmadali mehmonga qayta boshdan sinovchan tikildi. Honahoy butun umrini jug'rofiya o'qituvchisi sifatida o'tkazgan chinakam ziyoli, oqko'ngil, istarasi issiq, yuzida farishtasi bor odam! O'zi qarisayam ko'ngli yosh ekanki, man, o'ylab, fikrini yozib-chizib kelibdi…
- Kasbi-koringiz nima, otaxon?
- O'qituvchilik edi. Ota kasbini manovi o'g'limga topshirib, o'zim qarilik gashtini surib yuribman. Biroq shunda ham bekor qolmay O'zbekistonimizning buyuk kelajagiga o'z hissamni qo'shay deb…
Ahmadalining dili yayrab, yuragi to'liqdi. Bunday niyati xolis, ko'ngli yosh, tinib-tinchimagan, xulas, yaxshi odam har kuni bu dargohga kelib-ketguvchilar orasida, afsuski, ko'pchilik emas! Qani endi bu odam bilan bahuzur gurunglashib, bamaylixotir tasavvur va taxayulga erk bera olsa! Nachora, o'ylayman deganga o'y ko'p bo'lganidek, ishlayman deganga ish ham ko'p! Qolaversa, bir kunga mo'ljallangan bir olam ishlari… hali endigina boshlayapti! Shu bois gapni qisqaroq qilishga majbur bo'ldi:
- Taklifingizda mantiq, ya'ni, jon bor, aka, biroq tana, shakl-shamoyil yo'q-da! Yaxshi niyatingizni qay shaklda ro'yobga chiqarmoqchisiz? Yozgan-chizganlaringizga qaraganda, shaharsozlik sohasiga o'xshaydi, to'g'rimi? Me'morlar uyushmasiga borib ko'ring-chi, balki ularga biron nafi tegib qolar? - Shunday deya ota-bolaga borar manzillarini tushuntirar ekan, ko'chagacha kuzatib chiqdi. Cheka turib o'zicha o'yladi: ota-bobolarimiz "fikrdan fikr tug'iladi" deganlar. Afsuski, bizda jamoatchilik fikrini o'rganiv, ular orasida qimmatlisini ajratib, amaliyotga tatbiq etuvchi tuzuk ijtimoiy fikr markazi yo'q, ijtimoiy ruhshunoslik fani yaxshi rivojlanmagan. Bu fanni jahoniy miqyoslarga olib chiqadigan o'z Freydlarimizu Sponserlarimiz bo'lishi uchun, eh-he, qancha kuch kerak! Agar har bir o'zbek bir-biriga samimiy-beg'araz, mehr-muhabbat nazari bilan qaraganida edi, Toj Mahaldek muhabbat qasri Hindiston emas, O'zbekiston zaminida qad rostlab turgan bo'lishi ehtimol edi! Xudo biladi, Me'morlar uyushmasida bu ota-o'g'ilni qanday kutib olishar ekan?..
U xonaga qaytib kirganida qulay payt poylab turgan Toshmat akasi savol bilan qarshi oldi:
- Shunday qilib, o'g'lingiz qachon bitirib keladi, Ahmadali?
Koshki bu odamga "Nima ishing bor?!" deb bo'lsa! Savolni eshitmaslikka olib indamaslik yana noqulay. O'rniga o'tirar ekan, oraliq yo'l qidirib hamxonasiga tikildi:
- Nima edi?
- Qaytishga shoshilmay, shu yoqlarda yana uch-to'rt yil ishlab, qo'yni-qo'nji to'lib kelsa, sizgayam, o'zigayam yaxshi bo'larmidi deyman-da! Hozir kelganida nima qiladi? O'zingizdek oylikchi bo'lib, tiyin sanab yuradimi?
Ahmadali, ayniqsa, keyingi biror yil ichida bu mazmundagi maslahatlarni ko'p eshitdi. Chet elda o'qiyotgan - o'g'li, uni ko'zlari to'rt bo'lib kutayotgan - o'zi, boshqalarning nima ishlari bor bunga?! Qolaversa, bu akasi-ku, "Qani, nima derkin?" qabilida o'smoqchilab turibdi. Eng beg'araz maslahatgo'ylari ham, aslini olganda, juda-juda xom o'ylaydilar! Xudoga shukr, o'g'li uch yil mustaqil O'zbekiston davlatining hibzi-himoyasida hech nimaga zoriqmay ham bilim oldi, ham dunyo ko'rdi! Ertaga o'z kunini o'zi ko'rib, begona mamlakatda yolg'iz taqdir bilan yuzma-yuz bo'lib yashay boshlasin-chi! Begona yurtda panohsiz va himoyasiz yashashning o'zi bo'ladimi?! Eng muhimi - o'g'li yurtga qaytib, nafaqat ota-onasi, butun O'zbekiston davlatining umidini ushatish o'rniga nega endi pul topish ko'yiga tushib ketishi kerak?! Chet elga borib ishlab, yemay-ichmay - rizqidan qiyib, o'zini tomoqdan qisib, bir yilda yigirma-o'ttiz ming dollar yig'ib kelayotgan "tadbirkor", mayli, bilganini qilsin, qandini ursin, topgani haloli bo'lsin, lekin uning o'g'li artist bo'lmaganidek, bunaqangi tadbirkor ham bo'lmoqchi emas! Akasiga sir boy bermay gapni qisqa qildi:
- Maslahatlari uchun tashakkur, akaginam! Har kallada har xayol!
Yaxshiyamki, shu payt kotiba qiz eshik ochib bosh suqdi:
- Ahmadali aka, sizni Xudoyorov chaqirvottila!
U odatdagidek ko'zoynagi, yon daftari bilan qalamini qo'lida tutib boshlig'ining oldiga kirib bordi. Direktor salomiga alik olib:
- Keling, uka! - deya joy ko'rsatdi. Keyin sinovchan tikildi: - Kecha akademiyamizning umumiy yig'ilishida ko'rinmadingizmi?
Ahmadali xijolat bo'ldi:
- Bunday yig'ilishlarda asosan rahbarlarga taalluqli gaplar bo'ladi deb… zarur bir ishim bor edi. - Azbaroyi uzr ma'nosida aytilgan gaplaridan kutilmaganda butunlay teskari ma'no chiqib qolgandek tuyuldi. - Falsafaga, ayniqsa, mantiqqa taalluqli biron gap bo'ldimi yo?
Hamidulla Xudoyorov o'rindiqda yastanibroq o'tirib, yovqur qarash qildi:
- Bo'lmadi-da! Holbuki bo'lishi kerak edi! Siz ham endi, uka, "faqir - panada" deb o'zingizni chetga tortavermay, maydonning o'rtarog'iga dadilroq tushing, xo'pmi? - Da'vat Ahmadaliga nash'a qildi. Nima, mashhur masaldagi bu oqqush, "Qisqichbaqadek aravani yerga emas, yo suvga, yo osmonga tort!" demoqchimi? Umuman, ko'rsatmami, maslahatmi, tanbehmi bu? Nima deyishini bilmay jimgina turgan edi, Xudoyorov davom etdi: - Endi gap shu, uka! Men ertaga biror hafta Xorazmga, keyin Qashqadaryoga ketyapman. Shungacha siz… ertaga Shermuhammad Otaboyevichning oldiga boring-da, u kishining maslahatlarini oling! Keyin men kelganimda falsafa, ayniqsa, mantiq fanini rivojlantirish bo'yicha aniq takliflaringiz bilan oldimga kiring! Tushunarlimi? Shermuhammad Otaboyevichga mendan salom ayting!
- Xo'p bo'ladi, domla! - deya Ahmadali o'rnidan turdi. - Sizga oq yo'l! Safaringiz bexatar bo'lsin!
- Rahmat! Darvoqe, yana bir gap: bilasiz, Shermuhammad Otaboyevich katta olim, qolaversa, hayotiy tajribasi bor! Siz bilan biz u kishining yoshiga yetamizmi-yo'qmi, buyog'ini xudo biladi. "Akajon, siz yaxshisiz!" deb tajriba o'rganishimiz kerak! Ma'qulmi?
- Ma'qul!
Hamidulla Xudoyorov uni eshik oldida to'xtatdi:
- Manovi qo'lyozmangiz…- Ahmadalining ko'zlari yarq etib ochildi. Nihoyat! Ikki hatlab ortiga qaytdi, lekin o'tirolmadi:
- O'qib chiqdingizmi, domla?!
- Ha!
- Fikringiz?..
Hamidulla Xudoyorov qo'lyozma solingan g'ilofni uzatdi:
- Ichida… - Shunday deya miyig'ida kuldi. - "Ichindagi ichindadur!"
- Rahmat-e, domla!..
U xonaga qisqichbaqadek sudralib emas, oqqushdek uchib kirdi go'yo. Hamidulla Xudoyorovning dastxatiga shosha-pisha ko'z yugurtirdi. Yashasin! Oddiygina fatvo yo oq yo'l emas, yigirma yil intilib-talpinib erishgan eng ulkan g'alabasi, olim sifatidagi haqqi-huquqining haqqoniy e'tirofi bu! Qirq sahifa risolasi qaydam, lekin bu uch jumla olamga tatiydi! Uch yildan buyon tuya go'shti yeb yotgan risolasi - ellik yoshida yozgan eng ixcham va eng baland falsafiy tadqiqoti, nihoyat, endi yorug'lik ko'radigan bo'ldi-ya! Bor ekansiz-ku, yorug'lik!..
Shrin orzulab o'tirgan edi, eshik oldida tanish qiyofa ko'rindi. Beixtiyor:
- Keling bitta! - deya xitob qildi. Bu citob talabalik yillarida qulog'iga o'rnashibqolgan: hammomning xodimlari bo'shagan o'ringa qarab yo'lakda navbat kutib o'tirgan mijozlarni odatda shunday chaqirardi: "keling bitta!", "Keling ikkita!", "Sleduyushiy!"
Chaqirilmagan mehmon citobdan ruhlanib:
- Keldik bitta! - deya tantanali javobmi-e'lon qildi-da, kirib quyuq ko'rishdi. O'qituvchilikdan - tadbirkorlikka o'tib, shu kecha-kunduzlarda yozuvchilikka ruju qo'ygan bu uchar korchalonni Ahmadali biror yildan buyon yaxshigina tanirdi. Bu odam bir yilcha avval uni qidirib keldi-da, oldiga to'rt yuz betlik qo'lyozma qo'ydi: "Panji Ganjiyev. Intiqom. Falsafiy roman". Qo'lyozmani varaqlab ko'rib, ensasi qotdi. Munosabatini yashirib o'tirmadi:
- Buningizning mantiqqa, umuman, falsafaga nima aloqasi bor? Yozuvchilar uyushmasiga oboravering-da! Romanni o'sha yerda ko'rishadi.
Oshanda o'zidan uch-to'rt yosh katta uchar oyoq tirab turib oldi:
- Mening ishim yozuvchilar bilan emas, siz bilan bitadi, ukaginam! Anov-manov narsa emas, falsafiy roman bu! Shundaq ko'rib, nashrga tavsiya etsangizlar bo'ldi, buyog'ini o'zim oplashtirib olaman!
O'shanda "Ha, mayli, ko'raylik-chi!" deya qiziqishi ustun kelib olib qoldi. O'qib chiqqach, rozi bo'lganiga ham, o'qish uchun ketgan vaqtiga ham afsuslandi. Xayf hafsala, xayf qog'oz! "Roman" deb yozilgan yana bir tuturuqsiz narsa! Tag'in "falsafiy roman" emish!
Oshanda o'zicha o'yladi: roman nima? Voqeanavislikmi? Jangnomami? Yilnomami? Ka-atta hikoyami? Roman yozuvchini kim qo'llaridan ushlab, nima to'xtata oladi? To'xtamasdan yozaveradigan odam yozuvchi bo'laveradimi? Nasrning janrlarini nima belgilaydi? O'n bet yozilsa - hikoya, yuz bet yozilsa - qissa, toqat bilan uch kilocha qog;oz qoralansa - roan bo'ladi-qoladimi?
Qo'lyozmani egasiga qaytara turib, o'smoqchiladi:
- Falsafaning ko'chasidan-ku, o'tmagan ekansiz, adabiyotning ko'chasidan o'tganmidingiz ilgari? "Hikoya", "qissa" deganlaridek?.. Yo biryo'la yozib qo'ya qoldingizmi?
Javob kutgandek bo'lib chiqdi:
- Maydalashib o'tiradimi! "Ho'kizni shoxidan ol" degan mashoyixlar!
Yana-da chuqurroq o'smoqchiladi:
- Yozishdan murod zo'rlab o'qitishmi yo?.. Xo'sh, o'zingiz kimning qanday falsafiy romanlarini o'qigansiz? Deylik, Tomas Manning "Doktor Faustus"i, Tolstoy, Dostoyevskiy. Tagor romanlari?..
O'smoqchilash chuqurlashgani sayin javob ham balandlashaverdi:
- O'qib ovora bo'lish kimga kerak! Men tug'ma faylasufman, uka! Yozganimni ko'rdingizmi, g'ij-g'ij aql!
U yozong'ichni pastroqqa tushirib olishdan umidini uzib, aqalli insofga keltirishga o'zicha urinib ko'rdi:
- Xo'p, mayli, aqlli ekansiz! Shu aqlingiz bilan aqalli nomini o'ylab ko'ring! Intiqom dunyosi emas, imtihon dunyodi bu! Balki "Imtihon dunyosi" desangiz falsafiyroq nom bo'larmidi!..
Oshanda "Yaxshi, o'ylab ko'raman!" deb ketdi. Mana, endi, bir yildan keyin nimani o'yladi ekan?..
Panji Ganjiyev yoniga bamaylixotir yastanib, diplomatini ochdi:
- Mana, do'stim, siz aytganingizdek "Imtihon dunyosi" bo'ldi. Manovi - siz ko'rgan birinchi kitob, kiddiy qayta ishlandi! Manovi - yangi, ikkinchi kitob! Uchinchi kitobi oqqa ko'chirilyapti, to'rtinchi kitobi yozilyapti, beshinchi kitobi endi yoziladi! Xullas, jami ikki ming betlik, besh kitobdan iborat falsafiy epopeya, zamonaviy xamsa, qo'ying-chi, "panj ganj" bo'ladi-da-e! Hozircha shu ikki kitobi - "du ganj"ni o'qib turing, xo'pmi, do'stim?!
Ahmadali Panji Ganjiyevning gaplarini eshitib dod deb yuborayozdi. Faylasuflar kamdek, endi bu yozong'ichdan uni kim qutqaradi?! Yozubvhilar uyushmasidagi bevosita roman bilan ish ko'radigan yozuvchiyu olimlarning toqatlariga balli-ey! Bir marta o'qishga yaramaydigan pala-partish qoralamalarniyam qanday qilib qayta-qayta o'qir ekan-a? O'qilgan to'rt yuz betni o'qimagan to'rt yuz betga qo'shib qayta o'qishning o'zi bo'ladimi endi! Buyoqda yana bir ming ikki yuz betni peshma-pesh olib kelsa! "Bir so'm berib boshlatib, ming so'm berib to'xtatolmadim" deganlari shu-da! Qayoqdanam avvalgi suhbatda ko'ngilchanglikka borib umid uyg'otadigan gap qilgan ekanman!
Tavallo qilib yolvormasin, baribir, Panji Ganjiyev qo'lyozmasini tashlab ketdi. "Mutafakkir yozuvchi"ni kuzatib qo'yib, tag'in chekar ekan, o'zicha o'yladi: yozuvchi - falsafadan, faylasuf - adabiyotdan ming farsah yiroq bo'lgach, chinakam falsafiy roman osmondan tushadimi! Chinakam falsafiy roman yo'q bo'lganidan keyin, na falsafa, na adabiyotning ko'chasidan o'tmagan manavinaqa yozong'ichlar falsafiy romanga da'vogar bo'lib chiqaveradi-da! Voy o'qimagan-ey! Falsafiy romanni yaratish oson ekanmi?! Oson bo'lsa, Cho'lponning "Kecha va kunduz"I chala qolmasdi, Bulgakov "Usta va margarita"ni yigirma yil yozmasdi, G'afur G'ulom "Shum bola"dan keyin "Qo'rqinchli Tehron"ning tarjimasi bilan kifoyalanmasdi.
Kiroyi falsafiy romangaki, shunday jiddiy tayyorgarlik kerak ekan, falsafiy doston yaratish! Eh-he, bu ish oson bo'lsa, "Mantiq ut tayr"ni o'qishdan "Lison ut tayr"ni yozishga qadarlik roppa-rosa ellik yil - yarim asrlik jiddiy tayyorgarlik hazrat Navoiyga nega kerak edi?!
U joyiga kirib o'tirdi-da Hamidulla Xudoyorovning uch jumla "fatvo"sini tag'in qo'liga oldi. Ana mantig'u mana mantiq! Uch jumlaga jumla jahon sig'dirilgan ! Har bir so'z bulbuldek sayrab turibdi! Shunaqangi o'rni-o'rniga qo'yilgan, zimmasiga shunaqangi teran ma'nolar yuklanganki, aqalli birontasini o'rnidan qo'zg'atib ko'ring-chi! Mana bu boshqa gap! Mana bu chinakam mutafakkirning qilichdan o'tkirroq o'zbekona so'zi!..
Buyuk mutafakkirimizdan biri "Bedil o'qir edim, chiqdi oftob" deb yozganidek, Ahmadalining ko'zlari tag'in charaqlab-chaqnab ketdi: eshik oldida Hakimali akasi turibdi! Ko'zlariga ishonmay qoldi. Qayoqdan oftob chiqdi?! Uch hatlab borib akasiga qulochini yozdi. Quchoqlashib ko'rishar ekan, yuragi to'liqdi, yig'agisi keldi:
- Sizni qanday shamol uchirdi, akam! Yakka-yolg'iz akajonim! Ko'radigan kun ham bor ekan-ku! Xorijdan kelgan jigarim!..
Bir payt qarasa, akasining ortida Orifali ukasi musichadek mung'ayib turibdi. Demak, tushunarli! Faqat bir jihati noaniq, avval-boshda akasi unga ko'zi uchib, sog'inib keldimi, yo ukasi yetaklab? Bir necha yildan buyon ko'rishmagan akasiga qayta tikildi: Alpomishdek odam, qaribdi, ko'zlari kirtayib, qaddi bukchayib turibdi. Sochlari ham oqara boshlabdi. Ota kasbini sadoqat bilan dabom ettirib, umrini o'rta maktabda o'qituvchilik bilan o'tkazgach, boshqacha bo'lishi mumkinmi?!. O'zi-chi, o'zi?! O'zttiz yilcha avval shu dargohga kelganida yerga ursa ko'kka sapchiydigan bo'z yigit - asov tulpor edi! Shu topda o'zi ham, kim biladi, akasining ko'ziga qanday ko'rinyapti ekan?... Ha, jiddiyroq o'ylab qarasa, uni ukalari, izdoshlari - shu dargohning eshmat-toshmatlari qaritdi!..
Dastlabki hol-ahvol so'rashuvlardanoq ma'lum bo'ldiki, akasi nafaqat qaribdi, balki anchagina betob ham ekan! Shifoxonada yotib davolangani kelibdi. Kuni ertaga yotishga hamma ko'riklardan o'tib, hujjatlarni shaylab, yarim kun bo'sh bo'lgani uchun bir ukasiga aytib, mana, endi ikkinchi ukasi bilan diydorlashib turgan ekan! Demak, ukasi Turkistonga borib, atayin boshlab kelmagan, o'zi davolanish oldidan uni sog'inib, ko'rgani kelgan! Jigar-da, jigar! Bu olamda jigarbanddan boshqa kimga suyanasan kishi!..
Yuragi to'liqib xitob qildi:
- Ketdik, aka, uyga! Bi-ir yostiqqa yonboshlab diydorlashaylik!..
Uch og'a-ini bo'limni Toshmat akasiga qoldirib tashqariga chiqqach, maslahatlasha-maslahatlasha bir to'xtamga keldilar: ukasi akasini uning uyiga oborib qo'yadi-da, qistalang ishiga o'tadi, ishdan keyin o'z yiga olib ketadi!
Uyga kelib nafas rostlagach , mehmonxonada ikkovlon qolgach, akasi unga yovqur qarash qildi:
- Bu qanday gap, uka?! Ikki yildan buyon Orifali qiz ko'ribdi, mashina olibdi, biron marta qadam bosib iningning uyiga bormabsan? Hatto o'zi kelsa, uyingga kiritmas emishsan! Buni qanday tushunish kerak, inim?!
Ahmadalining qoni qaynadi. Tag'in ikkilandi: akasi o'z oyog'I bilan uni sog'inib keldimi, yo ukasi ikki o'rtaga uni vositachi qilib olib keldimi?! Akasiga bo'g'ilib uqtirdi:
- E-e, aka, aka-e! tasavvur qilingki, siz Ko'kaldosh bilan kurash tushyapsiz! Atrofingizda to'qsonta emas, to'qqiz yuzta alp "Qani, nima bo'larkin?" deb ko'z tikib turibdi. Shunda men "Ko'kaldosh aka, bo'shashmang, Hakim akamning nozik joyi bu yerda" desam, shu yaxshimi?! "Xudo xayringni bergur, mengayam, raqibimgayam bo'lishmay, chetroqda tura turchi!" deysizmi-yo'qmi?!
Akasining ko'zlaridan o't chaqnadi:
- Dostondagi havoyi gaplarni qo'ya turib, hayotning o'ziga ko'zlaringni kattaroq ochib qarasang-chi, inim! Buni doston emas, hayot deydilar, ha-yot! Bu hayotda yot-yot, jigar-jigar! To'gon ko'pganda ham, shu shahri azimdagi ikki jigar bir-biriga esh emas, yov, bir-birining holidan bexabar! Odamga o'xshab yashashmi shu?! Eshitar qulog'u ko'rar ko'zga o'lim-ku bu! Ultontozdek o'gay bo'lmasa!
Ahmadali battar bo'g'ildi:
- Siz ham yongan yuragimga o't yoqmang, iltimos, aka! Siz bilmaysiz, bu shahri azimda uch-to'rt kun mehmon bo'lish - boshqa, uch-to'rt yil o'qish yana boshqa, lekin o'ttiz yil yashab, shuni ham bilmaysizki, aka, Turkistondan bu shahri azimga jiddiyroq bir faylasuf kelsa, ortidan qulog'iga qo'ng'iroq bo'lish niyatida sakkizta iskovich iti ham ergashib keladi! Men ukamni qo'shquloqlar qatorida ko'rishni mutlaqo istamayman, tamom-vassalom! O'rtada vakil bo'lib kelibsiz, mening shu gapimniyam unga yetkazib qo'ying! Kerak bo'lsa, sizga ham shu gapim gap, aka: iltimos, menga yordam bermasangiz bermang, faqat raqiblarimga yordam berib, meni kuydirmang! Shu oilamni jon qushidek asrab, aqalli bitta to'y ko'rib ulguray, mayli, undan keyin!..
Akasi shashtidan tushdi:
- Niyatni yaxshi qil, uka, hali bitta emas, ko'p to'ylar ko'rasan!..
Ahmadali akasini gapirgani qo'ymadi:
- Mening niyatim-ku, yaxshi-ya, qaniydi sizdek qo'sha-qo'sha to'ylar-u nevaralar ko'rib ulgursam! Mana, sizning nechta nevarangiz bor o'zi?!
- Yettita!
- Nechtasi o'g'il, nechtasi qiz?
Akasi ko'z oldida daf'atan bo'shashib, allanechuk cho'kib qoldi:
- Yettalasi qiz!O'shanga otamizning uyida "O'g'iloy" borligi uchun yaqinda yettinchi nabiramga "O'g'iljon" deb ot qo'ydim.
Akasining avzoyiga qarab va gaplarini eshitib, Ahmadali ham birdaniga shashtidan tushdi. Uning holiga achindi. Qattiq hayratga tushdi. O'zining betgachoparlik, dilozorlik qilganidan afsuslandi.
Akasini ukasining mashinasiga o'tqazib, erta-indin ukasi bilan shifoxonaga o'tib borishini aytib, xayrlashdi-da,, xonai xosida yolg'iz qolib, yana bir karra Haqqa sig'indi: "Noshukr bandangni o'zing kechir, Yaratgan Egam! Bir o'g'ilning yonida jannat eshigini ochg'uvchi uch qizni ato etganingga, ko'rsatgan shu kuningga shukr! Avvalo ko'rish baxtini berganingga, ko'zimni o'tmas, yuzlarini teskari, wqasd qilganlarni - past qilgaysan!
Eshik oldida kichkina qizi bo'y ko'rsatdi:
- Ada, telefonga, tez!
Ikki hatlab yo'lakka chiqdi-da, dastakni qulog'iga tutdi. Kutganidek, o'g'li! Ovozi biram tiniq, xuddi qo'shni xonadan qo'ng'iroq qilayotgandek:
- Ada, assalomu alaykum! Bu men - Akbaraliman! Chipta ham, nihoyat, qo'lga tegdi! Xudo xohlasa, ertaga ertalab yo'lga chiqamiz!
- Iloyo yo'ling - oq, safaring - bexatar bo'lsin, bolam! Iloyo omon-eson yuz ko'rishaylik! Biz to'rt ko'z tugal odatdagidek yo'llaringga ko'zimiz to'rt bo'lib kutib turamiz!
O'g'li bilan xayrlashib, xonasiga qaytib kirar ekan, o'zini qushdek yengil his qildi.
Ayvonga - Gavhar bilan qizlarining yoniga chiqishdan avval xonaki kiyimlarini kiyib, yuvinar ekan, o'zini ellik yildan buyon o'ylantirib keladigan bir juft savol ko'nglida tag'in uyg'ondi: "Odam bolasi bu yorug' olamda nima uchun yashaydi? Yashashning ma'nosi nima?" Va o'zicha bu savollarga, nazarida, eng to'g'ri javobni, nihoyat, topgandek bo'ldi: "Avvalo jamiki o'simliklar va jonivorlar qatori o'sish-unish uchun va yana… zamondan orqada qolmaslik, zamon bilan hamqadam, hamnafas, hamdam bo'lib, zamona zayliga ochiq ko'z bilan qarash uchun yashaydi! Otasi aytgan "odamga o'xshab yashash" mana shu!
Tamom. Sizga manzur bo'ldi degan umiddaman.